Abu Kabsha Anmoriy (roziyallohu anhu) aytadi:
«Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) marhamat qiladilar: «Dunyoga munosabatda kishilar to‘rt toifaga bo‘linadi:
– Alloh taolo mol va ilm bergan bandalar. Ular mollarini Allohdan qo‘rqib ishlatishsa, undan qarindoshlariga hadya berishsa va mollarida Alloh taoloning haqi borligini bilishsa, eng fazilatli maqomda bo‘lishadi.
– Alloh taolo ilm berib, mol bermagan bandalar. Niyatlarini to‘g‘ri qilib, molim bo‘lganida falonchiga o‘xshab (ezgu ishlarga) sarflardim, deyishsa, niyatlariga yarasha savobga ega bo‘lishadi. Bu ikki toifaning ajri tengdir.
– Alloh taolo mol berib ilm, bermagan bandalar. Agar ular mollarini o‘rinsiz sarflashsa, Alloh taolodan qo‘rqmay tasarruf qilishsa, undan qarindoshlariga hadya berishmasa, mollarida Alloh taoloning haqi borligini bilishmasa, eng past darajada bo‘lishadi.
– Alloh taolo ilm ham, mol ham bermagan bandalar. «Agar molim bo‘lsaydi, falonchidek (yomon – tarj.) yerlarga sarflardim, deyishsa, niyatlariga yarasha «taqdirlanishadi». Bu ikki toifaning gunohi tengdir» (Imom Termiziy).
Sharh: Hadisda kishi bilimsiz va faqir bo‘lsa ham, niyatiga qarab olim va badavlat kishilar bilan barobar savob yoki gunohga ega bo‘lishi mumkinligi aytilgan. Kambag‘al, ilmsiz mo‘minga boy va olim kabi ajr-savobga erishish yo‘li ko‘rsatilgan. Chunki «Mo‘minning niyati amalidan yaxshidir» (sahih hadis). Mo‘min aql bilan ish tutib, farzlarni to‘la-to‘kis ado etgach, himmat bilan xayrli ishlarga niyat qildimi, uni amalga oshirolmasa ham, havas qilgan kishilarining savobichalik savob oladi, inshaalloh. Hadis yaxshi ishlarda ilg‘or shaxslarga havas qilishni targ‘ib etyapti.
O‘zi kambag‘al va bilimsiz bo‘lib, «Pulim ko‘p bo‘lganida, falonchiga o‘xshab yashardim», deya faqat dunyo ketidan quvgan, din-diyonat, halol-harom bilan ishi bo‘lmagan kishilarga havas qiladiganlar ham bor. Bu holda, u bechora yo‘qchilik zahmatini tortishi bilan birga, o‘sha yomon kimsa bilan barobar gunoh orttiradi. Bunday orzudan qaytarilyapmiz.
Xulosa qilib aytganda, mo‘min birgina chiroyli niyat bilan olim va boy kishilarga teng savobga erishishi uchun, qurbi yetgan ezgu ishlarga parvosiz bo‘lmasligi kerak. Chunki faqat yaxshi niyatlar qilib, «ko‘nglim pok», deb yuraversa, imkoni bo‘laturib ezgu ishlar qilmasa, niyatning ham, ko‘ngilning ham xolis emasligini ko‘rsatadi. Kuchi yetadigan yaxshi amallarni qilmagan, qaytarilgan ishlardan saqlanmagan kishi niyatning o‘zi bilan savoblarga erishuvi qiyin.
Sodiq NOSIROV
tayyorladi.
بِسْمِ اللَّهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
عن جابر بن عبد الله رضي الله عنهما قال: قال رسول الله صلى الله عليه وسلم:
« المجالس بالأمانة إلا ثلاثة مجالس: سفك دم حرام، أو فرج حرام، أو اقتطاع مال بغير حق »
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar: “Majlislar omonatdir. Faqat uch majlis bundan mustasno: nohaq qon to‘kish, harom shahvoniy aloqa (zino) va nohaq molni tortib olish haqidagi majlislar” (Imom Abu Dovud rivoyati).
“Majlislar omonatdir”, ya’ni odamlar yig‘ilgan har qanday majlisda aytiladigan gaplar omonat hisoblanadi. Agar suhbatdoshlar ma’lum bir gapning sir saqlanishini istasalar yoki vaziyat shuni taqozo etsa, u holda u gapni boshqalarga tarqatish joiz emas.
Bunga quyidagilar kiradi: shaxsiy sirlar; oilaviy maslahatlar; ishxona yoki tashkilot yig‘ilishlari; davlat ishlariga oid maxfiy suhbatlar; faqat ishtirokchilarga tegishli bo‘lgan ma’lumotlar.
“Omonat” degani faqat mol-mulkni saqlash emas, balki sirni, ma’lumotlarni va eshitilgan gapni ham saqlashni o‘z ichiga oladi.
Nima uchun majlis omonat deb atalgan? Chunki odamlar bir-biriga ishonib, erkin maslahatlashishi va dardini aytishi uchun ularning gaplari tashqariga chiqmasligi zarur. Agar majlisda yoki biror yig‘inda qatnashgan kishi eshitganlarini boshqalarga tarqataversa, odamlar bir-biriga ishonmay qo‘yadi, g‘iybat va chaqimchilik ko‘payadi, munosabatlar buziladi, jamiyatda o‘zaro ishonch yo‘qoladi. Shu bois solih salaflar majlis sirini oshkor qilishni omonatga xiyonat deb hisoblashgan.
“Faqat uch majlis bundan mustasno...” ya’ni ba’zi hollarda sir saqlash mumkin emas. Agar bir kishi: “Men falonchini o‘ldirmoqchiman yoki unga zarar yetkazmoqchiman” desa va uning bu ishi jiddiy ekani ma’lum bo‘lsa, uni yashirish joiz emas. Balki qotillikning oldini olish uchun tegishli mas’ullarni yoki huquqni muzofaza qiluvchi tashkilotlar vakillarini ogohlantirish shart.
“Harom shahvoniy aloqa (zino)”. Agar bir kishi zino qilish yoki birovning nomusiga tajovuz qilish niyati borligini bildirsa, bu haqda ham sukut qilish mumkin emas. Bunday holda jabrlanuvchini yoki buning oldini oladigan mas’ul shaxslarni ogohlantirish lozim bo‘ladi.
“Nohaq molni tortib olish”. Agar kimdir o‘g‘rilik, firibgarlik qilishni, birovning haqini tortib olishni rejalashtirayotganini aytsa, bu sirni ham saqlab turish joiz emas. Chunki bu boshqalarning haqiga tajovuzdir.
Xo‘sh, shunday vaziyatga duch kelgan kishi qanday yo‘l tutishi lozim?
Avvalo, o‘sha odamga nasihat qilinadi va Allohdan qo‘rqishi eslatiladi. Agar u fikridan qaytmasa va xavf haqiqiy bo‘lsa, zararning oldini olish uchun tegishli shaxslarga xabar beriladi. Bu xabar berish faqat jinoyatni to‘xtatish bo‘lishi kerak, odamni sharmanda qilish yoki obro‘sini to‘kish emas.
Xulosa qilib aytganda, barcha hadislar kabi mazkur hadis ham mo‘min-musulmonlarga juda muhim axloqiy qoidani o‘rgatadi: majlisda eshitilgan gaplar omonat hisoblanadi va ularni egasining roziligisiz tarqatish aslo mumkin emas. Biroq agar bu sirni saqlash oqibatida insonning joniga, nomusiga yoki mol-mulkiga katta xavf tug‘ilsa, zararning oldini olish uchun shu haqda xabar berish ba’zi hollarda vojib bo‘ladi. Shu tariqa Islom ham omonatni saqlashni, ham odamlarning hayoti, nomusi va mol-mulkini muhofaza qilishni ta’minlaydi.
Manbalar asosida
T.NIZOM tayyorladi.