Buxoroda “Xavfsiz turizm” konsepsiyasi asosida ichki ishlar idoralarining yangi tizimdagi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Buxoro IIB Matbuot xizmati xabar berdi.
Bu ko‘hna shaharning betakror tarixiy obidalarini ko‘rish, aziz avliyolar, buyuk ajdodlarimiz mangu qo‘nim topgan muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish uchun xorijliklarning qadami uzilmaydi. Bu o‘z navbatida huquq tartibot, ayniqsa, ichki ishlar idoralari xodimlari zimmasiga ham katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki, tashrif buyurayotgan turli delegatsiya a’zolari va chet ellik mehmonlar xavfsizligini ta’minlash, ularga nisbatan turli xil ko‘ngilsiz hodisalar, huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishiga yo‘l qo‘ymaslik asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori hamda Ichki Ishlar Vazirligining buyrug‘i talablarini bajarish yuzasidan Buxoro viloyat hududida Xavfsiz turizmni ta’minlash maqsadida IIB tarkibiga kiruvchi 43 ta shtatdan iborat turizm yo‘nalishida xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi tashkil etildi.
Soha mutaxassislarining fikricha, ushbu tizimning joriy etilishi kelgusida sayyohlar xavfsizligini ta’minlash va ularning viloyatda sayyohat qilishlari chog‘ida qo‘shimcha shart-sharoitlarning yaratilishiga imkon yaratadi. Bundan tashqari, mazkur xujjatda chet el fuqarolari uchun xavfsiz muhitni yaratish vazifalari ham aniq qilib belgilangan. Bugungi kunda ana shu qaror ijrosini ta’minlashga qaratilgan konsepsiya ustida ham soha mutaxassilari ish olib bormoqda.
Ta’kidlash joizki, viloyat IIB boshlig‘ining buyrug‘iga binoan, o‘tkazilgan tanlovda birinchi navbatda xorijiy tillarni biladigan, yuqori malakali mutaxassislar, bundan tashqari, kasbiy tayyorgarlikka, yuksak ahloqiy va ma’naviy sifatlarga, xizmat vazifalarini bajarish bo‘yicha zaruriy tajribaga ega bo‘lgan xodimlar tanlab olindi.
“Shu boisdan ham, xorijliklar uchun bugungi zamon talblariga javob beradigan barcha qulayliklarni joriy etish hamda kelajakda ularning tashrifini yanada oshirish maqsadida xalqaro miqiyosida targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirishimiz lozim bo‘ladi”,- deydi boshqarma rahbari Erkin Safarov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, birgina Buxoro shahrida 2018 yilning oxiriga qadar, 10 ta zamonaviy mehmonhonalarni barpo etish, ulardagi o‘rinlar sonini 1210 taga yetkazish choralari ko‘rilmoqda.
Hozirda “Qalqon” yagona videokuzatuv markazi Buxoro shahari hududini o‘rnatilgan 60 ta kameralar orqali kuzatib kelayotgan bo‘lsa, kelgusida Buxoro shahriga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlarning xavfsizligini ta’minlash hamda “Xavfsiz turizm” dasturiy kompleks tizimini joriy qilish maqsadida ana shunday kameralar sonini yana 425 taga ko‘paytirish borasida chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Demak, joylarda 275 ta videokuzatuv moslamalari, 68 ta shaxs va avtotransport vositalarining davlat raqam belgilarini yaqqol ko‘rsatuvchi videokameralar, 4 ta issiqlikni aniqlovchi (teplovizor), 55 ta aloqa tashvish tugmalari, shuningdek, 27 ta chorrahalarda 85 ta yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlarini va avtomobil yo‘llarining 6 ta joylarida tezlikni aniqlaydigan videokameralar o‘rnatilishi belgilandi. Bu esa, o‘z o‘rnida sayyohlar gavjum bo‘ladigan joylarda nazoratni kuchaytirish imkonini beradi va ularning havfsizligini ta’minlaydi.
Bugungi kunda shaharning qaysi bir go‘shasida bo‘lmang, hududlarda hushyor va sergak posbonlar osoyishtalikni ta’minlash yo‘lida xizmat olib borayotganliklarining guvohi bo‘lasiz.
Buxoroda mavjud bo‘lgan barcha yodgorliklar, va ularni kurish uchun kelayotgan sayyohlar alohida nazoratga olingan.
O‘MI Matbuot xizmati
Do‘stingiz sizga ayblaringizni aytishi, siz esa hushyor tortib, o‘zingizni o‘nglab olishingiz naqadar go‘zal!
Shu sabab Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Ayblarimni ko‘rsatib qo‘ygan kishiga Alloh rahm qilsin”, degan edilar.
Ulug‘lardan biri aytadi: “Har gal ko‘rishganingizda sizdan bir ayb topadigan birodaringiz, har safargi uchrashuvda qo‘lingizga bitta tillo tanga qistirib qo‘yadigan birodardan ko‘ra yaxshiroqdir”.
Darhaqiqat, ayblaringizni ko‘rsatib qo‘yadigan kishi sizni hadya va mol-dunyoga ko‘mib tashlaydigan kishidan yaxshiroqdir.
Hotamul Asom aytadi: “Birodaringda birorta ayb ko‘rsang-u, uni berkitib, indamay qo‘yaverasang, shubhasiz, unga xiyonat qilibsan. Mabodo o‘zidan boshqaga aytadigan bo‘lsang, u holda g‘iybat qilibsan. Uning bu aybini yuziga solsang, do‘stligingni buzibsan. Shuning uchun ham unga yumshoqlik ila nasihat qil. Unga aybi nimada ekanini tushuntir. Biroq bu ishlarni odamlarning oldida qila ko‘rma!”.
Imom Shofe’iy aytadilar: “Birodariga maxfiy tarzda pand-nasihat qilgan kishi haqiqiy ma’noda nasihat qilibdi va uning obro‘sini saqlabdi. Kim birodariga oshkora (odamlarning oldida) nasihat qilsa, uni sharmanda qilibdi va obro‘sini to‘kibdi”.
Shoir aytadi:
Yolg‘iz paytim yomg‘ir ayla nasihating,
Olamonda aslo bunday qila ko‘rma!
Koyishdir ul jamoatda pand aytganing,
Quloq osmoqqa men hech rozi bo‘lmam!
Leonardo da Vinchi bunday degan: “Do‘stingga maxfiy holda tanbeh beravergin, biroq boshqalarning oldida uni maqtab qo‘y”.
Birodaringizning obro‘sini saqlang, zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Kim bir birodarining obro‘sini himoya qilsa, Alloh taolo qiyomat kuni o‘sha kishidan jahannam azobini daf qiladi” .
O‘z-o‘zidan ma’lum bo‘ladiki, do‘stingizdan ayrilmaslik uchun uning ba’zi kamchiliklarini kechirishingizga to‘g‘ri keladi.
Shoirlardan biri shunday degan edi:
Do‘stsiz yashamoqdan xavfsirab doim,
Yumib o‘taman kamu ko‘stiga ko‘zim.
Xolid ibn Safvondan “Birodarlaringiz orasida qay biri sizga mahbubroq?” – deb so‘rashganida, u kishi: “Qoqilishimni kechiradigan, kamchiliklarimni qabul qiladigan va xatolarimni berkitadigani”, deb javob bergan ekan.
Suqrot aytadi: “Do‘sting uchun o‘zingni qurbon qilishing juda ham oson, biroq bu qurbonlikka tom ma’noda haqli bo‘lgan do‘stni topish anchayin mashaqqatdir”.
Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.