Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Iyun, 2025   |   28 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:51
Peshin
12:31
Asr
17:41
Shom
20:03
Xufton
21:42
Bismillah
24 Iyun, 2025, 28 Zulhijja, 1446

Rasululloh bashariyatning ziyosi edilar

20.12.2017   7392   6 min.
Rasululloh bashariyatning ziyosi edilar

Hakim at-Termiziyning “Navodirul usul” kitobida shunday keltiriladi: “Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Madinaga kirib kelgan kunlari, undagi barcha narsalarni nurlantirib yubordilar. Vafot etgan kunlari undagi barcha narsalar zulmat ichra qoldi”. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olamlarni yorituvchi nur edilar.

“Ey payg‘ambar, darhaqiqat, Biz Sizni (qiyomatda barcha ummatlarga) guvoh bo‘luvchi, (jannat haqida) xushxabar beruvchi, va (do‘zax azobidan) ogohlantiruvchi etib yubordik. Allohning izni bilan Unga (diniga) da’vat qiluvchi, va (yo‘l ko‘rsatuvchi) nurli chiroq qilib ham” (Ahzob surasi 45-46-oyatlar).

Ul zoti bobarakotning nurlari ila butun olam yorishdi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir ko‘chadan o‘tsalar, ul zotdan muattar hid taralar edi. Shu ko‘chadan keyin yurgan odam, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shu makondan o‘tganlarini bilar edi. Ul zot o‘ta pokiza, hushbo‘y edilar. Alloh taolo o‘z habibini nasl-nasab va qarindoshchilik jihatidan pok saqlagan edi. Shuningdek, Nubuvvat musaffoligi ila tabarruk qilishidan oldin, ul zotni bolalik, o‘smirlik va o‘rta yoshlarga yetgan davrlarida ham gunoh ma’siyatlardan munazzah etgan edi. Ul zotning haybatlari, viqorlari, ulug‘vorliklari va pokliklari qalblar va dillarni egallagan edi.

Zaynab binti Jahsh roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga mahobat (ulug‘vorlik) berilgan edi”.

Abu Mas’uddan rivoyat qilinadi: “Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib, gapirdi. (Ul zotning mahobatlari oldida gapira olmay) qo‘rquvdan qaltiray boshladi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “O‘zingni bos! Men podshoh emasman, men Qadidni (go‘shtni quritilgan tilimchasi) yeydigan ayolning bolasiman”, – dedilar.

Hind ibn Abu Hola Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasflarida shanday dedi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ulug‘vor va mahobatli edilar. Yuzlari to‘lin oy kabi nur sochar edi”.

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhu: “Men uchun hech kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamchalik mahbub emas edi. Hech kim ko‘z o‘ngimda u zotdek ulug‘vor emas edi. U zotni o‘ta ulug‘laganimdan, u zotga ko‘zim to‘yib qaray olmas edim”,dedilar.

Bir kishi Makkaga tuyasini sotish uchun olib keldi. Uning tuyasini Abu Jahl sotib oldi, lekin pulini bermay cho‘zib yurdi. Qurayshning ulug‘lari yig‘iladigan majlis oldiga borib: “Ey Quraysh jamoasi, men musofir kishiman, Abul Hakam  haqqimni bermay meni ko‘p qiynayapti. Orangizda menga yordam beradigan biror kishi bormi?” – dedi. O‘sha vaqtda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ka’bani bir tarafida ibodat bilan mashg‘ul edilar. Majlis ahli: “Anavi o‘tirgan kishini ko‘rayapsanmi, uni oldiga bor, ichimizda faqat o‘sha kishigina senga yordam bera oladi”, – deb, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rsatdilar. Bu bilan ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni mas'hara qilishni qasd qilgan edilar.Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Abu Jahl o‘rtasidagi adovatni bilar edilar. Haligi kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kelib: “Ey Allohning bandasi, Abul Hakam ibn Hishom menga zo‘rlik qilib, haqqimni bermayapti. Men g‘arib kishiman, anavi o‘tirgan qavmdan menga yordam berishlarini so‘rasam, ular menga faqat sen yordam bera olishingni aytdilar. Undan meni haqqimni olib ber, Alloh senga rahm qilsin”, – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qani uning oldiga yurchi”, – deb u bilan birga Abu Jahlning uyiga qarab ketdilar. Buni kuzatib turgan Quraysh jamoasi oralaridan bir kishiga: “Ularning ketlaridan borib nima qilishlarini kuzatgin”, – dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam tuya egasi bilan Abu Jahlning uyiga borib, uning eshigini qoqdilar. Ichkaridan Abu Jahlning: “Kim bu?” – degan ovozi eshitildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Men Muhammadman, bu yoqqa chiq”, – dedilar. Abu Jahl ichkaridan qo‘rqib ketganidan rangi oqargan holda chiqib keldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bu kishining haqqini qaytarib ber”, – dedilar. Abu Jahl: “Ha, albatta, hoziroq uning haqqini qaytaraman”, – dedi-da, ichkariga kirib, uning haqqini olib chiqdi va tuya egasiga to‘la-to‘kis qaytarib berdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kishi o‘z haqqini to‘liq olgach, qaytdilar. Haligi kishi Quraysh yig‘iladigan majlisga borib: “Alloh uni yaxshilik ila mukofotlasin! Allohga qasamki, u haqqimni to‘liq undirib berdi”, – dedi. Qurayshliklar Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan Abu Jahl o‘rtasida bo‘lib o‘tgan voqeani bilib kelish uchun yuborgan kishi ham uning ortidan yetib keldi va ko‘rganlarini so‘zlab berdi.

Abu Nu’aym, Bayhaqiy, Is'hoq ibn Yasordan rivoyat qiladilar: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rukona ibn Abdu Yazidga: “Islomni qabul qil”, – dedilar. Rukona: “Agar sen aytayotgan narsa haq ekanini bilganimda edi,  uni qabul qilgan bo‘lardim”, – dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nima deysan, agar seni kurashda yengsam, men aytgan narsani haq deb bilasanmi?” – dedilar (Rukona Qurayshliklar orasida eng baquvvati va pahlavoni edi). Rukona: “Ha”, – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘rinlaridan turib, (uni ko‘z ochib yumguncha) yerga ag‘dardilar. Shunda Rukona: “Yana bir bor, ey Muhammad”, – deb aytdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni qayta ushlab, shu tobda yerga qulatdilar. Bu holatni ko‘rgan Rukona: “Bu sehrdir, men bunday sehrga o‘xshashini hech ham ko‘rmaganman. Allohga qasamki, sen yelkamni yerga qo‘ygan vaqtingda, hech narsa qila olmay qoldim”, – deb ketadi.

 

Avazxo‘ja BAXROMOV,

“Xolmuhammad ota” jome masjidi
imom-xatibi

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

23.06.2025   2172   3 min.
Alloh sizning xatolaringizni kechishini istasangiz

Afv – o‘ch olishga qodir bo‘la turib, toyilish va xatolardan o‘tib kechirib yuborish demakdir. Buning yana bir ma’nosi adovat va nafrat kabi illatlarni qalbdan ketkazish bo‘lib, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu borada: “Qiyomat kunida jarchi nido qilib: “Allohning zimmasida savobi borlar tursin va jannatga kirsin”, deyiladi, dedilar. Sahobalar: “Allohning zimmasida ajri borlar kimlar?” – deb so‘rashdi. Nabiy alayhissalom: “Odamlarni afv qilib yuboruvchilar” [1], deb javob berdilar.

Agarda siz ham Allohning zimmasida ajri borlar qatorida bo‘lishni istasangiz sizga yomonlik qilgan, sizning haqqingiz borasida xato qilgan kishining xato va kamchiliklarini kechirib yuboring. Axir Alloh taolo: «...Bas, kimki afv etib (o‘rtani) tuzatsa, bas, uning mukofoti Allohning zimmasidadir. Albatta, U zolim (tajovuzkor)larni sevmas»[2], deydi.

Sizga nisbatan xato qilgan kishilarga yumshoq munosabatda va sabrli bo‘lish, sizni ulushingizdan mahrum qilganlarga ham ziqnalik qilmaslik, siz bilan aloqani uzmoqchi bo‘lganlar bilan ham aloqani ushlab qolish, uzilganlarini tezlik bilan qayta yo‘lga qo‘yish – bularning bari qandayin axloq ekanini ko‘ringki, ular o‘z sohibini qiyomat kunida yuksak martaba va maqomlarga erishtiradi.

Rivoyatlarda kelishicha, bir a’robiyni tuhmat qilgani sababli sultonning huzuriga keltirishibdi. U yo‘l-yo‘lakay «Mana mening kitobimni o‘qinglar» degan oyati karimani tilovat qilib boribdi. Atrofdagilardan biri unga qarata: “Bu qiyomat kuni aytiladi, bugun emas”, debdi. A’robiy javob berib: “Xudo haqqi, bu kun qiyomat kunidan-da yomonroq. Chunki qiyomat kunida mening yomonliklarim bilan birga yaxshiliklarim ham ko‘rsatiladi va hisobga olinadi. Bugun mening yomonliklarimni e’tiborga olyapsizlar-u, yaxshiliklarimni inobatga olarmi­dingiz?!” – debdi.

Siz otasiz! Farzandingiz bir marotaba xatoga yo‘l qo‘ydimi, bunday vaziyatda uning barcha yaxshiliklarini unutib yubormang.

Mabodo do‘stingiz sizga nisbatan bir gal xato ish qilib qo‘ysa, siz u bilan birga yelkama-yelka turib o‘tkazgan yaxshi kunlaringiz va uning chiroyli do‘stligi va sadoqatini esdan chiqarmang.

Muhammad ibn Abu Bakr rahmatullohi alayh bunday dey­dilar: “Ey inson! Sen va Robbing o‘rtasida O‘zidan bosh­qasi bilmaydigan xato va kamchiliklaring bor. Alloh ularni kechirib yuborishini xohlaysan. Agar rostdan ham shu gunohlaring afv etilishi ishtiyoqida bo‘lsang, u holda U Zotning bandalaridan o‘tgan xatolarni kechir va afv et. Alloh sening xatolaringdan kechishini istasang, sen ham bandalarining xatolarini o‘tib yubor”.

 

Hasson Shamsiy Poshoning
“Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.

 


[1]  Imom Tabaroniy hasan sanad bilan rivoyat qilgan.
[2]  Shuro surasi, 40-oyat.