Muqaddas dinimiz qanchalar ulug‘. Unda tinchlik namoyon bo‘ladi. Islom dini insoniyatni barcha sohada, jumladan ilm, axloq, iqtisod, madaniyat, ijtimoiy va siyosiy jabhada eng oliy darajaga olib chiqdi. Islom – tinchlik dini. U tinchlikni ustun qo‘yadi. Alloh taoloning go‘zal ismlaridan biri ham “Salom”, ya’ni, tinchlik baxsh etuvchidir. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “U shunday Allohdirki, Undan o‘zga iloh yo‘qdir. (U) Podshoh, (barcha ayb-nuqsonlardan) Pok, (bandalariga) tinchlik baxsh etuvchi, Omonlik beruvchidir...” (Hashr, 23).
Solihlarga beriladigan ulug‘ ne’matlardan biri “salom”dir. Ya’ni, tinchlik-omonlikdir. Toho surasining 47 oyatida bunday marhamat qilinadi: “Hidoyatga ergashganlarga salom (omonlik) bo‘lur”. Shuningdek, ular uchun oxiratda tinchlik diyori bor. Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Ular uchun Parvardigorlari huzurida tinchlik diyori (jannat) bordir” (An’om, 127).
Musulmonlar uchrashishsa bir-birlariga: “salom”, deyishadi. Ya’ni, o‘zaro tinchlik so‘rab duo qilishadi. Bu haqida Alloh taolo bunday marhamat qiladi: “Huzuringizga oyatlarimizga imon keltirayotganlar kelganlarida, ayting: “Sizlarga salom (salomatlik)!...” (An’om, 54).
Alloh taolo mo‘min-musulmonlarni o‘z payg‘ambariga salavot va “salom” aytishlarini ta’lim beradi. Ahzob surasining 56 oyatida bunday marhamat qilinadi: “Ey, mo‘minlar! (Sizlar ham) unga salavot va salom aytingiz!”.
O‘zgalarning uylariga kirayotganda salom berib kirish lozim. Uy ahliga tinchlik-omonlik so‘rab duo qilish muqaddas dinimizning o‘ziga xos odoblaridan biri hisoblanadi. Qur’oni karimda bunday marhamat qilinadi: “Ey, imon keltirganlar! O‘z uylaringizdan o‘zga uylarga to izn so‘ramaguningizcha va egalariga salom bermaguningizcha kirmangiz! Mana shu sizlar uchun yaxshidir. Zora, (bu gapdan) eslatma olsangiz” (Nur, 27).
Qur’oni karimda muruvvatli, shafqatli, murosali, o‘zaro tinch-omon hayot kechiradigan mo‘minlar bunday sifatlangan: “Rahmonning (suyukli) bandalari yerda kamtarona yuradigan, johil kimsalar (bema’ni) so‘z qotganda «Salomatlik bo‘lsin!» deb javob qiladigan kishilardir” (Furqon, 63).
Mo‘minlar har namozda tashahhuddan so‘ng tinchlik so‘rab duo qiladilar: “Yo Nabiy, sizga salom (tinchlik-omonlik), Allohning rahmati va barakati bo‘lsin! Bizga ham salom (tinchlik-omonlik), Allohning rahmati va barakati bo‘lsin!”.
Namoz “salom” bilan yakunlanadi. Ya’ni, tinchlik-omonlik so‘raladi. Bir namozxon kunlik besh vaqt namozning tashahudida o‘n yetti marta tinchlik so‘raydi. O‘ng va chapga beriladigan salomlarda esa yigirma ikki marta, jami o‘ttiz to‘qqiz marta tinchlik-omonlik va xotirjamlik so‘rab duo qiladi. Dunyo bo‘ylab ikki milliardga yaqin musulmonlar namozdan keyin tinchlik so‘rashadi. Natijada, Alloh taolodan kuniga 80 milliard marta omonlik so‘raladi. Bu ham tinchlik Islom dinining shiori ekaniga dalillardan biridir.
Qudratulloh SIDIQMЕTOV,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi
#xabar #kirish_imtihoni #hadis_ilmi_maktabi
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Hadis ilmi maktabining 2025-2026 o‘quv yili uchun qabul imtihonlari boshlandi.
Shu munosabat bilan erta tongda Toshkent shahridagi Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf jome masjidida bo‘lib o‘tgan tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutasaddilari, imtihon oluvchi pedagog-o‘qituvchilar, abituriyentlar ishtirok etdi.
Dastlab Hadis ilmi maktabi rektori Barot domla Amonov qabul imtihonlarini yuqori saviyada o‘tkazish uchun ko‘rilgan tayyorgarlik ishlari, abituriyentlarga yaratilgan shart-sharoitlar haqida ma’lumot berdi.
Tadbirda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maqsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov va Diniy idora raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov nutq so‘zladi. Notiqlar yurtimizda diniy ta’limga berilayotgan e’tibor haqida so‘z yuritish barobarida qabul imtihonlarida abituriyentlarning bilimlilarini saralab olish asosiy maqsad ekanini alohida ta’kidlashdi. Shuningdek, imtihonlarni shaffof, ochiq va oshkora o‘tkazilishi ta’minlanishiga urg‘u berishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ta’lim va ilmiy-tadqiqot bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Sherzod Cho‘lponov tomonidan ijodiy imtihonni o‘tkazish tartibi va baholash mezonlari tushuntirildi. Shundan so‘ng Qabul hay’ati a’zolari, abituriyentlar va ota-onalar guvohligida imtihon varaqalari solingan va muhrlangan maxsus qoplar ochilib, ijodiy imtihonga start berildi.
Ma’lumot o‘rnida, bugun “Hadis” va “Mustalahul hadis” fanlaridan og‘zaki ijodiy imtihon o‘tkaziladi. Ertaga, 25 iyul kuni Arab tili va O‘zbekiston tarixi fanlaridan test sinovlari bo‘lib o‘tadi.
2025-2026 o‘quv yili imtihonlari haqidagi so‘nggi yangiliklarni @qabulmuslimuz telegram sahifasida kuzatib boring.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati