Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Iyul, 2026   |   27 Muharram, 1448

Toshkent shahri
Tong
03:18
Quyosh
05:00
Peshin
12:29
Asr
17:41
Shom
20:01
Xufton
21:38
Bismillah
12 Iyul, 2026, 27 Muharram, 1448

Namozdan so‘nggi tilovatning fazilati

19.12.2017   13773   5 min.
Namozdan so‘nggi tilovatning fazilati

Ibodatlar orasida eng afzali Qur’oni karim tilovatidir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ummatlarini bunga qiziqtirganlar. Qur’oni karim sohibini shafoat qiladi. Shayton vasvasalariga qarshi qo‘rg‘on bo‘ladi. Uning tilovati gunohlarni o‘chiradigan, savoblarni ko‘paytiradigan eng go‘zal amaldir. Ammo keyingi vaqtlarda namozdan keyin Qur’on tilovat qilinishini bid’at deydigan, uni eshitishdan yuz o‘giradigan kishilar paydo bo‘lmoqda. Tilovat o‘qilib turgan holatda odobsizlik bilan chiqib ketayotganlar bo‘lib, ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallam davrlarida qilinmagan ekan, degan asosi yo‘q gaplarni aytib, o‘zlarini oqlashga urinadilar.

Hanafiy mazhabi ulamolari namozdan keyin tilovat qilish qanday amal ekanini aytishgan va unga hujjatlar keltirgan hamda tilovatning odoblari qanday bo‘lishi kerak, degan savolga javob berib o‘tganlar.

Eng avvalo, fiqh va hadis kitoblarida “Namozdan keyingi zikrlar” bobi mavjud bo‘lib, ularda namozdan keyin zikr qilish, Qur’oni karim suralari yoki oyatlarining tilovati buyurilgani ma’lum qilinadi. Bu dalillar asosida namozdan keyin o‘tirib zikrga yoki Qur’on tilovatiga mashg‘ul bo‘lish bid’at amal emasligini tushunamiz. Bundan esa bid’at degan fikrga borish gunoh ekani ma’lum bo‘ladi. Hadislarda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoni har kuni Qur’oni karim haqqini ado etishga buyurganlar. Buni 200-250 oyat o‘qishni, hatto 100 oyat va “Ixlos” surasini uch bora o‘qish bilan ado etish, deb tushuntirganlar. Qur’oni karimdagi ko‘pgina suralar va ba’zi oyatlarning fazilati zikr qilingan. Ushbu tilovatning Qiyomat kuni shafoat qilishi, savoblar ko‘paytirib yozilishi, hojatlarning ravo bo‘lishi, bemorlarga shifo bo‘lishi, duolarning ijobat bo‘lishi, tetiklik va aqlga musaffolik berishi va boshqa ko‘pgina fazilatlari bayon qilingan. Shunday suralardan Yosin, Fath, Ar-Rohman, Voqea, Duxon, Mulk, Naba’, Kahf va boshqalarni sanash mumkin. Oyatlardan “Al-Kursiy”, Baqara surasining oxirgi ikki oyati, Tavba surasining oxirgi ikki oyati, Hashr surasining oxirgi uch oyati va boshqalar bor.

Mo‘min kishi har kuni Qur’oni karim haqqini ado etish uchun alohida vaqt ajratishi kerak. Ammo ko‘pincha imkon topilmaydi yoki shunchaki bu vazifa borligi yoddan ko‘tariladi. Har qanday xastalikni davolovchi mohir tabib kabi ulamolarimiz besh vaqt namozda quyidagi suralarning tilovatini tavsiya qiladilar: Bomdoddan keyin Yosin surasi – 83 oyat, Peshindan keyin Ar-Rohman surasi – 78 oyat yoki Fath surasi – 29 oyat, Asrda Naba’ (Amma) surasi – 40 oyat, Shomdan so‘ng Voqea surasi – 96 oyat, Xuftondan so‘ng Mulk surasi – 30 oyat. Jami 350 oyat atrofida har kuni o‘qiladi. Demak, mo‘minlar namozdan so‘ng ushbu suralarning tilovati sababli Qur’oni karimning har kunlik haqqini ado etish bilan birga mazkur suralarning fazilatlaridan ham bahramand bo‘ladilar.

Imom Ismoil Haqqiy rahmatullohi alayh mashhur “Ruh ul-bayon” asarida Toho surasining 124-oyatini quyidagicha tafsir qilgan:

“Kim Mening eslatmamdan yuz o‘girsa, bas, uning uchun tang (baxtsiz) turmush (qabr azobi) bo‘lishi muqarrar va Biz uni Qiyomat kunida ko‘r holda tiriltirurmiz”.

“Qur’oni karimda keladigan “zikr” lafzi Qur’on, namoz, tasbeh-tahlillar va boshqa shu kabi ma’nolarda keladi. Ya’ni Meni doimo yodiga solib turuvchi shu Kitobdan va Menga chaqiruvchi bo‘lgan mana shu elchimdan yuz o‘girishidir. Zero, unga bu dunyoda nihoyatda tor va qiyinchilik mashaqqatlari ko‘p bo‘lgan hayot bordir. Oyatda ikki masdar, ya’ni o‘zak so‘zlar bir-biriga sifat bo‘lib keltirilgan. Bu esa mubolag‘ani, ya’ni hayot torligining qo‘sha-qo‘sha mashaqqatlari borligini ifodalaydi. Buning sababi, banda dunyo orzu-havaslari bilan aldanib qoladi. Vaholanki, dunyoga intilish insonni asta halokatga yetaklaydi. O‘zini nazorat qila olmagani bois orzu-havaslari, boylik va boshqa ziynatlar bilan ovora bo‘lib qolishi kuchaytiriladi. Uning kamayib qolishidan yoki yo‘qotishdan xavfda bo‘ladi, ko‘ngil xotirjamligi olinadi. Zikrdan yuz o‘girmagan kishida esa buning aksi bo‘ladi. U oxirat talabida ekan, iymonining barakasi bilan bu dunyoda unga kenglik va xotirjamlik beriladi. Bilginki, hayotning torligi, mashaqqatlarga boyligi  bu – ma’siyatu gunohlarning jazosi va uqubatidan bo‘lishi mumkin”.

"Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, ya’ni Meni yod etishni lozim tutmay, Mening hidoyatimga yurmasa, to‘g‘ri yo‘ldan yurishni xohlamasa, bas, unga juda mashaqqatli hayotni berurmiz".

Bu mashaqqatlar uning qalbini azoblash bilan bo‘ladi, har bir ishiga, yo‘llariga parda tashlab qo‘yish, eshiklarni unga yopib qo‘yish bilan amalga oshiriladi. Zero, Allohning zikri qalb kalitidir, undan yuz o‘girish esa qalb eshigini yopishdir.

Zokirjon ShARIFOV,

Tillar kafedrasi o‘qituvchisi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Uyi yongan oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi

10.07.2026   10127   2 min.
Uyi yongan oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi

Yaqinda Qo‘ng‘irot tumani, “Qumbiz” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Baxtiyor Matyakupovning xonadonida yong‘in sodir bo‘lib, kelib chiqqan yong‘in natijasida xo‘jalik a’zolari uy-joysiz qoldi. Ushbu yuzaga kelgan holat yaqindan o‘rganilib, tumandagi “Hakim Sulaymon” jome masjidi imom-xatibi R.Umarov oila a’zolarining holidan xabar oldi va homiylar yordami bilan uy-ro‘zg‘or buyumlaridan moddiy yordam berdi.

Darhaqiqat, Alloh taolo “Baqara” surasi 271-oyatida: «Sadaqalarni oshkor qilsangiz, bu qanday ham yaxshi! Agar ularni maxfiy qilsangiz va faqirlarga bersangiz, bu siz uchun yaxshidir. Sizdan yomonliklaringizni ketkazadir. Alloh qilayotgan amallaringizdan o‘ta xabardordir», deb bayon etadi.

Ushbu oyati karimada sadaqani oshkora qilish ham, maxfiy qilish ham maqtalmoqda. Bu haqdagi boshqa oyat va shar’iy dalillarni jamlab, o‘rganib chiqqan ulamolarimiz xulosa qilib aytadilarki, Sadaqa farz bo‘lsa, uni oshkora qilish yaxshi, chunki bu holda Allohning amriga itoat oshkora ko‘rinadi va mazkur sadaqadan unga haqdor bo‘lmagan kishilarga ham tushib qolishi mumkinligining oldi olinadi. Agar sadaqa ixtiyoriy bo‘lsa, u maxfiy qilingani yaxshi. Riyodan va manmanlikdan uzoqda bo‘linadi.  

Sadaqa o‘z egasini Shaytondan yiroq, Rabbisiga yaqin va suyukli etadi. Sadaqa tufayli gunohlar kechiriladi, mehr-muruvvat va shafqat eshiklari ochiladi.

Sadaqa qilish xoh oshkora bo‘lsin, xoh maxfiy bo‘lsin, doimo o‘z egasiga foyda keltiradi, uning gunohlarining yuvilishiga sabab bo‘ladi. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda: «Alloh taolo ixtiyoriy sadaqada maxfiylikni joriy qilgan. Bu borada maxfiysi oshkorasidan yetmish marta ko‘p savobga ega bo‘ladi. Farz sadaqaning oshkorasini maxfiysidan yigirma besh marta afzal qilgan», deganlar.

Alloh taolo yurtimizda mehr-oqibatli va saxovatli insonlar ko‘payishini, el-yurtimiz obod, xonadonlarimiz fayzli bo‘lishini nasib etsin! 

Qoraqalpog‘iston musulmonlari qoziyoti

Matbuot xizmati

Uyi yongan oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi Uyi yongan oilaga moddiy yordam ko‘rsatildi
O'zbekiston yangiliklari