G‘ayrat – sa’y-harakat, ishtiyoq, jo‘shqinlik; ish-harkatga bo‘lgan kuchli intilish, berilish hissi va yana biror ishga astoydil kirishish, biror ishni ishtiyoq bilan bajarish hissi ma’nolarida ishlatiladi.[1] G‘ayratli desa, biror ishga bor kuch-quvvati bilan harakat qiladigan, shijoatli kishi tushuniladi. Dinimizda g‘ayrat, shijoat singari sifatlar qadrlanadi va unga targ‘ib qilinadi. Xususan, buyuk Imom al-Buxoriy hazratlari ham bu sifatlar bilan sifatlanganlar va shu mavzuga doir bir necha hadislarni rivoyat qilganlar. Shulardan, u zot va Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda janobi Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytadilarki, “Albatta Alloh taolo bandalari ichida g‘ayratlisini yaxshi ko‘radi”. Ya’ni kimki har bir ishda, hoh u diniy bo‘lsin, hoh dunyoviy bo‘lsin g‘ayrat, shijoat qiladigan bo‘lsa, albatta, Alloh taoloning O‘zi uni yorlaqaydi va u maqsadiga yetishadi. Chunki sa’y-harakat bandadan uni barakasini berib, ziyoda qilish Allohdandir.
Anushervoni Odil o‘zining vaziri Buzurjmehrdan so‘radi: G‘ayrat, shijoat nima? Buzurjmehr unga: “Yurakning quvvati”, deb javob berdi. Anushervon yana undan: “Nega qo‘lning quvvati emas?” deb so‘radi. Buzurjmehr: “Agar yurakda quvvat bo‘lmasa, qo‘lda ham quvvat bo‘lmaydi. Qo‘l quvvati yurak quvvatiga bog‘liq”. deb javob berdi.
Darhaqiqat, inson yurakdan biror ishga g‘ayrat va shijoat bilan qo‘l urar ekan, albatta, u nafaqat ko‘zlagan maqsadiga, balki undanda yuksakroqqa, oliylikka yetadi. Bu borada Muhammad Javhar Zamindor shunday deydi, “Maqsadni qo‘lga kiritishda g‘ayrat ish beradi. Har kimda g‘ayrat bo‘lmasa, unda o‘zgalarga ibrat bo‘la olish qobiliyati bo‘lmaydi”.[2]
Haqiqatan, ko‘plab ana shunday g‘ayrat va shijoat egalari bizlarga doimo ibrat bo‘lib kelgan. Xususan, buyuk faqihlardan Imom Abu Yusuf hazratlari bunga namunadir. U zotga ustozi Abu Hanifa rahmatullohu alayh aytadiki, “Sening zehning past edi, sening doimiyliging, g‘ayrating va shijoating bundan xalos etdi”.
Hamiyat ham g‘ayrat singari insonning yuksak fazilatlaridandir. Hamiyat or-nomusini, qadr-qimmatini pok saqlash tuyg‘usi; oriyat hisoblanadi.[3] Xalqimizda hamiyatli sifati o‘z g‘ururi, or-nomusi, o‘z oilasi va yurti uchun kurashadigan, uni osoyishta, pok saqlashga harakat qiladigan, vijdonli insonlar uchun ishlatiladi. Hamiyatli inson o‘z qadr-qimmati, oilasi va yurti sha’ni uchun qayg‘uradi. Or-nomusi, g‘ururi toptalishiga yo‘l qo‘ymaydi. Hamiyat sohiblari doimo insonlar orasida hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ladi. Bu haqda ulug‘ hakimlarimiz va shoirlarimiz o‘zlarining asarlarida to‘xtalganlar.
Hamiyat sohiblari izzatda bo‘lgay, doimo xurram.
Hamiyatsiz bo‘lsa har kim, kuni qolgay nadomatga!
Barxurdor ibn Mahmud.
Albatta, dinimizda ham hamiyatsizlik, oriyatsizlik va behayolik qattiq qoralanadi. Imom Buxoriy hazratlari ham rivoyat qilgan hadislarda ushbu sifatni qoralagan. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilgan hadislarining birida aytiladiki, “Qiyomat kunidagi odamlarning eng yomoni –behayoligi, hamiyatsizligi sababli nazardan chetda qoldirilgan odamdir”.
Hadisdan ko‘rinib turibdiki, qaysi bir kishini uyati, hamiyati va hayosi bo‘lmasa u nafaqat Allohning, balki boshqa insonlarning ham nazaridan chetda qoladi, insonlar undan yuz o‘giradi.
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, buyuk bobakalonimiz Imom Buxoriy hazratlari ham g‘ayrat va hamiyat kabi ulug‘ fazilatlar bilan sifatlanganlar. Ayniqsa, u zotning hadis jamlashdagi g‘ayrat va shijoatlari tahsinga sazovordir. U zot to‘g‘risida ko‘p ulamolarimiz maqtovlarni izhor qilishgan. Ulug‘ allomalardan Al-Muborakfuriy aytadiki, “Imom al-Buxoriy mashaqqatlarga chidamli, ishda tirishqoq bo‘lib, o‘z qo‘lidan keladigan yumushni birovga yuklashni xushlamas ekan”.[4]
Darhaqiqat, bobokalonimiz Imom Buxoriy asarlaridagi, qolaversa, u zotning siymosidagi g‘ayrat, shijoat, hamiyat, hayo singari sifatlar biz avlodlarga ibrat va namuna hisoblanadi.
Shavkatjon MADAMINOV,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
[1]O‘zbek tilining izohli lug‘ati. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent 2008.
[2]Mashriqzamin – hikmat bo‘stoni. H.Homidiy. “Sharq” nashriyoti. Toshkent 2008.
[3]O‘zbek tilining izohli lug‘ati. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent 2008.
[4]Imom al-Buxoriy barokati. Usmonxon Alimov. “Movarounnahr”. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti. Toshkent 2007.
"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi.
Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.
Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi.
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.
Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.
Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".
Homidjon domla ISHMATBЕKOV