Alloh azza va jalla aytadi: «Mo‘min va mo‘minalarga biron gunoh qilmaslaridan ozor beradigan kimsalar ham bo‘hton va ochiq gunohni o‘z ustlariga olibdilar» (Ahzob surasi, 58-oyat).
«O‘zingizga ergashgan mo‘minlar uchun qanotingizni past tuting (ya’ni, ularga xush xulq bilan kamtarona muomalada bo‘ling)!» (Shuaro surasi, 215-oyat).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: «Alloh taolo: «Kim mening do‘stimga dushmanlik qilsa, haqiqatda Men u bilan jang qilishga kirishganimni bildirgan bo‘laman», dedi» (Imom Buxoriy). Boshqa bir rivoyatda: «Menga qarshi jangga kirishibdi», deyilgan.
Alloh taolo aytadi: «Siz o‘zingizni erta-yu kech Parvardigorlarining yuzini – roziligini istab, U zotga duo-iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting!» (Kahf surasi, 28-oyat).
Bu oyati karimaning nozil bo‘lish sababi quyidagichadir: Barcha payg‘ambarlar bilan ro‘y berganidek, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga ham dastlab faqir kishilar iymon keltirgan edilar. U zot Salmon, Suhayb, Bilol va Ammor ibn O‘sir roziyallohu anhumlarga o‘xshagan faqir kishilar bilan majlis qurib o‘tirar edilar. Dastlab faqirlar ergashishi payg‘ambarlik alomati ekanini eshitgan mushriklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam atrofidagi faqir musulmonlarni haydatib yubormoqchi bo‘lishdi. Shu maqsadda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: «Ey Muhammad, atrofingdagi kambag‘allarni haydab yubor. Ular bilan birga o‘tirishdan biz jirkanamiz. Agar ularni haydab yuborsang, senga oliy nasab, oliy maqom kishilar iymon keltiradi», deyishdi. Bunga javoban Alloh taolo: «Ertayu kech Parvardigorining Yuzi – roziligini istab, Unga duo-iltijo qiladigan zotlarni atrofingizdan haydamang», oyatini tushirdi.
Faqir musulmonlarning haydalishidan umidlari uzilgan mushriklar u zotga: «Ey Muhammad, agar ularni haydamasang, unda bir kunni ularga, bir kunni bizlarga tayin qil», deb shart qo‘yishdi. Shunda Alloh taolo quyidagi oyati karimani nozil qildi: «Siz o‘zingizni ertayu kech Parvardigorining yuzini – roziligini istab, U zotga duo-iltijo qiladigan zotlar bilan birga tuting! Ko‘zlaringiz hayoti dunyo ziynatlarini ko‘zlab, ulardan o‘tib (o‘zga ahli dunyolarga boqmasin)! Va Biz qalbini Bizni zikr etishdan g‘ofil qilib qo‘ygan, havoyi-nafsiga ergashgan va qilar ishi isrofgarchilik bo‘lgan kimsalarga itoat etmang! Ayting: «(Bu Qur’on) Parvardigoringiz tomonidan (kelgan)Haqiqatdir. Bas, xohlagan kishi iymon keltirsin, xohlagan kimsa kofir bo‘lsin» (Kahf surasi, 28–29-oyatlar).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqirlarni ulug‘lar, hurmat qilar edilar. U zot Madinaga hijrat qilganlarida, faqir sahobalari ham hijrat qildilar va masjid supasiga joylashib, dunyo tashvishlaridan uzildilar. Ularga «As'hobi-suffa» – supa egalari deb nom berishdi. Hijrat qilib kelgan faqirlar ular safiga qo‘shilar va ular kundan kunga ko‘payar edilar. Ular Alloh o‘z do‘stlari – avliyolariga hozirlagan ehsonga guvoh bo‘ldilar, unga iymon nuri ila boqdilar va borliqdagi biron narsaga dillari ketmadi. Aksincha, ular: «Sengagina ibodat qilamiz, Sen uchun bo‘ysunib sajda qilamiz, Sening yordamingda rushdu hidoyatga erishamiz, Senga tavakkul etib suyanamiz, Sening zikring ila huzurlanib shod bo‘lamiz, Sening muhabbating maydonida sayru sayohat qilamiz, Sen uchun amal qilib, harakat etamiz va Sening eshigingdan hargiz ketmaymiz», dedilar.
Faqirlik ikki xil – umumiy va xos bo‘ladi.
Umumiy faqirlik – Alloh taologa muhtojlik bo‘lib, u barcha maxluqotlarning sifatidir. Bu Alloh taoloning: «Ey insonlar, sizlar Allohga muhtojdirsizlar» (Fotir surasi, 15-oyat) oyati karimasining ma’nosidir.
Xos faqirlik – Allohning do‘stlari va suyuklilarining sifati bo‘lib, u Alloh azza va jalla bilan mashg‘ul bo‘lganligi, Unga qattiq berilganligi, Uning zikri ila ulfat bo‘lganligi sababli qo‘l va dilning dunyoga ehtiyoji yo‘qligidir.
«Gunoxi Kabiralar» kitobi asosida
Piskent tumani
«Mulla bo‘ta Qozi» jome masjidi imom-xatibi
Mirsobit VOXIDOV
tayyorladi.
http://fitrat.uz/allo-ning-dustlari-avliyolarga-ozor-berish/
Inson xilqatan bir necha narsalarga mubtalodir. Aqli qusurli odam bu holni unutib, kibrlanadi. Inson mubtalo bo‘lgan narsalardan biri uning har kuni bir necha bor hojatga chiqishga majburligidir.
Dinimizda inson hayotining barcha holatlarining, jumladan, tahorat ushatishning ham odob va hukmlari bayon etilgan. Qanday joylarda tahorat ushatib bo‘lmaydi?
Qabriston, yo‘llarda, daraxtlar osti, hovuz, quduq, buloq, ariq va daryo qirg‘oqlari, tahorat olinadigan joyda; yer va devor yoriq-kovaklariga, jonivorlar inlari, shuningdek, shamolga qarab hojat chiqarib bo‘lmaydi.
Xalojoyga kirish va poklanish tartibi
Xalojoyga hojat tangligi kuchaymasidan avvalroq borish lozim. Xaloga oyat, hadis, Alloh taoloning va payg‘ambarlarning nomlari yozilgan narsalarni olib kirish mumkin emas. Ularni tashqarida qoldirish kerak. Xaloga boshyalang kirish makruh.
Xalo eshigiga yetgach, “Bismillah, Allohim, meni ifloslardan va ozor beruvchilardan asra”, deyiladi. Hojatxonaga chap oyoq bilan kirib, o‘ng oyoq bilan chiqiladi. Hojat joyiga yetmay, pastki kiyim yechilmaydi. Xaloda chap yelkani qibla tarafga qilib, avrat va iflos joylarga nazar qilmay, oyoqlar orasini keng tutib o‘tiriladi.
Hojatni tik turib, uzrsiz yalang‘ochlanib (yopiq joyda bo‘lsa ham), qiblaga yuzlanib yoki qiblaga orqa qilib chiqarish, yosh bolalarni ham mazkur holatlarda to‘sish tahrimiy makruhdir. Xaloda yozib-chizish, atrofga alanglash va badanni o‘ynash mumkin emas. Xaloda fiqh va o‘zga ilmlar haqida fikr yuritilmaydi, salomga va azonga javob qaytarilmaydi. Burun qoqilmaydi. Yo‘talmaslikka, tezroq bo‘shanishga harakat qilish zarur.
Hojat ushatilgach, erkaklar turmaslaridan, siydik yo‘lini orqadan uchiga qarab siqishlari kerak. Orqa yo‘l chap qo‘l bilan toza kesak, tosh, qiymati yo‘q eski latta yoki eski paxta yoki maxsus hojat qog‘ozi bilan artib tozalanadi.
Istibro nima va u qanday qilinadi?
Istibro – siydik yo‘lida bir tomchi ham qoldirmay tozalanish bo‘lib, erkaklar uchun vojib. Buning uchun kiyimni ko‘tarib hojat o‘rnidan turgach, peshob yo‘liga kesak tutib yurish yo silkinish yo yo‘talish kerak. Siydik yo‘lida hech narsa qolmaganiga to‘la ishonch hosil bo‘lgach, suv bilan tozalanishga o‘tiladi.
(Davomi keyingi sonda)
Muhammad SHARIF JUMAN
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 11-sonidan
http://hidoyatuz.taplink.ws