Jamiyatimizda keng tarqab ketgan, iymonimizga xatari katta bo‘lgan narsalardan biri sehr-jodudir. Sehr-jodu qiladigan odamga borish, unga qandaydir amaliyot qildirish butunlay noto‘g‘ridir. Odamlar orasida sehr-jodu bilan shug‘ullanish nihoyatda avj olib ketyapti, bunga ko‘proq ayollar ruju qo‘ygan.
Birovning joyini, mansabini egallash, o‘zining joyini birovga bermaslik, birovning xotinini egallash, birovning erini tortib olish – odamlar bularning barchasiga sehr-jodu bilan erishaman deb o‘ylab, iymonidan ayrilib, oxiratini barbod qilishyapti. Ayollar erini qizg‘anib, noo‘rin, asossiz rashk qilib, boshqalar tortib olmasin deb erini o‘qitib yuradi. Buning gunohligini aytsangiz, birovga issiq-sovuq qilmayapmiz, sehr qilmayapmiz, deyishadi, «isitsam o‘zimga isityapman-ku, domlaga o‘qityapman-ku» deyishadi. Ular bilmagan narsa shuki, ba’zi ulamolar «Bunday o‘qitishlar yetti martaga borsa, joduga aylanadi», deganlar. Jodu qilingan odamda turli salbiy holatlar yuz beradi. Ba’zi olimlar «Jodu qilingan odamda beshta narsaning biri yoki hammasi bo‘ladi: ko‘zi ko‘r bo‘lib qoladi, mijozi sust bo‘lib qoladi, kambag‘al bo‘lib qoladi, qamalib qoladi, beshinchisi esa o‘lim», deganlar. Joduga uchragan odam shu besh narsaning biri yoki hammasiga uchraydi, buni bilmagan ba’zi johila, ilmdan bexabar ayollar erimni qizg‘anaman deb, go‘yo oilani saqlab qolaman deb shu ishlarni qilib yuradi, duch kelgan, kimligi, ilmiy saviyasi, aqidasi noma’lum odamlarga borib, ular aytgan pullarni berib, erlarini o‘qitib yurishibdi. Bilib-bilmay bir kuni boshiga shu beshta narsaning biri kelganida keyin pushaymon bo‘lib qoladi. «Erim uyda o‘tirsin» deb o‘qitishadi, ammo eri bir kun uyda o‘tirib qolsa, bunga ham chiday olmaydi, «Ko‘chaga chiqib borib, ishlab pul topib kel», deyishadi. Demak, maqsadi erining uyida o‘tirishi emas ekan, balki uning topganiga qanoat qilmay, birovga sarflayapti deb yomon gumon qilgan uchun uyda o‘tirsin deb jodu qilgan, endi esa unga toqat qila olmay, borib pul toping, deyishyapti. Oilamni saqlab qolaman deb qilayotgan harakatlari oqibatida kufrga ketib qolib, aynan nikohiga putur yetishiga aqli yetmaydigan odamlar ko‘payib ketyapti, azizlar.
Bu ishlarning qanchalik og‘ir gunoh ekanini, oqibati qanchalik ayanchli ekanini xalqimizga o‘rgatish vaqti keldi. Jamiyatimizni bunday illatlardan tozalashimiz kerak, nasl-nasabimizni, avlodimizni, zurriyotlarimizni bu kirliklardan tozalash vaqti keldi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan mashhur hadisi sharifda Payg‘ambar alayhissalom shunday deganlar: «Halok qiluvchi yetti narsadan saqlaninglar: Allohga shirk keltirish; sehr-jodu qilish; nohaq odam o‘ldirish; riboxo‘rlik; yetimning molini yeyish; jang maydonidan qochish; pokiza ayollarni zinoda tuhmat qilish».
E’tibor qilgan bo‘lsangiz, bu yerda sanalgan yettita gunohlarning barchasi jamiyatda turli shakllarda uchrab turadigan gunohlardir. Biz negadir shirk deganda faqat butlarga sig‘inish, Allohdan boshqa ilohlar bor deb tushunishni ko‘z oldimizga keltirib, shunga o‘rganib qolganmiz. Ammo shirkning nihoyatda maxfiy, yashirin, ammo eng makkor, niqob ostidagi ko‘rinishlari ham borligini unutmasligimiz kerak. Bir qaraganda, oddiy narsadek, xatari yo‘q narsadek ko‘rinadi, lekin zamirida shirk bo‘ladi. Bularni farqlashimiz, aytayotgan gapimizga, qilayotgan ishimizga jiddiy e’tibor qilishimiz kerak ekan. Sehr jamiyatda eng ko‘p tarqalib yuradigan amaldir. Sehrga nisbatan aqidamiz shunday: sehr bor narsa, sehr ta’sir qiladi, ammo bu ish bilan shug‘ullanish ham, uni targ‘ib qilish ham mumkin emas.
Rahmatulloh SAYFUDDINOV,
Yunusobod tumani bosh imom-xatibi,
Toshkent islom instituti o‘qituvchisi,
«Mirza Yusuf» jome masjidi imom-xatibi
Shogird ustozi bilan suhbat qilib o‘tirgan edi. Shogird ustozidan so‘radi:
– Ustoz, dunyodan o‘tganingizdan keyin odamlar sizni qanday xotirlashini xohlar edingiz?
Ustoz bir muddat sukut saqlab, so‘ng savolga javob berdi:
– Bizni odamlar qay tariqa eslashlari muhim emas. Balki qabrda va Allohning huzurida qanday kutib olinishimiz muhim. Deylik, oradan bir asr o‘tib, bolalarimiz, balki nabiralarimiz ham olamdan o‘tib ketar. Biz hozir qiynalib, umrimizni, topgan mablag‘imizni sarflab qurdirgan uylarimiz buzilib ketar yo ularda boshqalar yashar. Shuning uchun o‘lgach, bizni kim nima deb eslashiga emas, abadiy safarga hozirlik ko‘rishimiz kerak.
Ha, azizlar! Bu dunyoda yashar ekanmiz, kim uchun yaxshi ota-ona, kim uchun yaxshi umr yo‘ldosh, kim uchun yaxshi farzand bo‘lishga harakat qilamiz. Jamiyatda esa o‘zimizdan yaxshi nom qoldirishga urinamiz. Lekin bu ishlar zamirida Alloh taoloning amir va qaytariqlariga amal qilish yotganini ba’zan unutib qo‘yamiz. Yelib-yugurishlarimiz faqat odamlar uchungina bo‘lib qoladi.
Aslida mo‘min odam har bir amalini xolis Alloh uchun qilib, imkon qadar boshqalardan yashirishi lozim. Aks holda qilgan amalining savobidan mahrum bo‘ladi. Eng yomoni ba’zilar mana shunday nojoiz ishni qilib, kamiga suratga ham oldirib tarqatmoqda.
Tustariy rahimahullohdan so‘rashdi: “Nafsga eng og‘ir narsa nima?”. Aytdiki: “Ixlos – nafsga eng og‘ir narsa. Chunki ixlosda nafs uchun nasiba bo‘lmaydi”. Ixlosning alomati shuki, amal qiluvchiga uning amalidan odamlar xabardor bo‘ldimi-yo‘qmi – unga farqi bo‘lmaydi.
Endi o‘zimizni bir taftish qilaylik-chi, kunlik ishlarimiz, amallarimiz shu mezonga mos kelarmikan?..
Akbarshoh Rasulov