Sa’d ibn Hishom ibn Omir (roziyallohu anhu) aytadi: “Oisha (roziyallohu anho)ning oldiga borib, “Ey mo‘minlar onasi, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xulqlari haqida gapirib bering”, dedim”. U: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning xulqi Qur’on edi”, dedi… (Imom Ahmad rivoyati).
Hadisda “xulqi Qur’on edi”, deb tarjima qilingan qismida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Qur’onda madh etilgan sifatlar bilan xulqlangani va qaytarilgan amallardan saqlangani ifodalanmoqda. Shuningdek, Qur’oni karimning hukmlariga rioya etish, uning had-chegaralarida to‘xtash, ma’nolari haqida o‘ylash va chiroyli tilovat qilish ham tushuniladi. Manbalarda keltirilishicha, “Qur’on”, so‘zidan Qur’oni karimdagi Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga maqtov aytilgan oyatlar iroda qilingan. Bunga: “Albatta, Siz buyuk xulq uzradirsiz!” (Qalam surasi, 4-oyat), “Ular savodsiz elchiga – ismi o‘zlaridagi Tavrot va Injilda yozilgan payg‘ambarga (Muhammadga) ergashadilar” (A’rof surasi, 157-oyat) kabi oyatlarni misol qilish mumkin. Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu) aytadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) insonlar orasida yuzlari eng chiroyli, xulqlari eng go‘zal zotdir” (Imom Musli rivoyati). Abu Hurayra (roziyallohu anhu) esa: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)dan chiroyliroq biror narsani ko‘rmadim. Go‘yoki quyosh u zotning yuzlaridan chiqadi”, degan. Ka’b ibn Molik (roziyallohu anhu) aytadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning yuzlari nur sochadi. Go‘yoki yuzlari oyning bir bo‘lagi”.
Sayyidimiz Muhammad (alayhissalom) go‘zal xulq sohibi, komil inson, barchaga namuna edilar. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “(Ey imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir” (Ahzob surasi, 21-oyat).
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) to‘g‘ri so‘z va omonotdor edilar. Payg‘ambarlik kelishidan oldin ham Quroyshliklar orasida “Sodiqul amin (to‘g‘ri so‘z, ishonchli inson)” nomi bilan mashhur edilar. Ular o‘zaro nizolashib qolishsa, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ni hakam etib tayinlashib: “U omonotdor, xiyonat qilmaydi”, deyishardi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ga payg‘ambarlik kelganidan keyin qilingan da’vatning birinchisi omonotdorlik bo‘ldi. Nabiy (alayhissalom) so‘z, amal, ibodat, a’zolarni gunohdan saqlash va va’dalarga xilof qilmaslik kabilarda omonotdorlikni talab qildilar. Shuningdek, Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) to‘g‘ri so‘zlikda ham namuna edilar. U zotdagi bu sifatni Alloh taolo bunday madh etadi: “Rostlikni keltirgan zot (Muhammad) va uni tasdiq etganlar (mo‘minlar) – aynan o‘shalar taqvoli zotlardir” (Zumar, 33).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) ahli-oilasiga yaxshilik qiluvchilarning ulug‘i edilar. U zot hadisda bunday deganlar: “Sizlarning yaxshilaringiz ahliga yaxshilik qiluvchilaringizdir. Men ahliga yaxshilik qiluvchiroqman” (Imom Termiziy rivoyati). Nabiy (alayhissalom) ahliga xushmuomalali, mehribon, edilar. Har ishda ularga yordam berib, lutf ko‘rsatardilar. Ayollari bilan hazil-mutoyiba ham qilardilar. Oisha (roziyallohu anho) onamizni “Ey Humayro”, deb chaqirardilar. Ba’zida esa “Ey ansorlarning qizi” yoki “Ey Oish” derdilar.
Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) bolalarni juda yaxshi ko‘rardilar. Ko‘chadan o‘tayotib bolalarga salom berar, ba’zida esa ular bilan o‘ynardilar. Namoz o‘qiyotganda bolalarning yig‘i ovozi eshitilsa, onasiga qiyin bo‘lmasligi uchun ibodatni tezroq yakunlashga harakat qilardilar. Nabiralari – Imom Hasan va Husayn (roziyallohu anhumo)larni muborak yelkalariga ko‘tarib olardilar. Bir kuni Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) ikki nabiralarini o‘pdilar. U zotning yonlarida Aqro ibn Hobis bor edi. U: “Mening o‘nta bolam bor. Lekin, ularni birortasini o‘pmaganman”, dedi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) unga qarab: “Kim Rahim qilmasa, unga ham rahim qilinmaydi”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).
Sarvari koinot bo‘lmish zot xodimlariga ham juda mehribon va tavozelik edilar. Hayotlari mobaynida birorta xodimlarini urmaganlar, hatto ularga ovozlarini ko‘tarmaganlar. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) aytadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam)ga o‘n yil xizmat qildim. Allohga qasamki, u zot biror marta uf demaganlar. “Nima uchun bunday qilding”, “Bunday qilsang bo‘lmasmidi”, deb aytmaganlar” (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati). Alloh taolo tavozeli bo‘lishga va kibr qilmaslikka buyuradi: “Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat). Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Tavoze bandani darajasini ziyoda qiladi. Shuning uchun, tavozeli bo‘linglar! Alloh taolo darjangizni ko‘taradi”, dedilar (Kanzul ummol).
Olamlarga rahmat bo‘lgan payg‘ambarimiz (alayhissalom) dunyoda eng zohid va qanoatli inson edilar. Vaholanki, Alloh taolo Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga dunyodagi barcha narsalarni ixtiyorini bergan edi. Lekin, u zot oxirat hayotini tanladilar. Butun hayotlari mobaynida, ochlikni ketkazish uchungina xurmo va arpa tanovul qilib, suv ichardilar. Har tun och holda uxlardilar. Ochlik hissining kuchli ekanidan qorinlariga tosh bog‘lab yurardilar. Ortiqcha bir dirham pul bilan tun o‘tkazmasdilar. Yonlarida ehtiyojdan ortiqcha narsa bo‘lsa, uni muhtoj odamga bermaguncha uyga kirmasdilar. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Biror narsani (muhtojlarga xolis) ehson qilsangiz, bas, (Alloh) uning o‘rnini to‘ldirur. U rizqlantiruvchilarning yaxshisidir” (Saba’ surasi, 39-oyat).
Oisha (roziyallohu anhi)dan rivoyat qilinadi: “Nabiy (sollallohu alayhi va sallam) tunda turib, ibodat qilardilar hatto oyoqlari yorilib ketardi. “Yo Rasululloh, nima uchun bunday qilasiz? Alloh taolo sizning avvalgiyu, keyingi gunohlaringizni kechirgan-ku”, desam. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Shukr qiluvchi banda bo‘lmaymi?” deydilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning sabrli va halim bo‘lishlari, afv etishda o‘rnakliklariga Alloh taoloning ilohiy buyrug‘i bor edi: “Afvni (qabul qilib) oling, yaxshilikka buyuring, johillardan esa yuz o‘giring!” (A’rof surasi, 199-oyat). Boshqa oyatda bunday marhamat qilinadi: “Bas, (ey Muhammad!) Siz ham matonatli payg‘ambarlar sabr qilganlaridek sabr qiling…” (Ahqof surasi, 35-oyat).
Manbalar asosida
Bahriddin JO‘RABЕK O‘G‘LI
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Internet, telefon va shu kabi boshqa jihozlarda harom narsalarni tomosha qilish.
Alloh taolo aytadi: «Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh bandalarning nima qilayotganidan xabardordir» (Nur surasi, 30-oyat).
Alloh taolo «Mana shu ular uchun poklikdir» deganida ko‘zni tiyish bilan mo‘minlarning hayoti yanada pokiza, yanada go‘zal bo‘lishini nazarda tutgan. Lekin banda ko‘zini tiymasa, buning aksi bo‘ladi.
Bu – qizlarda ko‘p uchraydigan holat. Kimki ko‘zini haromdan tiyib yashayotgan bo‘lsa, uning hayotda xotirjam, sokin, qanoatli ekanini ko‘rasiz. Lekin kim ko‘zining jilovini qo‘yib yuborgan bo‘lsa, tushkunlikda, hayotdan norozi bo‘lib yashayotganiga guvoh bo‘lasiz.
Demak, qiz bolaning xursand yoki tushkun kayfiyatda yashashi uning ko‘zlari nima bilan mashg‘ul ekaniga bog‘liq ekan. U ko‘zini tiymasdan, haromga nazar tashlagan paytda o‘zini ruhi singan, mahzun holda ko‘radi. Ko‘zini haromdan saqlagan paytlarda esa o‘zini baxtu saodat ichida topadi.
Bir qiz aytadi: «Internetda filmlar, qisqa videolar tomosha qilishni shunchaki ko‘ngilxushlik, xursandchilik deb hisoblardim. Ularni qiziqib tomosha qilardim, lekin ko‘rib bo‘lgach, sababi aniq bo‘lmagan mahzun holatga tushib qolardim. Nihoyat, bir kuni bu holatimning sababini topdim. Men ko‘nglimni yozish uchun ko‘rayotgan kinolarda behayo va ayanchli sahnalar ko‘p bo‘lardi. Mana shunday harom narsalarni tomosha qilish qayg‘uga botib qolishimga, mahzun holatga tushib qolishimga sabab bo‘lar ekan. Shundan keyin o‘zim bilan o‘zim kurasha boshladim. Yomon sahnalar ko‘rsatilgan paytda boshqa kanalga olib qo‘yadigan yoki kompyuterni o‘chirib qo‘yadigan bo‘ldim. Nafsimning xohishlariga qarshi turish ancha qiyin bo‘ldi, lekin Alloh harom qilgan narsalardan ko‘zimni saqlaganim uchun xursand bo‘lardim».
Ba’zi qizlar «Oyatdagi ko‘zni tiyish faqat erkaklarga xos buyruq, chunki ayolda erkakni fitnaga soladigan narsalar bor. Shuning uchun erkaklar ayollarga qaramay, ko‘zini tiyishi kerak. Erkak kishida esa ayolning his-tuyg‘ularini junbushga keltiradigan narsa yo‘q. Shuning uchun ayolning erkaklarga qarashida hech qanday muammo yo‘q», deyishadi.
Bu mutlaqo noto‘g‘ri. Ayol kishida erkakning his-tuyg‘ulariga ta’sir qiladigan jihatlar bo‘lganidek, erkaklarda ham ayollarning aqli va his-tuyg‘ularini uyg‘otadigan omillar bor.
Erkak kishi ayolning nozik, kelishgan qomatiga, husniga qarab, unga qiziqadi. Ayol kishini esa erkakning ko‘rkam jismi, boyligi, atirining xushbo‘y hidi, qat’iyati, jur’ati va boshqa o‘ziga xos jihatlar o‘ziga rom qiladi.
Ayollar ham, erkaklar ham nafaqat qarama-qarshi jinsga nazar solish, balki o‘zi kabi jins vakillarining ham avratiga qarash ham haromdir.
Demak, shariatimizda ayol kishi boshqa bir ayolning avratiga qarashdan, biror joyini ushlashdan qaytarilgan. Faqatgina tibbiy muolaja va shu kabi zarurat bo‘lganda shariat bunga ruxsat beradi.
Alloh taoloning oyatlariga ahamiyat beradigan bo‘lsak, U Zot barcha mo‘minlarga – erkagu ayollarga murojaat qilganida «Ey iymon keltirganlar!» deb xitob qiladi. Bu xitob iymon keltirgan har qanday erkak va ayolga tegishli bo‘ladi.
Buning yorqin misoli ushbu oyatdir:
«Ey iymon keltirganlar! Sizlardan avvalgilarga farz qilinganidek, sizlarga ham ro‘za farz qilindi. Shoyad taqvo qilsangiz» (Baqara surasi, 183-oyat.)
Bu oyatdagi xitob erkagu ayol mo‘minlarga qaratilgan, shuning uchun ro‘za tutish barchaga barobar farz qilingan. Buni quyidagi oyatda ham ko‘rishimiz mumkin:
«Ey iymon keltirganlar! Agar mo‘min bo‘lsangiz, Allohga taqvo qiling va riboning sarqitini ham tashlang» (Baqara surasi, 278-oyat).
Bu oyatda erkak ham, ayollar ham sudxo‘rlik qilmaslikka buyurilgan. Demak, Alloh taoloning Kitobidagi qoida shunday: «Ey iymon keltirganlar» degan xitob erkagu ayollarni ajratmaydi, barcha mo‘min va mo‘minalarga qaratilgan bo‘ladi. Alloh taolo mo‘minu mo‘minalarga biror narsani buyursa, ularga «Ey iymon keltirganlar», deb xitob qilgan. Lekin mo‘minlarga ko‘zni tiyishni buyurganida erkaklarni ham, ayollarni ham o‘z ichiga oladigan umumiy xitob bilan yuzlanmadi, balki erkaklarga alohida oyatda, mo‘minalarga keyingi oyatda buyurdi:
«Mo‘minlarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar. Mana shu ular uchun poklikdir. Alloh ularning nima qilayotganidan xabardordir. Mo‘minalarga ayting, ko‘zlarini tiysinlar, iffatlarini saqlasinlar, zohir ziynatlaridan boshqasini ko‘rsatmasinlar, ro‘mollari bilan ko‘kslarini to‘sib yursinlar...» (Nur surasi, 30-31-oyatlar).
Nima uchun Alloh taolo ko‘zni haromdan tiyishga buyurish uchun mo‘minalarga alohida oyat nozil qilmadi? Nima uchun erkaklar bilan ayollarga bitta oyatda birgalikda buyurmadi? Ehtimol, bundan maqsad – muslima ayol ko‘zni tiyish qanchalik muhim ekanini anglab yetishidir? Toki ayollar bu buyruq faqat erkaklarga qaratilgan, deb o‘ylab qolmasin. Chunki ayol kishi (qiz bola ham) begonalarning avratiga qarasa, hayoti barbod bo‘ladi, qalbi mahzunlikka to‘ladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deganlar.
Boshqa bir rivoyatda «Ko‘z ham zino qiladi. Ko‘zning zinosi – (nomahramga) qarashdir», deyilgan («Sahihul Buxoriy»).
Mana shu oyatga ko‘ra, kim ko‘zi bilan zino qilsa-yu, tavba qilmasa, Qiyomatda uqubatga duchor bo‘ladi. Uqubat jahannamdagi bir vodiy bo‘lib, u yerda zinokorlar azoblanadi. Kimki zinokorlar vodiysiga tushadigan bo‘lsa, uning uchun azob ko‘proq bo‘ladi, u yerda xor bo‘lib, abadiy qolib ketadi.
Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev tarjimasi.