Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2025   |   8 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:14
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2025, 8 Rajab, 1446

Diniy idorada Ulamolar Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

19.12.2017   7534   6 min.
Diniy idorada Ulamolar Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Majlisda o‘tayotgan yil davomida diniy sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar tanqidiy va tahliliy ko‘rib chiqilib, sohada olib borilayotgan islohotlar, erishilgan yutuqlar va jarayondagi vazifalar chuqur tahlil etilib, ulamolar va imom-xatiblar oldida turgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.

Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ma’ruzalarida Davlatimiz rahbarining diniy-ma’rifiy savodxonlikni oshirish, Islom dinining ezgu ta’limotlarini targ‘ib etish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, dinimizni himoya qilish yo‘lidagi tashabbuslari mo‘min-musulmon xalqimizni juda ham xursand qilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdilar.

Shuningdek, yakuniga yetayotgan yil mo‘min-musulmonlar uchun juda ham quvonarli bo‘lgani, jumladan, yangi masjid-madrasalar ochilgani, ilmiy markazlar tashkil etilgani, diniy ta’lim muassasalariga talabalarning qabul kvotasi oshirilgani, oliy ma’hadda sirtqi bo‘lim ochilgani, haj va umra ziyoratchilari soni ko‘paytirilgani, onlayn darslar olib borilayotgani va boshqa muhim ishlar haqida ma’lumotlarni yig‘ilganlarga taqdim etdilar.

Jumladan,

  • Markaziy Osiyoda yagona Islom sivilizatsiyasi markazi va 2 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etildi. Shuningdek, viloyatlarda kalom, hadis, fiqh, aqida, tasavvuf ilmlarini o‘rganishga ixtisoslashgan 5 ta ilmiy maktab ish boshladi;
  • mamlakatimiz bo‘yicha 15 ta masjid yangitdan barpo etildi, 55 ta masjid kapital ta’mirlandi.
  • haj kvotasi ikki mingtaga, umra kvotasi 4 mingtaga oshdi, birinchi marta Ikkinchi jahon urushi qatnashchilaridan bir guruhi bepul hajga yuborildi.
  • mamlakatimiz miqyosida ko‘p bosqichli Qur’on musobaqalari o‘tkazishga qaror qilindi va ayni kunlarda tayyorgarlik ishlari davom etmoqda. Ushbu musobaqada diyorimizdagi barcha hofizi kalomullohlar ishtirok etishi uning darajasini yanada oshiradi;

- diniy idora, masjidlar va homiylarni jalb etgan holda 4 milliard 300 million so‘mlik xayriya ishlari amalga oshirildi;

  • internet saytimizda 7 ta diniy fandan onlayn dars tashkil etildi, to‘g‘ridan to‘g‘ri savollar-javoblar rukni muntazam ishlab turibdi, saytlar va ijtimoiy tarmoqlarda doimiy targ‘ibot ishlari olib borilmoqda;
  • 90 ga yaqin nomdagi diniy adabiyotlar 670 ming adadda chop etildi.
  • Ayni kunlarda Misr Arab Respublikasidagi “Dorus-salom” nashriyoti va Azhari sharif huzuridagi ilmiy akademiya bilan Qur’oni karimni chop etish bo‘yicha kelishuvga erishilib, o‘zimizning nashriyotlarimizda Qur’oni karimni chop etish yo‘lida ishlar olib borilmoqda.

Yana bir katta xursandchilik kuni kecha Prezidentimiz “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdilar. Qarorga ko‘ra, Islom akademiyasi huzurida ikki yillik magistratura, uch yillik tayanch doktorantura va uch yillik doktorantura faoliyat yuritadi. Akademiyada “Qur’onshunoslik”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” va “Kalom ilmi” mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlar, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanishi yurtimizda yaqin kelajakda dunyo e’tirof etadigan kuchli islomshunos akademik va olimlar yetishib chiqishini katta quvonch bilan ma’lum qildilar.

Muftiy hazratlari ma’ruzalari davomida mana shunday keng imkoniyat va qulayliklar uchun Haq taologa shukrona keltirish va bunday kunlarning qadriga yetishni ta’kidlab, Qur’oni aziymush-sha’ndagi: “Ey, Rabbim! Menga va ota-onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O‘zing rozi bo‘ladigan yaxshi amallarnigina qilishga meni muvaffaq etgin va meni O‘z fazling bilan solih bandalaring qatoriga kiritgin!” (Naml, 19), oyatini keltirdilar.

Shuningdek, muftiy hazratlari hozirgi davr juda tez rivojlanayotgani, eskicha ishlashni zamon ko‘tarmasligi, ishga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirish zarurligini ta’kidlab, diniy soha xodimlarini davlatimiz va mo‘min-musulmonlarimiz tomonidan berilgan ishonchni oqlashga chaqirdilar. Shu nuqtayi nazardan imom-xatiblarga tavsiyalar, topshiriqlar va ko‘rsatmalar berdilar.

Yig‘ilishda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov so‘zga chiqib, ulamolar va imom-xatiblar oldida turgan dolzarb vazifalar, diniy soha xodimlari faoliyatining samaradorligini oshirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirdi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur majlisda so‘z olib, xalqimiz va ishlab chiqaruvchilar tomonidan  halol oziq-ovqat masalasida juda ko‘p murojaatlar bo‘layotganini inobatga olib, “Halol sertifikat” yo‘riqnomasi loyihasi ishlab chiqilgani va bu ishlar bilan muntazam shug‘ullanadigan ulamolar hay’ati tuzilganini ma’lum qildi. Ushbu masala bir paytning o‘zida mamlakatimizda ser daromad soha bo‘lgan ziyorat turizmining jadal rivojlanishi, xususan xorijlik sayyohlarning respublikamizga keng jalb qilish yo‘lidagi muhim ishlardan ekanini alohida ta’kidlab o‘tdilar. 

Yig‘ilishda filologiya fanlari doktori, akademik Ne’matulla Ibrohimov so‘zga chiqib, Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy sohada olib borilayotgan islohotlar har birimizning qalbimizdagi orzu istaklarimiz ekanini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Bu ayni paytda har bir diniy xodimga o‘z vazifasiga nisbatan yangicha munosabtda bo‘lish zarurligidan dalolatdir dedi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov yig‘ilishda so‘zga chiqib, endilikda diniy soha xodimlaridan ham fan doktorlari, professorlar va akademiklar chiqishi juda katta voqea ekanini ta’kidladi. Sh.Minovarov so‘zida davom etib, bir necha kun avval hukumat topshirig‘i bilan Pokiston davlatida xizmat safarida bo‘lib qaytgani, u yerdagi davlat va din arboblari O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlarni katta ishtiyoq bilan kuzatishayotgani va, albatta, mana shunday yangilanishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish orzusida ekanlarini ma’lum qildi.

Yig‘ilishda Ulamolar Kengashi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

"Li iylafi quraysh" surasi

8.01.2025   100   2 min.

Bismillahir Rohmanir Rohiym

"Li iylafi quraysh" surasi, Quraysh qabilasiga berilgan ne’matlarga urg‘u beradi. 

Bu suraning nozil bo‘lishi sababini o‘rganganda, Allohdan yanada qo‘rqish hissi paydo bo‘ladi. Bu sura hayotdagi muhim muammolardan biri - ne’matga odatlanib, uni qadrsizlantirish haqidadir.
Alloh qurayshliklarni ikki mavsum - qish va yozdagi savdo safarlari orqali tirikchiliklarining yaxshi ketishiga odatlanib qolganliklari, lekin ular bu ne’matlarning haqiqiy Egasini tan olib, shukr qilmaganlarini aytadi.

Johiliyat davrida Quraysh qabilasi faqirlik va ocharchilikda yashagan, hayotlari juda nochor va qiyin bo‘lgan. Hattoki, qashshoqlik kuchayganida, ba’zilar o‘z oilasini olib, “xubo” deb atalgan joyga borishar va o‘sha yerda ochlikdan hammasi halok bo‘lguniga qadar qolishardi. Bu odat johiliyat davrida “i’tifar” deb nomlanar edi. 
Makkaning katta tojirlaridan bo‘lgan Hoshim ibn Abdumanofga bir kuni Bani Mahzum qabilasining barcha a’zolari juda qattiq ochlikda qolib, halok bo‘lish arafasida ekani haqidagi xabar yetadi. U Allohning bayti Ka’baning xizmatida turgan odamlarning shunday qashshoqlik va o‘ta johilona ahvolda ekanliklaridan o‘kindi va qattiq g‘azablandi.

Shu sababdan Hoshim ibn Abdumanof bu yomon odatni o‘zgartirishga qaror qildi va quyidagilarni amalga oshirdi:
– Sizlar Allohning baytini xizmatida bo‘laturib butun arablarga o‘zingizni sharmanda qiladigan yomon odatlarni joriy qilgansizlar, dedi va bir qabilani bir nechta urug‘larga bo‘lib tashladi. Har bir urug‘dagi boy kishilardan o‘z qarindoshlari bilan mol-mulkini teng bo‘lishishni talab qildi. Shunday qilib, kambag‘al ham boy bilan teng bo‘ldi.
Shundan keyin u Quraysh qabilasiga tijorat usullarini o‘rgatdi va ularni yilda ikki marta tijorat safariga chiqish yo‘llarini belgilab berdi. Yozda meva-sabzavotlar savdosi uchun Shomga, qishda esa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi uchun Yamanga safarlarini tashkil qildi.

Shunday qilib, Shom va Yamanning barakasi Makkaga olib kelindi va qurayshliklarning iqtisodiy holati yaxshilandi. Shu bilan birga, “i’tifar” odati ham yo‘q bo‘ldi. Biroq, vaqt o‘tishi bilan Quraysh qabilasi Allohning bu ne’matlariga shukr qilish o‘rniga, ularga odatlanib qoldi va ne’matni qadrlamay qo‘ydi. Ne’matga noshukurlik qilish – bu unga odatlanib, uni ne’mat deb bilmaslikdir.
Quraysh qabilasi Alloh tomonidan tushirilgan ne’matlarga odatlanib, uni qadrsizlantirgani uchun Alloh ularga bu surani tushirdi: "Mana shu Bayt (Ka’ba)ning Parvardigoriga (shukrona uchun) ibodat qilsinlar. Zero, U ularni ochlikdan (qutqarib) to‘ydirdi va xavfu xatardan omon qildi".

Homidjon domla ISHMATBЕKOV

Maqolalar