Bugun, 20 dekabr kuni O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan Respublika yoshlar ijodiyot saroyida “Mustahkam yosh oila – yurt tayanchi va kelajagi” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda elimiz ardog‘idagi taniqli insonlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan ushbu tadbirda, diniy idoraning Masjidlar bo‘limi mudiri Rahimberdi Rahmonov va Kotibiyat bo‘limi mudiri Ulug‘bek Sultonov ishtirok etdi.
Tadbirda oilaning barqarorligi, mustahkamligi va farovonligi jamiyat taraqqiyotining eng asosiy shartlaridan biri ekaniga urg‘u berildi. Bosh qomusimizning 63-moddasida: “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda jamiyat va davlat muhofazasida bo‘lish huquqiga ega”, deb belgilab qo‘yilgani ham jamiyatimizda oilaga bo‘lgan e’tiborning naqadar muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Shuningdek, davra suhbatida muborak dinimiz ta’limotida oila mustahkamligi, uning osoyishtaligi, er-xotin o‘rtasidagi munosabatlar, farzandlar tarbiyasi masalasiga doir bir qancha oyati karimalar va hadisi shariflarda zikr qilingani aytildi. O‘z navbatida, Islom dinida oilaga katta e’tibor berilib, uni qanday barpo qilish, oila a’zolarining huquqlari, ular o‘rtasida chiqadigan kelishmovchiliklarni muolaja qilish, umuman, oilaviy hayotning barcha masalalariga muborak manbaalarimizdan javob topish mumkinligi tushuntirildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi va O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi o‘rtasida hamkorlikda ma’naviy va ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish bo‘yicha memarondum imzolanishi ko‘zda tutilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.