Urf-odatlarimizga zid holatlarni oqlashga urinadiganlarni ko‘rib, odamning dili og‘riydi.
Bir tanishim yaqinda o‘g‘il uylantirdi. To‘rt nafar bolasi bor. To‘yni ixcham o‘tkazish haqida maslahatlar berdik. U bo‘lsa: «Eldan qolmayman, mening ham orzu-havaslarim bor», deb javob qildi. Xullas, yugurib-yelib shahardagi qimmat to‘yxonalardan birini gaplashdi. Kelin bo‘lmishning ijaraga olingan oq libosi uchun xiyla pul to‘lashdi. Yana u to‘yxonaga, albatta, "limuzinda" borishi kerak ekan. Bazmda davrani olib borayotgan xonandadan tashqari, yana “birrovchi"ga qo‘shiqchilar ham ancha bo‘ldi. San’atkorlarning ko‘pligi to‘y egasining obro‘yi balandligini bildirarmish. To‘y egasi yillab mehnat qilib topgan pullarini, oltindan qimmatli vaqtlarini yelga sovurdi.
Ertasiga tongda kelinchakni salomga olib chiqishdi. Hamma rasm-rusum, oldi-berdi ado etilgach, "Xayriyat, bugungisi chiroyli o‘tdi", deb tursak, o‘rtachi ayol kelinni kursiga o‘tqizib, alla ayta boshladi. Keyin u:
– Kelinchak o‘g‘il ko‘rdi, qani, amakisi, tog‘asi, ammasiyu xolasi... suyunchini cho‘zing! – desa bo‘ladimi?
Yaxshi niyat yaxshi, albatta. Mayli, farzand so‘ralsin. Lekin yaxshi tilak tama qilish manbaiga aylansa, juda xunuk bo‘larkan.
Bir o‘ylab ko‘raylik, bu ishlarimiz bilan savob topyapmizmi, gunohmi? To‘ylarimizni o‘tkazishda dinimizga ham, milliyligimizga ham yarashmaydigan odatlar qayerdan keldi?
Ota-onalar farzandlarining uylarini chet el jihozlari bilan bezashdan oldin ularning qalbini ma’naviy boyliklar bilan to‘ldirishsin. Qizlarimiz bir marta kiyish uchun falon so‘m to‘lanadigan oq ko‘ylakni emas, hayo libosi haqida ko‘proq o‘ylasin. Yigitlarimiz topgan pullarini ilm-hunar o‘rganishga bag‘ishlasin. Haqiqiy o‘zbekchilik ana shular bo‘ladi!
To‘y, ma’raka va marosimlarni tartibga solish bo‘yicha Prezidentimiz farmonlari, O‘zbekiston musulmonlari idorasining fatvolari, maxsus tavsiyalar bor. Bu borada amalga oshirilayotgan ishlar faqat mutasaddi tashkilotlarga tegishli emas. Ushbu masalada har birimiz mas’ul ekanimizni unutmaylik.
Guli ABDURAHIMOVA
“Hidoyat” jurnalidan olindi
Savol: Chatgpt (sun’iy intellekt) orqali diniy savollarimizga javob olsak bo‘ladimi, shu javoblarga amal qilsak bo‘ladimi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, bu joiz emas. To‘g‘ri, Chatgpt platformasi ayrim sohalarda insonlarga foyda bermoqda. Ammo diniy savollarga to‘g‘ri javob berishga ojizlik qiladi. Chunki u ham inson omili tomonidan ishlab chiqilgan bir mahsulot. Qolaversa, ba’zan savollarga taxminiy javoblar, hatto bu masala falon kitobda bor deb, arabiy iboralar ham berishi mumkin. Lekin u keltirgan iboralar na u aytgan kitobda va na boshqa fiqhiy manbalarda uchramaydi. Shu bois shar’iy masalalarga ahli ilm, mutaxassislarga murojaat qilish orqali yechim topish darkor. Alloh taolo oyati karimada bunday marhamat qilgan:
فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ
“Agar bilmaydigan bo‘lsangiz, zikr ahlidan so‘rangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat).
Musulmon odam biror narsani bilmay qolsa, uni biladigan kishidan, o‘sha sohaning «zikr ahli»dan o‘rganishi lozim bo‘ladi. Shunday ekan, e’tiqod va dinu-diyonatga tegishli narsalarni ham shu sohaning bilimdonlaridan so‘rash talab etiladi. Buyuk tobeiy Ibn Sirin rahimahulloh bunday deganlar:
إن هذا العلم دين فانظروا عمن تأخذون دينكم. رواه مسلم
“Albatta, bu ilm dindir. Bas, diningizni kimdan olayotganingizga qaranglar” (Imom Muslim rivoyati).
Mazkur iboraning sharhida Mulla Ali Qori rahimahulloh bunday deganlar:
“Bu ilm” so‘zidan murod Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ummatga olib kelgan Qur’oni karim va hadisi sharifdan iborat bo‘lgan ta’limotdir. Uni ishonchli va adolatli zotlardan olmoqdamisiz yoki yo‘q, shunga nazar solinglar, ya’ni qayerdan, kimdan ilm olayotgangizni aniq bilinglar”. (“Mirqotul mafotih” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.