frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Qur’on  oyatlari soni nechta?

22.12.2017   79936   3 min.
Qur’on  oyatlari soni nechta?

Qur’oni karim oyatlari Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga insonlarning ehtiyojlariga qarab Jabroil alayhissalom orqali ketma-ketlikda tushirilgan va bu ish yigirma uch yil davom etgan. Oyatlar tushishi Makkada boshlangan, Madinada oxiriga yetgan. Shu bois suralarning ayrimlari makkiy (Makka suralari), ayrimlari madaniy (Madina suralari) deyiladi.

Qur’oni karim suralari soni 114 ta.

“Sura” lug‘atda sharaf, maqom, binoning tepa qismi va tepalik ma’nolarini bildiradi. Tafsir ilmi istilohida “sura” deb Qur’oni karimning boshlanishi va tugashi ma’lum bo‘lgan bir yuz o‘n to‘rt katta-kichik mustaqil qismiga aytiladi.

“Oyat” lug‘atda alomat, ishora, ibrat, dalil va mo‘jiza kabi ma’nolarni ifodalaydi. Tafsir ilmi istilohida suralarning tugallangan ma’noga ega bo‘lagi “oyat”deyiladi.

Oyatlar vahiy bilan tushganidek, ularning joylashish tartibi ham vahiy bilan bildirilgan. Bular Payg‘ambar alayhissalomning shaxsiy fikrlari yoki ijtihod, ra’y va qiyoslari mahsuli emas. Sahobalardan naql qilinishicha, Jabroil alayhissalom biror oyatni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga olib tushganida, o‘rnini ham ko‘rsatar va Payg‘ambar alayhissalom vahiy kotiblariga: “Bu oyatlarni falon suraga qo‘y” yoki “Bu oyatni falon joyga yoz”, deb buyurar edilar.

Oyatlar sonini Basra olimlari 6204 ta, Makka olimlari 6219 ta, Kufa olimlari 6236 ta, Shom ulamolari 6225 ta ko‘rsatgan. Ba’zi olimlar bundan ham ko‘proq belgilashgan. Masalan, yurtdoshimiz Mahmud Zamaxshariy (vaf. 1149) “Al-Kashshof” tafsirida Qur’oni karimda 114 sura, 6666 oyat, 77439 so‘z va 325343 dona harf bor, deb yozgan.

Ko‘p tafsirchilar Kufa olimlari fikrini yoqlashadi. Qur’oni karimning bugun tarqatilayotgan nusxalarida ham oyatlar soni 6236 ta belgilangan.

Qur’on oyatlari sonini belgilashda fikrlar farqli bo‘lishiga qiroat olimlarining to‘xtash (vaqf) alomatini turli joyga qo‘yishgani sababdir. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobiylarga Qur’ondan ta’lim berayotib o‘qiganlarida oyat oxirida to‘xtash kerakligini bildiradigan darajada tin olardilar. Ma’no tugallanmagan bo‘lsa, goho keyingi oyatni ham qo‘shib o‘qirdilar. Tinglab o‘tirgan sahobiylardan ayrimlari Payg‘ambarimiz alayhissalom tin olgan joygacha bo‘lgan qismni bir oyat deb hisoblashsa, boshqalari ma’no tugallangunicha davom etgan qismni bir oyat deb bilishgan.

Ba’zi ulamolar e’tirof etishicha, Qur’oni karim jamlanib, kitob holiga keltirilayotganida bir-biridan ajratish maqsadida suralar boshlanishiga “Bismilloh” qo‘yilgan. Shu bois ular suralarning ilk oyati deyilmaydi. Ammo Naml surasida kelgani (30-oyat) aniq-ravshan oyat hisoblanadi.

Bundan tashqari, ayrim suralarning boshida kelgan harflar birikmasini Kufa olimlari alohida oyatlar deb aytishgan. Ularning fikricha, “ (Toha)”, “ (Yosin)”, “  (Homim)” alohida oyat hisoblanadi. Boshqa olimlar ularni oyat emas, suralarning boshlanishi deb bilishgan.

Demak, bu borada sanoqlar har xilligi olimlarning vaqf alomatini qo‘yish, oyatlarni ajratish tutumlari turlicha bo‘lganidandir.

 

Sodiq NOSIR 

Hidoyat jurnalidan

 

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi

27.08.2026   17198   1 min.
Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi

Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida diniy-ma’rifiy sohada samarali faoliyat yuritayotgan, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash va yoshlarni yot g‘oyalardan asrash yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan bir guruh soha xodimlari taqdirlandi.
 

Tadbirda Qumqo‘rg‘on tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Z.Eshqobilov ishtirok etib, yig‘ilganlarni qutlug‘ bayram bilan samimiy muborakbod etdi hamda ularning el-yurt osoyishtaligi va ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirishdagi xizmatlarini yuqori baholadi.


Marosimda fidoyi soha xodimlariga tuman hokimligining tashakkurnomalari va bayram esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Ma’naviy-ma’rifiy soha fidoyilari taqdirlandi
O'zbekiston yangiliklari