Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Har bir musulmonga ilm-hunar egallash farzdir”, deb marhamat qilganlar. Bu hadis hikmatini teran anglagan ota-bobolarimiz hunarmandchilik, dexqonchilik, savdo-sotiq kabi halol kasblar bilan shug‘ullanib, ro‘zg‘or tebratgan. Farzandlari ham ilmu hunar o‘rganib, tadbirli bo‘lishlariga alohida e’tibor berishgan.
Sohibqiron Amir Temur bobomizning: “Azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz va loqayd kishidan afzaldir”, degan so‘zlari ham yurtimizda tadbirkorning mavqei azaldan yuqori bo‘lganini bildiradi.
Alloh taolo marhamat qiladi:
“Kechani (barcha narsani yashirib turadigan) libos qildik. Kunduzni esa, tirikchilik vaqti qildik” (Naba’ surasi, 10-11).
Imom Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deydilar: “Kim tilanchilik qilishdan saqlanib, oilasini boqish va qo‘ni-qo‘shnilariga muruvvat ko‘rsatish maqsadida halol yo‘lda rizq topishga intilsa, qiyomat kuni Alloh taologa yuzi to‘lin oydek yorug‘ bo‘lib yo‘liqadi”.
Demak, kishining halol rizq uchun harakat qilishi ham ibodat hisoblanar ekan.
Har qanday kasbni puxta bilish, mohir usta bo‘lish uchun o‘sha kasbga mehr berish, sirlarini mukammal egallash kerak. Hunariga muhabbati bor inson charchamaydi, mehnati natijasidan quvonadi. Kasbi tufayli atrofdagilarga yordami tegsa, dili quvonadi.
Inson o‘ziga berilgan aql-farosat, zehn-idrokni ishga solib, yaxshi niyatlar bilan kasb-hunar, tadbirkorlik, dehqonchilik qilib, oilasini boqishi, el-yurtga foyda keltirishi zarur. Zero, halol mehnat bilan kishi ulug‘ darajalarga yetadi.
Rustamjon MAHMUDOV,
“Sayyid Muhyiddin maxdum” islom o‘rta-maxsus bilim yurti mudarrisi
عَنْ حُذَيْفَةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهُ قَالَ، قَالَ رَسُولُ اللَّهِ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: « لاَ تَكُونُوا إِمَّعَةً تَقُولُونَ إِنْ أَحْسَنَ النَّاسُ أَحْسَنَّا وَإِنْ ظَلَمُوا ظَلَمْنَا، وَلَكِنْ وَطِّنُوا أَنْفُسَكُمْ إِنْ أَحْسَنَ النَّاسُ أَنْ تُحْسِنُوا وَإِنْ أَسَاءُوا فَلاَ تَظْلِمُوا» (رواه الترمذي)
Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Sizlardan biringiz: “Agar odamlar yaxshilik qilsa – yaxshilik qilaman, yomonlik qilsa – yomonlik qilaman”, deydigan loqayd, beo‘y bo‘lmasin. Lekin o‘zlaringizni odamlar yaxshilik qilsa – yaxshilik qilishga, agar yomonlik qilsa – ularga zulm qilmaslikka odatlantiring», dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadisi sharifning arabcha matnida kelgan إِمَّعَةٌ [imma’atun] so‘zi “loqayd”, “fikrsiz”, beo‘y”, “kim nima desa, o‘ylab ko‘rmasdan uning ortidan ergashib ketaveradigan”, “jur’atsiz”, “qat’iyatsiz”, “subutsiz”, “o‘zgaruvchan”, degan ma’nolarni anglatadi.
O‘zining qat’iy fikri, tutumi yo‘q, burdsiz odamlarni ogohlantirish maqsadida Nabiy alayhissalom: «Sizlardan biringiz: “Agar odamlar yaxshilik qilsa – yaxshilik qilaman, yomonlik qilsa – yomonlik qilaman”, deydigan loqayd bo‘lmasin», deganlar. Chunki bunday odamlar, Alloh asrasin, o‘zga din vakillari bilan safarda yoki boshqa sabab bilan birga bo‘lib qolsa, o‘zi tushunib-tushunmagan holda muomala-munosabatlarda, ibodatlarda ularga taqlid qilib qo‘yishi ham mumkin. Bu juda xavflidir.
Aliy Qori rahimahulloh aytadi: “Rasuli akram sollallohu alayhi va sallam mazkur hadisi sharif orqali axloq-odob, yurish-turish, muomalada ham o‘zga madaniyat, din vakillariga taqlid qilishdan qaytardilarmi, demak, aqida va ibodat masalalarida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emas. Chunki aqida va ibodat masalalari juda nozik. Mo‘min kishi bir so‘z bilan iymonidan ajrab qolishi mumkin”.
Imom Termiziy rahimahullohning “Sunani Termiziy” asariga yozilgan “Tuhfatul Ahvaziy” kitobida mazkur hadis sharhlanib: «Odamlar nima desa, shunga ergashib ketaveradigan kimsa “muqallid” deyiladi. Mulohazasiz, fikri yo‘q, beo‘y odamdan ehtiyot bo‘lish kerak. Mo‘min kishi hech qachon e’tiborsiz bo‘lmaydi. Har bir ishini mulohaza bilan Yaratganning roziligini ko‘zlab amalga oshiradi. Ayniqsa, aqida va ibodat masalalarida har doim ixlosli bo‘ladi.
“...Lekin o‘zlaringizni odamlar yaxshilik qilsa – yaxshilik qilishga, agar yomonlik qilsa – ularga zulm qilmaslikka odatlantiring”, ya’ni yaxshi ish qilishga va vaziyat qanday bo‘lishidan qat’i nazar, ezgulikni davom ettirishga odatlanishimiz kerak. Odamlar birovlarga zulm qilsa, ularga ergashib ketish mo‘minning ishi emas. Zulm qilmaslikning o‘zi yaxshilikdir.
Hadisi sharifda yomon xulqlarga ko‘r-ko‘rona ergashish chiroyli xulqni taqiqlashning bir belgisi ekani eslatilgan. Alloh va Rasuli ezgulikni yaxshi ko‘radi. Shu bois Payg‘ambarimiz alayhissalom har qanday holatda ham yaxshilik qilishni vasiyat etganlar.
Manbalar asosida Tolibjon NIZOM tayyorladi.
“Hidoyat” jurnalining 2025 yil 2-sonidan olindi.