Olti aka-uka orasida o‘sganim uchunmi, fe’lim sal qattiqroq. Shu bois umr yo‘ldoshim bir so‘zli, boshqalar undan hayiqadigan odam bo‘lishini istardim. Taqdirni qarangki, erim juda yuvosh chiqdi. Ba’zan onamga: “Shunaqa ham bo‘shang bo‘ladimi, baqirib-chaqirsa ham, aytganini qildirsa mayli edi...” derdim. Onam esa: “O‘tni o‘t o‘chirmaydi, bolam. Bir yaxshiligi bor, Xudoyim shu taqdirni ravo ko‘rgan...” derdi.
Aslida erimning ro‘zg‘or tebratishi, ehtiyojlarimni ta’minlashidan shikoyatim yo‘q. Faqat unda shiddat, jur’at yetishmayotgandek tuyulardi. Asabiylashsam, bosiqlik bilan: “Arzimas narsa uchun bunchalik g‘azablanishing yaxshimas”, deb qo‘yardi. Og‘ir-vazminligidan battar achchig‘im kelardi. Bir qizli bo‘ldik. Kunlarning birida yana yo‘q narsadan janjal chiqardim va bu safar erimning jahlini chiqarishga erishdim. Shunda ham baqirmadi, bir oz ovozini ko‘tarib: “Aytganim-aytgan, deganim-degan bo‘lishi mumkin. Ammo bu ishim bilan birovga zulm qilib qo‘yishdan qo‘rqaman”, dedi. Keyin menga gapirmay qo‘ydi. Bir kun o‘tdi, ikki kun... erimdan sas-sado yo‘q. O‘zim gapirib ketaveray desam, g‘urur yo‘l qo‘ymasdi, buning ustiga hayiqib qolgan edim. Yuragim siqildi. Taskin axtarib, erim o‘qib yuradigan kitoblarni bir-bir varaqlashga tushdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va oilalari haqidagi ibratli kitobni o‘qiy boshladim. Kitobda bayon etilgan voqeada er-xotin bir-birining fe’lida zaiflik ko‘rsa, qanday yo‘l tutishi zarurligi ko‘rsatilgan, kishining imon-e’tiqodi, taqvosi muhim, ba’zi kamchiliklariga esa Alloh uchun sabr qilinishi aytilgan edi.
Betdan-betga o‘tarkanman, yomon fe’lim bor bo‘yi bilan namoyon bo‘lardi. Demak, men endi o‘qiyotganlarni erim oldindan bilgan ekan... Men-chi?.. U mening xarxashalarimga sabr qilishi uchun taqvo, imon-e’tiqodga egamidim? Erim ko‘nglimni mehr-muhabbat bilan yumshatishga harakat qilardi. Men erimning bosiqligini, halimligini bo‘sh-bayovlikka yo‘yibman. Ko‘z yoshlarim yuzimni yuvdi. “Alloh qalbingni ochsin, ko‘nglingga solsin...” Erim menga ko‘p bor shunday derdi. Bu duoning hikmatini o‘sha lahzalarda tushundim. Necha kundan beri ichimni kemirayotgan “Endi kechirmaydi”, degan qo‘rquv tarqadi. Chunki bir necha betnigina o‘qiganimda, ko‘nglimni yumshatgan bunday kitoblar erimning necha yillik yo‘ldoshlaridir...
O‘sha kungi iqrorim erimni juda xursand qildi. Shu zaylda u kishidan kengfe’llikni, sabr qilishni o‘rgandim. Biz uchun kimda yoki nimada yaxshilik borligini Alloh taolo biladi.
ANBARXON
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Molik Sa’id ibn Musayyibdan rivoyat qiladi:
«Bir musulmon va bir yahudiy xusumatlashib, Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelishdi. Yahudiy haq bo‘lib chiqdi. Umar uning foydasiga hukm chiqardi. Shunda yahudiy unga:
«Allohga qasamki, haq ila hukm chiqarding», dedi.
«Sen qayerdan bilding?» dedi Umar, uni darra ila urib.
«Biz Tavrotda: «Qaysi qozi haq ila hukm chiqarsa, albatta, o‘ng tomonida bitta, chap tomonida bitta farishta uni quvvatlab turadi. Modomiki, u haqda ekan, ishini to‘g‘rilab ham turadilar. Qachon haqni tark qilsa, ular ham uni tark qilib, ko‘tariladilar», deyilganligini topamiz», dedi».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ilohiy adolat ummonidan suv ichgan adolatlarini ko‘rgandan keyin, undan bahramand bo‘lgandan keyin yahudiy ham erib ketib, musulmonlar xalifasini alqashga o‘tgan. U yahudiylarning boshqalardan berkitib yuradigan kitoblari, ya’ni Tavrotdagi haqiqatni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning hukmida ko‘rganligini e’tirof etgan.
Ha, hazrati Umar roziyallohu anhuning Islom jamiyati rahbari sifatida olib borgan ishlariga butun dunyo qoyil qolgan va haligacha qoyil qolib kelmoqda.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunga o‘xshash adolatli ishlarni tashviqot uchun qilmas edilar. Balki buni vazifa, Alloh taolo oldidagi burch, deb his etganlaridan qilar edilar. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir odam u kishi uchun Alloh taolo nozil qilgan shariat hukmi oldida barobar edi. Musulmonmi, zimmiymi yoki boshqami, hazrati Umar uchun baribir edi. Haq kim tarafda bo‘lsa, hukm o‘shaning foydasiga chiqarilar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi