O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti Donald Tramp o‘rtasida telefon orqali muloqot bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati bu haqda xabar berdi.
Kecha, 19 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan muloqotda ikki davlat rahbarlari ko‘p qirrali O‘zbekiston-Amerika hamkorligining bugungi holati va istiqbollarini muhokama qilganlari qayd etildi.
O‘zbekiston va AQSH rahbarlarining 2017 yil may oyida Ar-Riyod shahrida va sentyabrda Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari siyosat va xavfsizlik, savdo, investitsiya, moliya, texnologiyalar sohalarida va madaniy-gumanitar yo‘nalishdagi hamkorlik sezilarli darajada faollashishiga xizmat qilmoqda.
Davlatimiz rahbari Prezident Donald Trampga O‘zbekiston delegatsiyasining BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etish maqsadida AQSHga tashrifi chog‘ida uyushtirilgan samimiy qabul, shuningdek, AQSH-O‘zbekiston savdo palatasi tomonidan tashkil etilgan yirik biznes-forum ishtirokchilariga yo‘llagan tabrik so‘zi va ushbu anjumanni qo‘llab-quvvatlagani uchun chuqur minnatdorlik izhor etdi.
O‘z navbatida AQSH Prezidenti O‘zbekiston xalqiga chuqur hurmat-ehtiromini bildirib, uning mehnatkashligi tahsinga loyiq ekanini ta’kidladi. U mamlakatimizda amalga oshirilayotgan, demokratik va iqtisodiy islohotlarning yangi bosqichi, jumladan fuqarolik jamiyati asoslarini mustahkamlash, qonun ustuvorligini ta’minlash, iqtisodiyotni liberallashtirish va aholi farovonligini oshirishga qaratilgan aniq tadbirlarni yana bir bor qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.
Shuningdek, tomonlarni qiziqtirgan dolzarb xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlash, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish, xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizmga qarshi kurash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
AQSH Prezidenti O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirish va kooperatsiyani faollashtirishga qaratilgan, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladigan ochiq va konstruktiv tashqi siyosati va faol sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.
Davlat rahbarlari Afg‘onistonni iqtisodiy tiklashda uni xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlash muhimligini qayd etdilar. Shu ma’noda Afg‘oniston Prezidentining dekabr oyidagi O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida erishilgan muayyan loyihalarni amalga oshirish borasidagi kelishuvlarga yuksak baho berildi.
O‘zbekiston va AQSH Prezidentlari o‘zaro hurmat, ishonch va bir-birining manfaatlarini hisobga olish tamoyillari asosida ikki tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashga sodiqligini ta’kidladilar.
Ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishning istiqbolli rejalarini birgalikda ko‘rib chiqish maqsadida Prezident Donald Tramp mamlakatimiz rahbariga AQSHga rasmiy tashrif bilan borishni taklif etdi.
Suhbat yakunida ikki mamlakat rahbarlari bir-birini kirib kelayotgan 2018 yil bilan tabriklab, eng ezgu tilaklarni izhor qildilar.
Bir o‘tirib, yashab o‘tgan shuncha yillik hayotimizda boshdan kechirgan g‘am-g‘ussalarimiz haqida fikr yuritib ko‘rsak, qayg‘ular ikki xil ekanini ko‘ramiz:
Birinchisi – o‘sha paytda ko‘zimizga katta ko‘rinib, hatto yig‘lashimizga sabab bo‘lgan qayg‘ularimiz. Lekin vaqt o‘tishi bilan ular aslida oddiy narsa ekani, yig‘lashga arzimasligi ma’lum bo‘ladi. Ba’zan o‘sha kunlarni eslaganimizda kulgimiz kelib, «Shu arzimas narsa uchun ham siqilib, yig‘lab yurgan ekanmanmi? U paytlarda ancha yosh bo‘lgan ekanmiz-da», deb qo‘yamiz.
Ikkinchisi – haqiqatdan ham katta musibatlar. Ba’zilari hayotimizni zir titratgan. Bu qayg‘ular ham o‘tib ketadi, lekin o‘chmaydigan iz qoldirib ketadi. Bu izlar uzoq yillargacha qalbga og‘riq berib turaveradi. Bu qayg‘ular ba’zan to‘xtab, ba’zan harakatga kelib, yangilanib turadigan vulqonga o‘xshaydi. Bunday g‘am-qayg‘ularning yaxshi tarafi shundaki, ular hayotda ham, oxiratda ham yaxshiliklarning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Ular qalbimizda o‘chmas iz qoldirsa, har eslaganda ko‘zlarimizda yosh qalqisa, eng asosiysi – o‘shanda duoga qo‘l ochib, sabr bilan turib bera olsak, ko‘p-ko‘p yaxshiliklarga, ajr-savoblarga ega bo‘lamiz. G‘am-qayg‘u yangilanishi bilan yaxshiliklar ham yangilanib boraveradi.
G‘am-qayg‘usiz hayotni kutib yashayotgan qizga «Siz kutayotgan kun bu dunyoda hech qachon kelmaydi», deb aytish kerak.
Alloh taolo «Biz insonni mashaqqatda yaratdik», degan (Balad surasi, 4-oyat).
Bu hayot – g‘am-tashvishli, azob-uqubatli, mashaqqatli hayotdir. Mo‘min odam buni juda yaxshi tushunadi. Bu dunyoda qiynalsa, azob cheksa, oxiratda albatta xursand bo‘lishini biladi. Inson mukammal baxtni faqatgina oxiratda topadi. Shuning uchun ulug‘lardan biriga «Mo‘min qachon rohat topadi?» deb savol berishganda, «Ikkala oyog‘ini ham jannatga qo‘yganida», deb javob bergan ekan.
Allohning mehribonligini qarangki, oxirat haqida o‘ylab, unga tayyorgarlik ko‘rish hayotni go‘zal qiladi, qayg‘ularni kamaytirib, uning salbiy ta’sirini yengillatadi, qalbda rozilik va qanoatni ziyoda qiladi, dunyoda solih amallarni qilishga qo‘shimcha shijoat beradi, musibatga uchraganlarni bu g‘am-tashvishlar, azob-uqubatlar bir kun kelib, bu dunyoda bo‘lsin yoki oxiratda bo‘lsin, baribir yakun topishiga ishontiradi. Oxirat haqida o‘ylab, faqat solih amallar qilishga intilish insonni baxtli qiladi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Kimning g‘ami oxirat bo‘lsa, Alloh uning qalbiga qanoat solib qo‘yadi, uni xotirjam qilib qo‘yadi, dunyoning o‘zi unga xor bo‘lib kelaveradi. Kimning g‘ami dunyo bo‘lsa, Alloh uning dardini faqirlik qilib qo‘yadi, parishon qilib qo‘yadi, vaholanki dunyodan unga faqat taqdir qilingan narsagina keladi».
Alloh taolo faqat oxirat g‘ami bilan yashaydigan (oxirat haqida ko‘p qayg‘uradigan, har bir amalini oxirati uchun qiladigan) qizning qalbini dunyoning matohlaridan behojat qilib qo‘yadi. Qarabsizki, bu qiz har qanday holatda ham o‘zini baxtli his qiladi, hayotidan rozi bo‘lib yashaydi. Xotirjamlikda, osoyishtalikda, qanoatda yashagani uchun istamasa ham qo‘liga mol-dunyo kirib kelaveradi. Zero, Alloh taolo oxirat g‘amida yashaydigan, shu bilan birga, hayotiy sabablarni ham qilish uchun harakatdan to‘xtamagan kishining rizqini kesmaydi, uni ne’matlariga ko‘mib tashlaydi.
Ammo Alloh taolo bor g‘am-tashvishi dunyo bo‘lgan qizni faqirlar qatorida qilib qo‘yadi. Bunday qiz mol-dunyoga ko‘milib yashasa ham, o‘zini faqir, bechora his qilaveradi. Natijada dardi yangilanaveradi, dardiga dard qo‘shilaveradi, fikrlari tarqoq bo‘lib, iztirobga tushadi. Afsuski, shuncha yelib-yugurgani bilan faqat dunyoning ne’matlariga erisha oladi, oxiratda nasibasi bo‘lmaydi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.