Majlisda o‘tayotgan yil davomida diniy sohada amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar tanqidiy va tahliliy ko‘rib chiqilib, sohada olib borilayotgan islohotlar, erishilgan yutuqlar va jarayondagi vazifalar chuqur tahlil etilib, ulamolar va imom-xatiblar oldida turgan dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Muftiy Usmonxon Alimov hazratlari ma’ruzalarida Davlatimiz rahbarining diniy-ma’rifiy savodxonlikni oshirish, Islom dinining ezgu ta’limotlarini targ‘ib etish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish, dinimizni himoya qilish yo‘lidagi tashabbuslari mo‘min-musulmon xalqimizni juda ham xursand qilayotganini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Shuningdek, yakuniga yetayotgan yil mo‘min-musulmonlar uchun juda ham quvonarli bo‘lgani, jumladan, yangi masjid-madrasalar ochilgani, ilmiy markazlar tashkil etilgani, diniy ta’lim muassasalariga talabalarning qabul kvotasi oshirilgani, oliy ma’hadda sirtqi bo‘lim ochilgani, haj va umra ziyoratchilari soni ko‘paytirilgani, onlayn darslar olib borilayotgani va boshqa muhim ishlar haqida ma’lumotlarni yig‘ilganlarga taqdim etdilar.
Jumladan,
- diniy idora, masjidlar va homiylarni jalb etgan holda 4 milliard 300 million so‘mlik xayriya ishlari amalga oshirildi;
Yana bir katta xursandchilik kuni kecha Prezidentimiz “O‘zbekiston Islom akademiyasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorga imzo chekdilar. Qarorga ko‘ra, Islom akademiyasi huzurida ikki yillik magistratura, uch yillik tayanch doktorantura va uch yillik doktorantura faoliyat yuritadi. Akademiyada “Qur’onshunoslik”, “Fiqh ilmi”, “Hadisshunoslik” va “Kalom ilmi” mutaxassisliklari bo‘yicha magistrlar, shuningdek, ushbu sohada chuqur tadqiqotlar olib boruvchi ilmiy-pedagog kadrlar tayyorlanishi yurtimizda yaqin kelajakda dunyo e’tirof etadigan kuchli islomshunos akademik va olimlar yetishib chiqishini katta quvonch bilan ma’lum qildilar.
Muftiy hazratlari ma’ruzalari davomida mana shunday keng imkoniyat va qulayliklar uchun Haq taologa shukrona keltirish va bunday kunlarning qadriga yetishni ta’kidlab, Qur’oni aziymush-sha’ndagi: “Ey, Rabbim! Menga va ota-onamga in’om etgan ne’matingga shukr qilishga va O‘zing rozi bo‘ladigan yaxshi amallarnigina qilishga meni muvaffaq etgin va meni O‘z fazling bilan solih bandalaring qatoriga kiritgin!” (Naml, 19), oyatini keltirdilar.
Shuningdek, muftiy hazratlari hozirgi davr juda tez rivojlanayotgani, eskicha ishlashni zamon ko‘tarmasligi, ishga bo‘lgan munosabatni tubdan o‘zgartirish zarurligini ta’kidlab, diniy soha xodimlarini davlatimiz va mo‘min-musulmonlarimiz tomonidan berilgan ishonchni oqlashga chaqirdilar. Shu nuqtayi nazardan imom-xatiblarga tavsiyalar, topshiriqlar va ko‘rsatmalar berdilar.
Yig‘ilishda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Ortiqbek Yusupov so‘zga chiqib, ulamolar va imom-xatiblar oldida turgan dolzarb vazifalar, diniy soha xodimlari faoliyatining samaradorligini oshirish yuzasidan taklif va mulohazalar bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Shayx Abdulaziz Mansur majlisda so‘z olib, xalqimiz va ishlab chiqaruvchilar tomonidan halol oziq-ovqat masalasida juda ko‘p murojaatlar bo‘layotganini inobatga olib, “Halol sertifikat” yo‘riqnomasi loyihasi ishlab chiqilgani va bu ishlar bilan muntazam shug‘ullanadigan ulamolar hay’ati tuzilganini ma’lum qildi. Ushbu masala bir paytning o‘zida mamlakatimizda ser daromad soha bo‘lgan ziyorat turizmining jadal rivojlanishi, xususan xorijlik sayyohlarning respublikamizga keng jalb qilish yo‘lidagi muhim ishlardan ekanini alohida ta’kidlab o‘tdilar.
Yig‘ilishda filologiya fanlari doktori, akademik Ne’matulla Ibrohimov so‘zga chiqib, Prezidentimiz tashabbuslari bilan diniy sohada olib borilayotgan islohotlar har birimizning qalbimizdagi orzu istaklarimiz ekanini alohida ta’kidlab o‘tdilar. Bu ayni paytda har bir diniy xodimga o‘z vazifasiga nisbatan yangicha munosabtda bo‘lish zarurligidan dalolatdir dedi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov yig‘ilishda so‘zga chiqib, endilikda diniy soha xodimlaridan ham fan doktorlari, professorlar va akademiklar chiqishi juda katta voqea ekanini ta’kidladi. Sh.Minovarov so‘zida davom etib, bir necha kun avval hukumat topshirig‘i bilan Pokiston davlatida xizmat safarida bo‘lib qaytgani, u yerdagi davlat va din arboblari O‘zbekistondagi ijobiy o‘zgarishlarni katta ishtiyoq bilan kuzatishayotgani va, albatta, mana shunday yangilanishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish orzusida ekanlarini ma’lum qildi.
Yig‘ilishda Ulamolar Kengashi vakolatiga kiruvchi boshqa masalalar ham ko‘rib chiqildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Men uylangan edim. Ayolim past bo‘yli, nimjon qomatli va menga nisbatan kichik jussali edi.
Men esa Allohni inoyati ila sportchilarga xos qomatga ega, mushaklarim baquvvat va salobatli edim.
Xotinimning bo‘yi pastligi uchun men unga ko‘p marotaba hazil-mazah qilib jig‘iga tegar, uning ustidan kular edim. Masalan, ba’zan biror narsaning ortiga yashirinib olib, u kelganda qo‘qqisdan oldida paydo bo‘lib qo‘rqitar edim. Ba’zan esa, uning kundalik xotiralarini qayd etib boradigan daftarini olib, bo‘yi yetmaydigan joyga qo‘yib qo‘yar edim va bo‘yi pastligi uchun ololmay qiynalayotganini ko‘rib huzurlanib kular edim.
Gohida televizor ko‘rayotganida, gohida esa, kechki ovqatni tayyorlayotganida uni har xil usullarda bezovta qilib hazil-mazah qilar edim.
Men hazillashib uni bezovta qilishni juda yaxshi ko‘rar edim, chunki uning mendan qasos olishga uringani, lekin bunga kuchi yetmaganini ko‘rish ham menga zavq bag‘ishlar edi.
Avval boshida xotinim bundan yoqimli kayfiyat olganini ko‘rar edim. Lekin vaqt o‘tishi bilan u mening bolalarcha qiliqlarimdan bezib qolayotganini seza boshladim.
Bir kuni ishga borish uchun uyqudan erta turdim. Qarasam, u nonushta tayyorlayotgan ekan. Har doimgidek, uni hazillashib qo‘rqitdim. Shunda u qattiq qo‘rquv bilan:
— Bu gal kechqurun uyga qaytganingizda, meni topa olmaysiz, — dedi.
Men uni hazillashayapti deb o‘yladim, chunki har safar uni qo‘rqitganimda u shunaqa tahdid qilar edi.
Biroq kechqurun uyga qaytib kelganimda, u yo‘q edi. Uni chaqirdim, u javob bermadi. Yana va yana chaqirdim, ammo u hech narsa demadi.
Hamma yerni qidirib chiqdim, lekin uni topa olmadim. Oxiri oshxonaga kirib, bir qog‘ozga ko‘zim tushdi. Unda:
— O‘zingizni asrang, men endi qaytmayman, — degan yozuvni ko‘rdim.
Shunda oyoqlarim bo‘shashib, bosa olmay qoldim. Butun boshli tanam quvvatsizlanib, o‘tirib qoldim, o‘zimni huddi ustimdan muzdek suv quygandek his qildim.
O‘sha paytda men dunyodagi eng zaif insonlardan biriga aylandim.
O‘sha kichikkina jussali, nozikkina xotinim mening asosiy quvvat manbaim bo‘lganligini, usiz men hech kim emas ekanligimni angladim.
Devorga suyangancha o‘tirib, huddi onasini yo‘qotgan go‘dak boladay yig‘ladim...
Bir payt ovqatlanish stoli ostida qandaydir narsa qimirlayotganini ko‘rib qoldim va o‘sha yerdan past ovozdagi kulgi eshitildi.
Ha, u edi! U o‘sha yerga yashirinib olgan ekan.
Shunda men unga o‘zimni otdim va uni qattiq bag‘rimga bosib quchoqlar ekanman, ko‘zlarimdan shashqator yosh oqar edi.
U esa meni qo‘rqitishni uddalay olganidan quvonib o‘zini kulishdan tiya olmas edi.
Shunday qilib, o‘g‘rini qaroqchi urdi deganlaridek, o‘zimning hiylam o‘zimga qarshi ishladi. Shundagina tushundimki, o‘sha kuchsizgina ayolimsiz men dunyodagi eng zaif inson ekanman.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV