Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2024   |   27 Jumadul soni, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:04
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2024, 27 Jumadul soni, 1446

Yuksak fazilatlar

22.12.2017   6905   4 min.
Yuksak fazilatlar

G‘ayrat – sa’y-harakat, ishtiyoq, jo‘shqinlik; ish-harkatga bo‘lgan kuchli intilish, berilish hissi va yana biror ishga astoydil kirishish, biror ishni ishtiyoq bilan bajarish hissi  ma’nolarida ishlatiladi.[1] G‘ayratli desa, biror ishga bor kuch-quvvati bilan harakat qiladigan, shijoatli kishi tushuniladi. Dinimizda g‘ayrat, shijoat singari sifatlar qadrlanadi va unga targ‘ib qilinadi.  Xususan, buyuk Imom al-Buxoriy hazratlari ham bu sifatlar bilan sifatlanganlar va shu mavzuga doir bir necha hadislarni rivoyat qilganlar. Shulardan, u zot va Imom Tabaroniy rivoyat qilgan hadisda janobi Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytadilarki, “Albatta Alloh taolo bandalari ichida g‘ayratlisini yaxshi ko‘radi”.  Ya’ni kimki har bir ishda, hoh u diniy bo‘lsin, hoh dunyoviy bo‘lsin g‘ayrat, shijoat qiladigan bo‘lsa, albatta, Alloh taoloning O‘zi uni yorlaqaydi va u maqsadiga yetishadi. Chunki sa’y-harakat bandadan uni barakasini berib, ziyoda qilish Allohdandir. 

Anushervoni Odil o‘zining vaziri Buzurjmehrdan so‘radi: G‘ayrat, shijoat nima? Buzurjmehr unga: “Yurakning quvvati”, deb javob berdi. Anushervon yana undan: “Nega qo‘lning quvvati emas?”  deb so‘radi.  Buzurjmehr: “Agar yurakda quvvat bo‘lmasa, qo‘lda ham quvvat bo‘lmaydi. Qo‘l quvvati yurak quvvatiga bog‘liq”. deb javob berdi.

Darhaqiqat, inson yurakdan biror ishga g‘ayrat va shijoat bilan qo‘l urar ekan, albatta, u nafaqat ko‘zlagan maqsadiga, balki undanda yuksakroqqa, oliylikka yetadi. Bu borada Muhammad Javhar Zamindor shunday deydi, “Maqsadni qo‘lga kiritishda g‘ayrat ish beradi. Har kimda g‘ayrat bo‘lmasa, unda o‘zgalarga ibrat bo‘la olish qobiliyati bo‘lmaydi”.[2]

Haqiqatan, ko‘plab ana shunday g‘ayrat va shijoat egalari bizlarga doimo ibrat  bo‘lib kelgan. Xususan, buyuk faqihlardan Imom Abu Yusuf hazratlari bunga namunadir. U zotga ustozi Abu Hanifa rahmatullohu alayh aytadiki, “Sening zehning past edi,  sening doimiyliging, g‘ayrating va shijoating bundan xalos etdi”.

Hamiyat ham g‘ayrat singari insonning yuksak fazilatlaridandir. Hamiyat or-nomusini, qadr-qimmatini pok saqlash tuyg‘usi; oriyat hisoblanadi.[3] Xalqimizda hamiyatli sifati o‘z g‘ururi, or-nomusi, o‘z oilasi va yurti uchun kurashadigan, uni osoyishta, pok saqlashga harakat qiladigan, vijdonli insonlar uchun ishlatiladi. Hamiyatli inson o‘z qadr-qimmati, oilasi va yurti sha’ni uchun qayg‘uradi. Or-nomusi, g‘ururi toptalishiga yo‘l qo‘ymaydi. Hamiyat sohiblari doimo insonlar orasida hurmat-e’tiborga sazovor bo‘ladi. Bu haqda ulug‘ hakimlarimiz va shoirlarimiz o‘zlarining asarlarida to‘xtalganlar.

Hamiyat sohiblari izzatda bo‘lgay, doimo xurram.

Hamiyatsiz bo‘lsa har kim, kuni qolgay nadomatga!

Barxurdor ibn Mahmud.

Albatta, dinimizda ham hamiyatsizlik, oriyatsizlik va behayolik qattiq qoralanadi. Imom Buxoriy hazratlari ham rivoyat qilgan hadislarda ushbu sifatni qoralagan. Rosululloh sollallohu alayhi vasallam marhamat qilgan hadislarining birida aytiladiki, “Qiyomat kunidagi odamlarning eng yomoni –behayoligi, hamiyatsizligi sababli nazardan chetda qoldirilgan odamdir”.

Hadisdan ko‘rinib turibdiki, qaysi bir kishini uyati, hamiyati va hayosi bo‘lmasa u nafaqat Allohning, balki boshqa insonlarning ham nazaridan chetda qoladi, insonlar undan yuz o‘giradi.

Yuqorida aytib o‘tganimizdek, buyuk bobakalonimiz Imom Buxoriy hazratlari ham g‘ayrat va hamiyat kabi ulug‘ fazilatlar bilan sifatlanganlar. Ayniqsa, u zotning hadis jamlashdagi g‘ayrat va shijoatlari tahsinga sazovordir. U zot to‘g‘risida  ko‘p ulamolarimiz maqtovlarni izhor qilishgan. Ulug‘ allomalardan Al-Muborakfuriy aytadiki, “Imom al-Buxoriy mashaqqatlarga chidamli, ishda tirishqoq bo‘lib, o‘z qo‘lidan keladigan yumushni birovga yuklashni xushlamas ekan”.[4]

Darhaqiqat, bobokalonimiz Imom Buxoriy asarlaridagi, qolaversa, u zotning siymosidagi g‘ayrat, shijoat, hamiyat, hayo singari sifatlar biz avlodlarga ibrat va namuna hisoblanadi.

 

Shavkatjon MADAMINOV,

“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi

 

[1]O‘zbek tilining izohli lug‘ati. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent 2008.

[2]Mashriqzamin – hikmat bo‘stoni. H.Homidiy. “Sharq” nashriyoti. Toshkent 2008.

[3]O‘zbek tilining izohli lug‘ati. O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent 2008.

[4]Imom al-Buxoriy barokati. Usmonxon Alimov. “Movarounnahr”. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” davlat ilmiy nashriyoti. Toshkent 2007.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Otangizning ismi Rasululloh ﷺga ko‘rsatilishini istaysizmi?

26.12.2024   4570   1 min.
Otangizning ismi Rasululloh ﷺga ko‘rsatilishini istaysizmi?

Videolavhalar