«Insonga zarar yetganida, yotgan holda yo o‘tirib yoki tik turib ham Bizga iltijo qiladi. Undan zararini ketkazganimizda esa, go‘yo yetgan zararidan Bizga duo qilmagandek ketaveradi. Mana shu tarzda isrofchi (tajovuzkor)larga qilmishlari ziynatli (chiroyli) qilib qo‘yildi» (Yunus, 12).
Inson (imoni zaif ekan) boshiga qiyinchilik tushsa, dardga chalinsa, betoqat bo‘ladi. Xalos bo‘lish yo‘llarini axtaradi, hech bir chora foyda bermagach, qiyinchilikni ketkazishni yoki darddan xalos qilishni so‘rab Yaratganga iltijo qila boshlaydi. Alloh taolo qalbdan qilingan iltijolarni qabul qiluvchi Zot. Duolari qabul bo‘lib, qiyinchilik yo darddan xalos bo‘lgach esa, ba’zilar go‘yo yetgan zararidan Alloh taologa iltijo qilmaganday ketaveradi. Ya’ni, Yaratganni unutadi va takabburlik qiladi. Chunki, «...Mana shu tarzda isrofchi (tajovuzkor)larga qilmishlari ziynatli (chiroyli) qilib qo‘yildi» (Yunus, 12).
Zumar surasi 49-oyatida bunday deyilgan: «Insonga biror ziyon yetsa, Bizga iltijo qiladi. So‘ngra Biz huzurimizdan unga biror ne’mat ato etsak, u, “shubhasiz, bu (ne’mat) mendagi ilm sababli berildi”, der. Yo‘q, u sinovdir. Lekin ularning aksariyati (buning sinov ekanini) bilmaslar».
Imom Tabariy bu oyatni bunday tafsir qilgan: Alloh taolo marhamat qiladi: “Agar insonga zarar yetsa, Alloh taologa yolvorib iltijo qiladi. Zarari o‘rniga foyda, kasalligi o‘rniga salomatlik berib holatini yengillatsa, Alloh taolo foyda va salomatlikni “amalimdan rozi bo‘lgani, meni ularga munosibligimni bilgani uchun berdi”, deydi. Aslida, unga zarardan keyin berilgan foyda, kasallikdan so‘ng qaytarilgan salomatlik sinovdir. Lekin ko‘plar johilligi va fikrlarining xatoligi uchun buni bilmaydi.
Ammo Alloh taolo kimga hidoyat, to‘g‘rilik, tavfiq va ong bergan bo‘lsa, ular mazkur holda sabablarni axtarish bilan bir vaqtda Alloh taologa iltijo qiladilar. «...aynan o‘shalarga mag‘firat va katta mukofot bordir» (Hud, 11). Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Mo‘min kishining holiga xursand bo‘lasan. Alloh taolo unga nima qazo qilsa, yaxshilik bo‘ladi. Agar unga g‘am yetsa sabr qiladi, bu unga yaxshilik bo‘ladi, agar unga xursandchilik yetsa shukr qiladi, bu ham unga yaxshilik bo‘ladi”.
Demak, inson doimo Alloh talodan yahshiliklarga erishtirishini, yomonliklardan panoh berishini so‘rashi kerak.
Ibn Kasir, Tabariy tafsirlari asosida
Badriddin RAHIMOV
tayyorladi.
Inson qalbi goh u tarafga, goh bu tarafga o‘zgarib turadi: savobli ish qilganida, qalbi yayraydi, dili cheksiz quvonchga to‘ladi. Gunoh-ma’siyat kirlari esa dil oynasini xiralashtiradi. Oqibatda qalb qorayadi, ko‘ngli xijil bo‘ladi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: "Temirga suv tegsa zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab qalblarni ham zang bosadi", dedilar. Shunda: "Yo Rasululloh, uning jilosi nima?" deb so‘raldi. U zot: "O‘limni ko‘p eslash, Qur’on o‘qish", dedilar.
Qalb xuddi temir kabi zanglaydi. Temirga suv tegsa, sirtini zang bosadi. Gunohlar yig‘ilib yig‘ilib qalbni zanglatadi, dilni qoraytiradi, ko‘ngilni g‘ash qiladi. Qalb qorayishi oqibatida inson shuuri o‘tmaslashadi, mehr-oqibat tuyg‘usi kishi bilmas tarzda ko‘tarilib boradi.
Mazkur hadisda aytilishicha, o‘limni eslagan, Qur’on o‘qigan odamning qalbi zanglardan tozalanadi. Qanday qilib, deysizmi? Gap shundaki, o‘limni eslagan kishining o‘tkinchi dunyoga xohishi so‘nadi. O‘limni eslagan, oxiratni o‘ylagan inson gunohlardan tiyiladi, nafasi kirib-chiqib turganida Parvardigoriga tezroq tavba qilishga shoshiladi, o‘zini isloh qiladi. Inson o‘limni eslaganda lazzatlar parchalanadi, hakalab otib turgan nafs xohishlari sal bo‘lsayam jilovlanadi. Bir kunmas-bir kun dunyoni tark etishini bilgan kishi oqibatli bo‘ladi, bir ish qilishdan oldin oxirini o‘ylaydi, mulohaza yuritadi.
Yuqoridagi hadisda aytilishicha, Qur’on tilovati qalbdagi zanglarni ketkazadi. Haqiqatan, Qur’on o‘qish bilan qalb yayraydi, ko‘ngil taskin topadi. Mo‘min banda qiroatdan bir dunyo ma’naviy ozuqa oladi. Shu yo‘sin qalbni qoplagan zang qurumlari asta-sekin tozalanib boradi. Bejizga "Qur’on qalbga malham, dilni tozalaydigan ilohiy davo", deyilmagan.
Ma’lumki, temirga doim ishlov berib turilmasa, ko‘p o‘tmay zanglaydi. Xuddi shunga o‘xshab, Qur’on o‘qilmasa, dilni zang bosadi. Hamisha Qur’on o‘qiydigan inson qalbiga gard yuqmaydi. Tilovat bilan jilolangan qalbi oynadek yarqirab turadi.
Hozirgi "zamonaviy" odamlarning ko‘pi dunyoga hirs qo‘yish dardi bilan og‘rigan. Kishilar orasida o‘zaro ishonch, sadoqat, vafo, mehr-oqibat kamayib ketayotgandek. Bizningcha, buning sababi bitta: o‘limni unutish, Qur’on o‘qimaslik.
Ayrim odamlarga o‘limni eslatsangiz, oxiratdan gap ochsangiz: "Qo‘ying, yaxshi mavzuda gaplashaylik!" deya so‘zingizni bo‘ladi. O‘limni eslash yomonmi?! Har kimning boshida bor-ku bu savdo! O‘limdan qochib-qutulib bo‘lmaydi. Shuning uchun o‘limga tayyorgarlik ko‘rish kerak. Qanday qilib, deysizmi? O‘limga hozirlik solih amallar bilan bo‘ladi, qorong‘i go‘rni yorituvchi Qur’on tilovati bilan bo‘ladi. Quruq kafanlik olib yoki qabristondan o‘zi uchun alohida joy ajratib qo‘ygan odamni oxirat safariga rostmana shay deb bo‘lmaydi.
Tolibjon domla Xursanmurodov,
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi.
Ali ibn Husomiddin Muttaqiy Hindiy. "Kanzul ummol fi sunanil aqvoli val af’ol". – Bayrut.: Muassasatur risolat, 1989. - B. 210.