Yaxshi kasb-hunar o‘rganib, haloldan rizq topish - go‘zal fazilat. Alloh taolo barcha jonzotlar qatori insonning rizqini ham azalda belgilab qo‘ygan. Dinimiz ana shu rizqni halol-pok yo‘llar bilan topishga buyuradi.
Qur’oni karimda: «Ey, imon keltirganlar! Allohgagina ibodat qiluvchi bo‘lsangiz, sizlarga Biz rizq qilib bergan pokiza narsalardan yeb, Unga shukr qilingiz!» (Baqara, 171), deb marahamat qilinadi. Alloh taolo bu oyatda bizlarga faqat pokiza narsalardan yeb-ichishni buyurgan.
Afsus, ba’zilar nopok yo‘llardan rizq axtarishadi. Ana shu yo‘llardan biri poraxo‘rlikdir. Bu illat barcha xalqlarda qattiq qoralanadi.
Bu borada Moida surasining 42-oyatida bunday deyiladi: «(Ular) yolg‘on (to‘qish uchun Siz)ga quloq soladigan va suht (porani) yeydiganlardir...»
Olusiyning «Ruhul maoniy...» tafsirida aytilishicha, ushbu oyatdagi «suht»dan murod poradir. «Suht» so‘zi halokatga, azob-uqubatga yo‘liqtirmoq, tagi bilan yo‘q qilmoq ma’nolarini anglatuvchi «saht» so‘zidan kelib chiqqan. Keyinchalik har qanday nopok yo‘llar bilan topilgan daromadni «suht» deyish odat bo‘lgan. Arablar bu so‘zni qo‘llaydigan o‘rinlarda biz «nopok» so‘zini ishlatamiz. Ammo arab tili izohli lug‘atlarida «suht» so‘zi kishi oshkora aytishga or qiladigan daromadlarni ifodalaydi, deyiladi.
Hadislarda o‘limtikning puli, fahsh yo‘li bilan topilgan, qimordan yutib olingan pul ham suht deyilishi uchrasa-da, Qur’oni karimda bu so‘z mehnatsiz daromadga, xususan, poraga nisbatan qo‘llangan.
Abdulloh SHOKIROV,
«Iskandarxo‘ja»
jome masjidi imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Muhyiddin ibn Arabiy aytadilar: “Kimning qanday hojati bo‘lsa, shom namozining farz va sunnatini o‘qib bo‘lganidan keyin o‘rnidan turmasdan Fotiha surasini 40 marta o‘qisin. Shundan keyin, Allohdan hojatini so‘rasin, albatta so‘ragan narsasini beradi. Biz buni tajriba qilib ko‘rdik va foydasini topdik. Fotiha surasini o‘qib bo‘lganidan so‘ng ushbu duoni o‘qiydi: “Allohim! Sening ilmingni o‘zi Sendan so‘ramaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan O‘zing so‘rovimga kifoya qil. Sening karamingni o‘zi Senga so‘zlamaslikka kifoya. Fotiha surasining haqqi hurmatidan so‘zimga kifoya qil va qalbimdagi tilagimni hosil qil”.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV