O‘tkinchi dunyo bu. Barchamiz mehmonmiz, oxiratda umrimizni qanday o‘tkazganimizdan so‘ralamiz. Alloh taolo Takosur surasida marhamat qilib aytganidek, «So‘ngra, albatta, Ul kunda (oxiratda) ne’matlar haqida so‘ralursiz!»
Insonga ato etilgan ne’matlarning ulug‘i – vaqt va umr ne’matidir. Muoz ibn Jabal roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib dedilar: «Banda qiyomat kuni to‘rt narsadan so‘ralmaguncha, bir qadam ham oldinga siljiy olmaydi. Bu savollardan birinchisi, umrini nima bilan o‘tkazgani; ikkinchisi, yoshlik davrida nima bilan mashg‘ul bo‘lgani; uchinchisi, mol-dunyoni qay yo‘sinda topgani va nimalarga sarflagani; to‘rtinchisi, o‘rgangan ilmiga qanday amal qilganidir» (Bazzor va Tabaroniy rivoyat qilgan).
Mol-davlatini behad avaylaydigan inson aslida bebaho vaqtiga bundan-da e’tiborliroq bo‘lmog‘i, uni faqat xayrli o‘rinlarda, ezgu maqsadlarga ishlatmog‘i lozim.
Salafi solihlar vaqtga juda xaris edilar. Chunki u zotlar vaqt qadrini yaxshi anglardilar. Ulug‘ imomlar har bir vaqtni foydali ilm, yaxshi amal, nafsga qarshi kurash yoki boshqalarga foyda yetkazish bilan o‘tkazib oxirat g‘amini yerdilar.
Hasan Basriy rahmatullohu alayh aytadi: «Shunday zotlar bor ediki, sizlar dirham-dinorlaringizga haris bo‘lganingizdek, ular vaqtlariga shunday haris edilar».
Oilada bolalarga vaqftni to‘g‘ri taqsimlab berishda ota-onaning muhim o‘rni bor, albatta, agarda bolalarni vaqtdan unumli foydalantirsak ularning ilmini ziyoda qilib, kelajakda elu yurt koriga yaraydigan avlod qilib ulg‘aytiramiz, ishoalloh.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib, aytadilar:«Besh narsadan oldin besh narsani g‘animat bil: keksalikdan oldin yoshlikni, betoblikdan oldin salomatlikni, faqirlikdan oldin boylikni, bandlikdan oldin bo‘sh vaqtingni, o‘limingdan oldin tiriklikni».
Aytadilarki, «bo‘sh vaqtini g‘animat bilmaydigan, undan unumli foydalana olmaydigan odam ish vaqtini ham g‘animat bilmaydi».
Muhtaram azizlar, bush vaqtni g‘animat bilib, kitob o‘qib, oilada farzandlar tarbiyasiga mustahkam bo‘lsak, inshoalloh, vaqtni g‘animat bilgan bo‘lamiz.
A.HABIBULLAYEV,
Sho‘rchi tuman bosh imom-xatibi
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.