Go‘zal fazilatlardan biri boshqalar to‘g‘risida yomon gumondan saqlanishdir. Kishilar bir-birlariga nisbatan yaxshi o‘yda, ochiq yuzli bo‘lishlari lozim.
Alloh taolo marhamat qiladi: “Ey mo‘minlar! Ko‘p gumon(lar)dan chetlaninglar! Chunki ba’zi gumon(lar) gunohdir...” (Hujurot surasi, 12-oyat mazmuni).
Rasululloh (alayhissalom) bunday deganlar: “Yomon gumon xato xulosa va qarorlar chiqarishga sababdir”.
Birovdan ayb va nuqson qidirib, uni oshkor etish gunoh. Yomon gumon bilan yig‘ilgan ma’lumotlarni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) “Eng yolg‘on so‘z” deganlar.
Kishi doim Alloh taolodan yaxshilik umid qilib, Uning fazlini o‘ylashi kerak. Qudsiy hadisda: “Bandam men haqimda qanday o‘ylasa, Men unga shunday munosabatda bo‘laman”, deyilgan.
Mo‘min kishi boshqalarda yomon o‘y qoldiradigan ishlardan ham saqlanishi lozim. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) e’tikofda bo‘lganlarida huzurlariga Sofiya onamiz (roziyallohu anho) keladi. Rasululloh (alayhissalom) uni qorong‘i tunda kuzatishga chiqqanlarida, u yerdan o‘tib ketayotgan bir guruh sahobalar salom berishadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ularga Sofiya onamizni (roziyallohu anho) ko‘rsatib: “Bu xotinim Sofiyadur”, deydilar. Sahobalar hayratga tushib: “Ey Allohning rasuli, bizni siz haqingizda yomon o‘ylashdan Alloh saqlasin”, deyishganida u zot: “Shayton odamning qon tomirlarida yuruvchidir, kim ham uning vasvasidan omonda bo‘lishi mumkin”, deydilar.
Ko‘p fitna-fasod inson ichidagi yomon o‘y-xayollar asosida paydo bo‘ladi. Demak, doimo to‘g‘ri fikrda bo‘lish va yaxshi niyat qilish lozim. Shunda qalb xotirjam tortadi, ko‘ngilni iliqlik egallaydi va har ish, har holatdan odam yaxshi ibrat oladigan bo‘ladi.
Zokirjon SHARIFOV,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
مَنْ عَمِلَ صَالِحًا مِّن ذَكَرٍ أَوْ أُنثَىٰ وَهُوَ مُؤْمِنٌ فَلَنُحْيِيَنَّهُ حَيَاةً طَيِّبَةً
"Erkagu ayol, kim mo‘min holida yaxshi amal qilsa, Biz unga yaxshi hayot kechirtiramiz" (Nahl surasi, 97-oyat).
Sa’id ibn Jubayr aytadi: “Yaxshi hayot Alloh seni birovga muhtoj qilmasligidir”.
Go‘zal hikmat. Yana bir narsa "Yaxshi hayot degani kasal bo‘lmay, kambag‘al bo‘lmay yashash degani emas. Mansabdor, el og‘zidagi odam bo‘lish, degani ham emas. Balki Alloh bitganiga rozi bo‘lib yashashda yashiringan. Allohning taqdiriga norozi bo‘lish ziq, tang, xor hayotdir. Alloh har ishga rozilik ne’matini sizga berdimi, farovon kunda shukr qilib, qiyin kunda sabr qilib yashayapsizmi, demak, Alloh sizni yaxshi hayotga qo‘yibdi".
Sharqoviy. "Qur’ondan maktublar".