Savdo qilayotgan tijoratchi, ter to‘kib ishlayotgan dehqonu chorva boqayotgan cho‘pon, ilm maskanlarida mudarrislik qilayotgan ustoz yoki rahbar, xizmatchi xodimlaru chegaralardagi askarlar bo‘lsin, niyatiga qarab savob oladi. Hadisda: “Amallar niyatga bog‘liqdir”, deyilgan. Masalan, er-xotinning oilaviy vazifalarni bajarishida ham savob umidi bo‘lishi kerak.
Zayd Shomiy rahimahulloh: "Men har bir ishda, hatto ichmoq va yemoqda ham Allohning roziligi bo‘lishini istayman", degan. Demak, niyat xolis bo‘lsa, inson tirikchiligiga kuch va ozuqa istab, haloldan yeyishi, ichishi, hatto dam olishi ham ibodat bo‘ladi. Amalning ibodatga aylanishi uchun niyat xolis bo‘lishi lozim. Yahyo ibn Kasir rahimahulloh: "Niyating haqida ogoh bo‘l, chunki u amalingdan ko‘ra muhimdir", deydi. Yusuf ibn Asbot rahimahulloh esa: "Niyatni har xil buzg‘unchiliklardan tozalash mehnatkashlarning qattiq ishlashidan ham og‘irroqdir", degan.
Amal til bilan bajariladimi yoki jismoniy quvvat ketadimi, uning savobi bandaning xohish-istagiga qarab bo‘ladi. Shu bois niyatsiz ibodat odatdagi oddiy ishdan farqlanmay qolishi mumkin . Masalan, katta yoshdagilarni hurmatlash milliy qadriyatlarimizdan biri deydigan bo‘lsak, bu haqda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kattalarimizni hurmatlamagan va kichiklarimizga rahm-shafqat qilmagan kishi bizdan emas”, deganlar. Hadisga muvofiq yoshi ulug‘larga joy bergan, og‘irini yengillatgan yoki kichiklarga g‘amxo‘rlik qilgan kishi ham ajr oladi. Ibn Muborak rahimahulloh: "Kichik amal niyatga qarab (xolis Alloh uchun qilingan bo‘lsa) katta bo‘lur va katta amallar niyat sababli (riyo, ya’ni, o‘zini ko‘rsatish bo‘lsa) kichik qilinur (ya’ni, savobi bo‘lmas)", degan.
Hadisda: “Sen diningga ixlos qilsang, ozgina amal ham kifoyadir”, deyilgan. Ibn Ijlon rahimahulloh: "Alloh sendagi niyat va xohishning xolisligini baholaydi", degan. Demak, amal niyatning to‘g‘riligi bilan ibodat bo‘ladi, ixlosiga qarab, savobi ko‘payadi. Shu sababli insonning butun hayoti, har bir lahzasi, hatto uyqusi ham ibodatga aylanishi mumkin.
Tolib QODIROV
Bugun – chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov Diniy idoraga turli masalalarda kelgan fuqarolarni qabul qildi. Ularning masjidlar faoliyati, sohani rivojlantirish, moddiy yordam kabi masalalarida qilgan murojaatlari tinglandi.
Fuqarolar tomonidan bildirilgan taklif va so‘rovlar atroflicha o‘rganilib, Diniy idora vakolati doirasida tegishlilari bo‘yicha mas’ullarga tez fursatlarda hal etish yuzasidan topshiriqlar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati