frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Faqirlarga ozor bermang, ularni Rasululloh suyganlar

20.12.2017   10521   4 min.
Faqirlarga ozor bermang, ularni Rasululloh suyganlar

Alloh azza va jalla aytadi: «Mo‘min va mo‘minalarga biron gunoh qilmaslaridan ozor beradigan kimsalar ham bo‘hton va ochiq gunohni o‘z ustlariga olibdilar» (Ahzob surasi, 58-oyat).

«O‘zingizga ergashgan mo‘minlar uchun qanotingizni past tuting (ya’ni, ularga xush xulq bilan kamtarona muomalada bo‘ling) (Shuaro surasi, 215-oyat).

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo: «Kim mening do‘stimga dushmanlik qilsa, haqiqatda Men u bilan jang qilishga kirishganimni bildirgan bo‘laman», dedi» (Imom Buxoriy). Boshqa bir rivoyatda: «Menga qarshi jangga kirishibdi», deyilgan.

Alloh taolo aytadi: «Siz o‘zingizni erta-yu kech Parvardigorlarining yuzini – roziligini istab, U zotga duo-iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting!» (Kahf surasi, 28-oyat).

Bu oyati karimaning nozil bo‘lish sababi quyidagichadir: Barcha payg‘ambarlar bilan ro‘y berganidek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ham dastlab faqir kishilar iymon keltirgan edilar. U zot Salmon, Suhayb, Bilol va Ammor ibn O‘sir roziyallohu anhumlarga o‘xshagan faqir kishilar bilan majlis qurib o‘tirar edilar. Dastlab faqirlar ergashishi payg‘ambarlik alomati ekanini eshitgan mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam atrofidagi faqir musulmonlarni haydatib yubormoqchi bo‘lishdi. Shu maqsadda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Ey Muhammad, atrofingdagi kambag‘allarni haydab yubor. Ular bilan birga o‘tirishdan biz jirkanamiz. Agar ularni haydab yuborsang, senga oliy nasab, oliy maqom kishilar iymon keltiradi», deyishdi. Bunga javoban Alloh taolo: «Ertayu kech Parvardigorining Yuzi – roziligini istab, Unga duo-iltijo qiladigan zotlarni atrofingizdan haydamang», oyatini tushirdi.

Faqir musulmonlarning haydalishidan umidlari uzilgan mushriklar u zotga: «Ey Muhammad, agar ularni haydamasang, unda bir kunni ularga, bir kunni bizlarga tayin qil», deb shart qo‘yishdi. Shunda Alloh taolo quyidagi oyati karimani nozil qildi: «Siz o‘zingizni ertayu kech Parvardigorining yuzini – roziligini istab, U zotga duo-iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting! Ko‘zlaringiz hayoti dunyo ziynatlarini ko‘zlab, ulardan o‘tib (o‘zga ahli dunyolarga boqmasin)! Va Biz qalbini Bizni zikr etishdan g‘ofil qilib qo‘ygan, havoyi-nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo‘lgan kimsalarga itoat etmang! Ayting: «(Bu Qur’on) Parvardigoringiz tomonidan (kelgan)Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi iymon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo‘lsin» (Kahf surasi, 28–29-oyatlar).

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqirlarni ulug‘lar, hurmat qilar edilar. U zot Madinaga hijrat qilganlarida, faqir sahobalari ham hijrat qildilar va masjid supasiga joylashib, dunyo tashvishlaridan uzildilar. Ularga «As'hobi-suffa» – supa egalari deb nom berishdi. Hijrat qilib kelgan faqirlar ular safiga qo‘shilar va ular kundan kunga ko‘payar edilar. Ular Alloh o‘z do‘stlari – avliyolariga hozirlagan ehsonga guvoh bo‘ldilar, unga iymon nuri ila boqdilar va borliqdagi biron narsaga dillari ketmadi. Aksincha, ular: «Sengagina ibodat qilamiz, Sen uchun bo‘ysunib sajda qilamiz, Sening yordamingda rushdu hidoyatga erishamiz, Senga tavakkul etib suyanamiz, Sening zikring ila huzurlanib shod bo‘lamiz, Sening muhabbating maydonida sayru sayohat qilamiz, Sen uchun amal qilib, harakat etamiz va Sening eshigingdan hargiz ketmaymiz», dedilar.

Faqirlik ikki xil – umumiy va xos bo‘ladi.

Umumiy faqirlik – Alloh taologa muhtojlik bo‘lib, u barcha maxluqotlarning sifatidir. Bu Alloh taoloning: «Ey insonlar, sizlar Allohga muhtojdirsizlar» (Fotir surasi, 15-oyat) oyati karimasining ma’nosidir.

Xos faqirlik – Allohning do‘stlari va suyuklilarining sifati bo‘lib, u Alloh azza va jalla bilan mashg‘ul bo‘lganligi, Unga qattiq berilganligi, Uning zikri ila ulfat bo‘lganligi sababli qo‘l va dilning dunyoga ehtiyoji yo‘qligidir.

 

«Gunoxi Kabiralar» kitobi asosida
Piskent tumani

«Mulla bo‘ta Qozi» jome masjidi imom-xatibi

Mirsobit VOXIDOV

tayyorladi.


 

 

 

 

http://fitrat.uz/allo-ning-dustlari-avliyolarga-ozor-berish/

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Surxondaryoda otinoyilar uchun seminar-trening o‘tkazildi

10.09.2026   33017   1 min.
Surxondaryoda otinoyilar uchun seminar-trening o‘tkazildi

Joriy yilning 7-8 sentyabr kunlari Surxondaryo viloyatining Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi majlislar zalida ikki kunlik o‘quv-seminari doirasida "Mafkuraviy xatarlarga qarshi kurashishda otinoyilarning o‘rni hamda mas’uliyati" mavzusida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Surxondaryo viloyati vakilining xotin-qizlar bo‘yicha o‘rinbosari, viloyat hokimligi mutasaddilari hamda diniy soxa xodimlari ishtirok etishdi. Ishtirokchilarga seminarning ahamiyati, "Aqida ilmining moxiyati va moturidiylik ta’limoti", "Yot oqimlar g‘oyalariga raddiyalar" - Imom Moturidiy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi I.Abduraxmonov, "Globallashuv asrida ayollarni g‘oyaviy taxdidlardan asrash" - Imom Moturidiy xalqaro ilmiy- tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Sh.Jo‘rayev hamda "Xotin-qizlar bilan ishlashda uslubiy tavsiyalar" - O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dots.nti D.Turdiyevalar mavzularida so‘z yuritdilar.

Seminar davomida bugungi kunda uchrayotgan mafkuraviy tahdidlar, ularning oldini olish, jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni shakllantirish, ayniqsa xotin-qizlar o‘rtasida ma’rifiy faoliyatni kuchaytirishda otinoyilarning o‘rni va mas’uliyati haqida atroflicha ma’lumotlar berildi.

Shuningdek, ishtirokchilar bilan ochiq muloqot tashkil etilib, mavzu yuzasidan fikr va takliflar muhokama qilindi hamda qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan javoblar berildi.

Seminar-trening o‘z ishini yakunladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari