Qiz bolaning kiyimi o‘ziga yarashib tursin. Nari borsa, barmog‘ida bitta nozik bandli uzuk va qulog‘ida kichik sirg‘a bo‘lsa, yetarli. Uzuk, bilaguzuk, bo‘yinga taqadigan turli munchoqlar kelinchaklar ziynati. Ularni uyda, qarindosh-urug‘lar to‘yida taqib olsa yarashadi. Ammo jamoat joyiga, o‘quv yurtlariga o‘ta uzun osilmachoq sirg‘alar taqib kelish, o‘ta yaltir-yultir buyumlarni soch va ko‘ylakka qadab yurish odobdan emas.
* * *
Farosatli qizlar kir yuvsa yoki biror og‘irroq ishga unnasa, ishini tugatib, tezda yuvinadi va kiyimlarini almashtirib, o‘ziga qarab oladi. Ovqat pishirganida, albatta, boshiga ro‘mol o‘raydi. Soch to‘kilishidan yoki yog‘ isi sochga o‘rnashib qolishidan o‘zini saqlaydi. Qizlarning uy kiyimlari oson yuviladigan, g‘ijim bo‘lmaydigan, eng asosiysi, qimmatbaho bo‘lmasa ham, chiroyini ochib, ish qilishiga halaqit bermaydigan bo‘lishi kerak.
* * *
Onamlarimiz tut pishib bolga to‘lganida to‘yib-to‘yib yeb olishardi-da, qolganini ezib, yuzlariga surishardi. Vaqti-vaqti bilan bodring, pomidor, olmani ham ezg‘ilab, yuzga surishardi. Yuzga qatiq yoki suzma surish ham momolardan qolgan yaxshi odat. Shunday qilinsa, rangga rang, tanaga tetiklik kiradi. Onam qiz va kelinlarga o‘sma, xina qo‘yib, orolanishni tez-tez uqtirardilar. O‘sma tarkibidagi tanin moddasi qosh va kipriklarga quvvat bo‘ladi. Sochi qazg‘oqli qizlar vaqti-vaqti bilan o‘smani ezib, soch ildizlariga surtib tursa, sochi baquvvat tortib, qazg‘oqdan asar ham qolmaydi.
* * *
Ayrim ayollar yosh ko‘rinamiz deb sochlarini kesadi, ranglarga bo‘yaydi, kipriklar ulab, qoshlariga mo‘ychinak tekkizadi, lekin baribir yillar asoratini berkitolmaydi. Ayrimlar esa, Yaratganning berganiga shukr qiladi, qosh-ko‘z borasida “yaratuvchanlik” qilmaydi. Kiyinishda, bezanishda oddiylikni tanlaydi. O‘sma, xina bilan orolanadi. Balki shuning uchun yosh va tetik ko‘rinar...
Umida ABDUAZIMOVA
#xabar #muftiy #juma
Bugun, 18 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari juma namozini Toshkent shahridagi "Yakkasaroy" jome masjidida ado qildilar.
Muftiy hazratlari jamoat namozidan oldin yig‘ilganlarga “O‘zganing haqqidan hazar qilaylik!” mavzusida manfaatli suhbat qilib berdilar.
Mav’izada bugungi kunda birovning molini noto‘g‘ri yo‘l bilan yeyish va o‘zganing xaqqiga xiyonat qilishdek og‘ir gunohlar, jumladan, qarzini qaytarmaslik, tarozidan urish, mualliflik huquqini poymol qilish, poraxo‘rlik, qimorbozlik, firibgarlik kabi illatlardan hazar qilish lozimligini qat’iy ta’kidladilar.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Qur’oni karimdagi: “Ey, imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz!...” (Niso surasi, 29) oyatini sharhlash asnosida Alloh taolo insoniyatni Yer yuzida halol rizq talab qilishga amr etgani, uning aksi bo‘lmish haromdan hazar qilishga buyurgani hamda halol va harom narsalarni ochiq bayon qilganini aytib o‘tdilar.
Suhbat yakunida Haq taolodan elu yurtimiz tinchlik-farovonligi va halol-pok molu davlat topish, nohaq-botil yo‘llar orqali keladigan mollardan asrashini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati