Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyun, 2025   |   12 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:06
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:36
Shom
19:58
Xufton
21:35
Bismillah
08 Iyun, 2025, 12 Zulhijja, 1446

O‘lgan odam go‘shtini yeyishga qiyoslangan gunohni bilasizmi?

19.12.2017   5510   5 min.
O‘lgan odam go‘shtini yeyishga qiyoslangan gunohni bilasizmi?

Abu Dardo (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim birodarining obro‘sini (to‘kilishidan, ya’ni g‘iybat qilinishidan) saqlasa, Alloh taolo uning yuzini (butun badanini) Qiyomat kunining olovidan saqlaydi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

G‘iybat haqida turli tushunchalar bor. Uni odamlar har xil tushunadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) sahobalarga: “Sizlar g‘iybat nimaligini bilasizlarmi?” dedilar. Ular: “Alloh va Rasuli biluvchiroq”, deyishdi. Nabiy (sollallohu alayhi va sallam): “Birodaringiz u haqida gapirgan so‘zingizni eshitib, xafa bo‘lsa, siz uni g‘iybat qilibsiz”, dedilar. Sahobalar: “Yo Rasululloh, biz aytgan sifat unda bo‘lsa-chi?” dedilar. Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Shunda g‘iybat bo‘ladi. Agar siz aytgan sifat unda bo‘lmasa, unga bo‘xton qilgan bo‘lasiz”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Shuning uchun, boshqalar bilan gaplashayotgan vaqtda oramizda bo‘lmagan, ya’ni suhbatda ishtirok etmayotgan inson haqida, gapirishga zarurat tug‘ilsa, u haqida yaxshi so‘z aytishimiz lozim. Oramizda yo‘q odam haqida yomon so‘z aytilsa va obro‘sini to‘kilsa, gapirayotgan odamni to‘xtatish va birodarimizni himoya qilishimiz kerak. Shunda Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) aytganlaridek, zimmamizdagi burchimizni ado etgan bo‘lamiz. Shu sabab banda Qiyomat kunida do‘zaxning alamli azobidan najot topib, Alloh taoloning ulug‘ mukofotiga sazovor bo‘ladi. Do‘stining obro‘sini himoya qilishga, g‘iybat qilayotgan kimsani to‘xtatishga kuchi yetmagan odam, Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bergan talimga amal qilishi lozim bo‘ladi. Ya’ni, munkar ishni qo‘l va til bilan to‘xtatishga qodir bo‘lmagan odam, qalbi bilan inkor qilsin yoki suhbatni tark etsin. Alloh taolo Quroni karimda bunday marhamat qiladi: “Ba’zilaringiz ba’zilaringizni g‘iybat qilmanglar. Sizlardan birortalaringiz o‘zining o‘lgan birodarining go‘shtini yeyishni yaxshi ko‘rurmi? Ha, yomon ko‘rasizlar. Allohdan qo‘rqinglar! Albatta, Alloh tavbani ko‘p qabul qiluvchi va rahmlidir” (Hujurot, 12).

Ushbu oyatda ham Alloh taolo bandalarni g‘iybat qilmaslikka amr etmoqda. G‘iybatning harom, gunohi kabiralardan ekanini hamma ulamolar bir ovozdan ta’kidlaganlar. Bu ish naqadar qabih va naqadar yomon ekanligi oyati karimada ham bayon qilinmoqda.

Mazkur oyatdan g‘iybat qilish o‘lgan odamni go‘shtini yeyish bilan barobar ekani tushuniladi. Ma’lumki, insonning go‘shtini yeyish nafaqat Islom dinida, balki, boshqa dinlarda ham mumkin emas. Odam o‘lgandan keyin uning go‘shtini yeyishni esa xayolga keltirish, hatto, tasavvur qilish ham mashaqqat. Shuning uchun, oyatdagi: “yaxshi ko‘rasizmi?” degan savolga hech kim, “Ha”, deb javob bermaydi. Shu bois oyatning davomida: “Ha, yomon ko‘rasizlar!” deb ta’kidlanmoqda.

Oyatning davomida mazkur gunohni qilganlarni Allohdan qo‘rqishga chaqirilib: “Allohdan qo‘rqinglar”, deyildi. Shu bilan birga, avval bilmasdan g‘iybat qilib qo‘yilgan bo‘lsa, tezda tavba qilib gunohni yuvish mumkin ekani aytilmoqda. Shuningdek, Alloh taoloning fazli-marhamatidan noumid bo‘lmaslikka chaqirilmoqda.

Chin dildan nadomat chekib, qayta bu ishni qilmaslikka ahd qilib va unga vafo qilish tavbaning shartlaridir. Hamda kimni qayerda g‘iybat qilgan bo‘lsangiz, o‘sha yerda u odam haqida yaxshi gaplarni gapirish lozim. Shunda Alloh taolo tavbani qabul qiladi.

G‘iybatning sabablari juda ko‘p. Jumladan, g‘azabini to‘kib solish, boshqalarning suhbatiga qo‘shilish, o‘z obro‘sini ko‘tarish, hasad, o‘yin-kulgu va hazil qilish kabilar g‘iybatga sabab bo‘ladi. Ba’zida bir odam boshqa kimsaning jahlini chiqaradi. G‘azabi chiqqan odam uni yo‘qligida, g‘iybat qilib o‘ch olishga harakat qiladi. Ayrim hollarda tanish yoki ulfatlar bir kishini g‘iybat qilayotgan bo‘lsa, yoqish va yaxshi ko‘rinish niyatida ularga qo‘shiladi. Buni o‘zicha odamgarchilik deb o‘ylaydi. Aslida, u gunohga sherik bo‘ladi. Ba’zilar esa “Falonchi johil, fahmi yo‘q”, deb, o‘zlarini ilmli va o‘tkir fahmli qilib ko‘rsatishga urinadi. Ko‘pchilik bir kishini maqtasa, unga hasad qiladi va uni g‘iybat qilib, obro‘sini to‘kish payidan bo‘ladi. Ayrimlar boshqalarni kuldirish va davrani qizitish maqsadida ba’zilarni kamchilik va ayblarini aytib, g‘iybat qilishadi.

Inson g‘iybat tufayli Alloh taoloning g‘azabiga duchor bo‘lishi haqida fikr qilishi mazkur gunohdan saqlanishda muhim omil hisoblanadi. Shuningdek, banda qiyomat kuni g‘iybatchining savoblari olinib boshqaga berilishi yoki  uning zimmasiga o‘zganing gunohlari yuklanishini doimo yodda tutishi lozim. G‘iybat payti hamma o‘zining ayblarini o‘ylasin va ularni tuzatishga kirishsin. O‘zining kamchilik va nuqsonlari bo‘la turib, boshqalarni ayblashdan uyalsin. Agar o‘zini ayblardan xoli bilsa, shukr qilsin. Inson o‘zini eng yomon ayb – g‘iybatchilik ila bulg‘amasin. O‘zini boshqalar g‘iybat qilishini xohlamaganidek, o‘zgalarni g‘iybat qilishni istamasin. G‘iybatga sabab bo‘ladigan illatlarni yo‘q qilishga harakat qilsin. Har dardning davosi uni keltirib chiqargan sabablarni yo‘q qilish bilan bo‘ladi.

Mo‘min-musulmonlar o‘zlari g‘iybatdan saqlanib, boshqalarni ham bu gunohdan tiyilishiga harakat qilishlari zarur. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Musulmon mo‘minning birodaridir. Har bir mo‘minning zimmasida musulmonlarning qoni, moli va obro‘sini himoya qilish burchi bor”, deganlar. Shuning uchun,  har birimiz o‘z burchimizni to‘liq ado etmog‘imiz lozimdir.

Ibn Hajar Asqaloniyning “Qirq hadis” kitobi asosida

Abdusamad TOJIDDINOV

tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

HAMDARDLIK BILDIRAMIZ

06.06.2025   11567   1 min.
HAMDARDLIK BILDIRAMIZ

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.

Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.

Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.

Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.

«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
 

Yangiliklar