Yurtimizda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlarni keng targ‘ib etish, tinchlik va osoyishtalikni qadrlash, dinlararo bag‘rikenglik va hamkorlik g‘oyalarini ommalashtirish, xalqimiz, ayniqsa, o‘sib kelayotgan yosh avlodni yot g‘oyalardan himoya qilishda faollik ko‘rsatgan ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash va munosib rag‘batlantirish maqsadida «Sarhisob» tanlovi o‘tkazib kelinmoqda.
Shu munosabat bilan 2017 yil 15 dekabr kuni Xorazm viloyati Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Urganch filiali anjumanlar saroyida ushbu tanlovning viloyat bosqichida 2017 yilning 1 yanvaridan 2017 yilning 1 noyabrgacha ma’naviy-ma’rifiy mavzularda gazeta va jurnallarda bosilgan va internet tarmog‘ida e’lon qilingan maqolalar, radio orqali efirga uzatilgan eshittirishlar, televideniyedagi ko‘rsatuvlar va tadbirlardagi ishtiroki bo‘yicha g‘oliblarni aniqlash va taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi “Movarounnahr” nashriyoti direktori Abdul Jalil Xo‘jam, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xorazm viloyati vakili X. Abdullayev va bir qancha hamkor tashkilotlar vakillari ishtirok qildi. G‘oliblar quyidagi nominatsiyalar bo‘yicha aniqlandi:
Ma’naviy-ma’rifiy tadbirlardagi ishtiroki bo‘yicha Urganch shahar “Miskin bobo” masjidi imom-xatibi Qo‘ziboy Masharipov;
Internetdagi maqolalar bo‘yicha Bog‘ot tuman bosh imom-xatibi, “Darvesh bobo” masjidi imom-xatibi Rashidbek Ernazarov;
Radio orqali chiqishlar bo‘yicha Urganch shahar “Imom Faxriddin ar-Roziy” O‘MIBYU mudir o‘rinbosari, Urganch tuman “Shayidlar bobo” masjidi imom-xatibi Muzaffar Avezov;
Televideniya orqali chiqishlar bo‘yicha O‘MI Xorazm viloyati vakili o‘rinbosari, Urganch shahar “Oxun bobo” masjidi imom-xatibi Hasanboy Kenjayev g‘olib deb topildi.
Tadbir davomida bir qancha matbuot nashrlari jamoalari va xodimlari ham o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha g‘olib deb e’lon qilindi. G‘oliblar maxsus diplom va tashkilotchilarning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Shuningdek, tadbirda “Movarounnahr” nashriyoti direktori Abdul Jalil Xo‘jam “Hidoyat” jurnali va “Islom nuri” gazetasiga obunani yaxshi tashkillashtirgan masjid imom-xatiblarini O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Usmonxon Alimovning tashakkurnomalari va “Movarounnahr” nashriyotining maxsus sovg‘alari bilan taqdirladi.
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi