Sayt test holatida ishlamoqda!
12 Yanvar, 2025   |   12 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:34
Shom
17:18
Xufton
18:37
Bismillah
12 Yanvar, 2025, 12 Rajab, 1446

Hadis sharhi: Rasululloh s.a.v. buyurgan 7 narsa

19.12.2017   7175   5 min.
Hadis sharhi:  Rasululloh s.a.v. buyurgan 7 narsa

 

Baro roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga yetti narsani buyurdilar va yetti narsadan qaytardilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga janozaga ergashishni, kasalni borib ko‘rishni, chaqirilgan joyga borishni, mazlumga yordam berishni, qasamni oqlashni, salomga alik olishni, aksa urgan kishini duo qilishni buyurdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizni kumush idishni ishlatishdan, tilla uzuk taqishdan, ipak matodan kiyim kiyishdan,  juda yupqa (nafis) libos kiyishdan, tilla ipdan to‘qilgan matodan kiyim kiyishdan qaytardilar(Imom Buxoriy rivoyati).

Sharh: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizga nimani buyurgan bo‘lsalar, unga amal qilishimiz, nimadan qaytargan bo‘lsalar, undan tiyilishimiz dunyo va oxiratimiz saodati garovidir.

Janoza – farzi kifoya. Janoza deyilganda, janoza namozi va mayyitni dafn etish tushuniladi. Janoza namozi kabi mayyitni dafn etishi ham farzi kifoyadir. Janoza namozida qatnashgan kishi bir qiyrot ajr oladi, mayyitni dafn etishda ham ishtirok etsa, ikki qiyrot savobga ega bo‘ladi.

Tobutni to‘rt kishi ko‘tarishi sunnatdir. Tobutdan oldin yurilmaydi, shovqin qilmasdan, tobutni silkitmay tez yuriladi. Mayyit qabrga qo‘yilmasdan oldin o‘tirilmaydi.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Payg‘ambarimiz (alayhissalom): Bir musulmonning janozasida imon va sabr-toqat bilan qatnashgan kishi ikki qiyrot ajr bilan qaytadi”, dedilar (Imom Buxoriy va Imom Abu Dovud rivoyati).

Xasta kishini borib ko‘rish sunnatdir. Ba’zilar kasal kishini borib ko‘rish vojib ham deyishgan. Hadisi sharifda bunday deyilgan: Kasallarni borib ko‘ringlar, ochlarga taom beringlar, qiynalgan kishilarni qutqaringlar (Imom Buxoriy rivoyati). Imom Muslim rivoyatidagi hadisda: Kim bir musulmon birodarini borib ko‘rsa, to qaytib kelgunicha jannat mevalari ichra bo‘ladi, deyilgan. Kasal ko‘rgani borgan kishi bemorning bosh tarafida o‘tirib, uning ko‘nglini ko‘taradigan iliq so‘zlar aytishi, peshonasiga qo‘lini qo‘yib mehribonlik qilishi va uni toliqtirib qo‘yadigan darajada ko‘p o‘tirmay, tezda chiqishi odobdandir. Payg‘ambarimiz (alayhissalom): «Kasal ko‘rgani borgan kishi “Allohumma ishfi abdaka” (“Ey Alloh, bandangga shifo ber”), deb aytsin», deganlar (Imom Muslim rivoyati).

Har bir dard sababli banda chekkan aziyatlari evaziga gunohlari kafforat qilinadi. Shuning uchun xasta kishini borib ko‘rib, undan duo olinadi. Ummu Sulaym roziyallohu anho aytadi: «Men kasal bo‘ldim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam meni ko‘rgani keldilar va: Ey Ummu Sulaym, ...agar sen bu xastalikdan sog‘aysang, xuddi temir zangi olovda tozalanganidek gunohlardan poklanasan, dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyati).

Chaqirilgan joyga borish mo‘minlarning bir-birlaridagi haqlaridandir. Ulamolar nikoh e’loni uchun chaqirilgan joyga borish lozim, deyishgan.

Qo‘lidan kelsa, mazlum kishiga yordamlashish vojib bo‘ladi. Anas ibn Molik (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bunday dedilar: Birodaring zolim bo‘lsa ham, mazlum bo‘lsa ham yordam ber”. Shunda bir kishi: “Ey Rasululloh, mazlumga-ku yordam beramiz, ammo zolimga qanday qilib yordam berish mumkin”, dedi. Shunda Payg‘ambarimiz (alayhissalom): Zolimni zulm qilishdan qaytarishing, unga qilgan yordaming bo‘ladi, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).

Bir bandai mo‘minni munofiqning zulmidan himoya qilgan  kishini qiyomatda farishtalar do‘zax olovidan himoya etadi. Qudsiy hadisda bunday deyiladi: Izzat va Jalolimga qasamki, albatta, zolimdan tezda va keyin ham intiqom olaman. Albatta, mazlumni ko‘rib yordam berishga kuch-quvvati yetib unga ko‘maklashmagan kishidan intiqom olaman” (“Kitobut tavbeh”, Imom ibn Hibbon rivoyati).

Payg‘ambarimiz alayhissalom bo‘lar-bo‘lmas narsalarga qasam ichishdan qaytarganlar. Ammo kishi qasam ichsa, uni oqlashi, agar qasamini buzsa, kafforat to‘lashi lozim bo‘ladi.

Salom berish sunnat, unga alik olish farzdir. Bir jamoadan bir kishi salomga alik olsa, boshqalaridan soqit bo‘ladi. Agar hech kim javob bermasa, barcha birdek gunohkor bo‘ladi.

Salomni eshitgan yoki lablaridan salom berish ifodasini anglagan kishining alik olishi vojibdir.

Aksa urgan kishi “alhamdulillah”, desa, uni eshitganlar “yarhamukalloh”, deyishi lozim. 

Erkak kishiga ham, ayolga ham kumush yoki oltin idishlarni ishlatish, ya’ni unda taom iste’mol qilish, suv ichish mumkin emas.  Huzayfa roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday dedilar: Oltin va kumush idishlarda suv ichmanglar va ularda ovqatlanmanglar.

Erkaklar  oltin uzuk taqishdan qaytarilgan. Podshoh yoki qozilar zaruriy hollarda kumush uzuk taqishi mumkin, xolos.

Ipak matodan bo‘lgan kiyimlarni kiyish erkak kishilarga haromdir. Hazrat Ali roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bir ipak harirni olib o‘ng yonlariga, bir oltinni olib chap yonlariga qo‘ydilar. So‘ngra mana shu ikkalasi ummatimning erkaklariga haromdir”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

Abduvohid O‘ROZOV,

Toshkent shahridagi “Pul yemas ota” jome masjidi imom noibi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Dindor odamlarga qanday qaraysiz? Badavlat odamlarga-chi?

8.01.2025   3788   1 min.
Dindor odamlarga qanday qaraysiz? Badavlat odamlarga-chi?

Mol-dunyo masalasida o‘zingizdan pastroqdagilarga qarang, dedik. Lekin dinu diyonat masalasida doim o‘zingizdan oldindagilarga qarang, ulardan ibrat oling, ularga yetib olishga intiling. Dunyo, boylik, sog‘lik va go‘zallik borasida o‘zingizdan quyidagilarga qarab, cheksiz marhamati uchun Allohga shukr qilsangiz, hayotingiz baxt-saodatga to‘ladi, Alloh taolo sizni shukr va sabr qiluvchilar safiga yozib, fazlu marhamati bilan ularga beriladigan mukofotlaridan sizga ham beradi.


Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:

«Kimda ikki xislat bor bo‘lsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kimda bu ikki xislat bo‘lmasa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi. Dinu diyonatda o‘zidan yuqoridagilarga qarab, ularga ergashsa; mol-dunyoda esa o‘zidan pastdagilarga qarab, o‘zini ulardan afzal qilgan Allohga hamd aytsa, Alloh uni shukr qiluvchi, sabr qiluvchi deb yozib qo‘yadi. Kim din borasida o‘zidan pastdagilarga, dunyo borasida esa o‘zidan yuqoridagilarga qarab, o‘zi yetisha olmagan narsaga afsuslansa, Alloh uni shukr qiluvchi ham, sabr qiluvchi ham deb yozmaydi» (Imom Termiziy rivoyati).


Uch xil qarash qalbingizdagi mahzunlikni ketkazadi:

- birovlardagi narsalarga rozilik ko‘zi bilan qarash;
- musibatga uchraganlarga ibrat ko‘zi bilan qarash;
- ahvoli sizdan yomonroq, holi xarobroq odamlarga qarash.

Abdulloh Abdulmu’tiy, Huda Sa’id Bahlulning
“Qulog‘im senda qizim” kitobidan G‘iyosiddin Habibulloh,
Abdulhamid Umaraliyev 
tarjimasi.