Vaqtning mohiyati nimada? degan savolga hikmat ahli shunday zarbulmasal orqali javob beradi. Vaqt go‘yo hayot kiyimi to‘qiladigan iplar bo‘lib, uning pishiq va nafisligiga qarab hayot aziz va bebaho bo‘ladi. Agar iplar yomon va to‘zigan bo‘lsa – hayot ham parishon, bema’no va mazmunsiz bo‘ladi.
Vaqt – bebaho narsa, u o‘tib ketsa, qaytib kelmaydi. Inson hayotining har bir lahzasidan unumli va barakali foydalanib, uni yaxshi amallar qilishga sarflashi lozim. Zero, Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Qiyomat kunida bandaning qadami to to‘rt narsadan so‘ralmaguncha joyidan jilmaydi: umrini qanday o‘tkazgani, yoshligida nima qilgani, mol-dunyosini qayerdan topib – nimaga sarf qilgani, ilmiga qay darajada amal qilgani”.
Hasan Basriy rahmatullohi alayhi aytadilar: “Har kun tong yorishganda Alloh taolo tomonidan bir jarchi: “Ey Odam bolasi! Men yangi kunman. Sening barcha amalingga guvohman. Mendan bu kunda solih amallar qilib, foydalanib qol, chunki men to qiyomatgacha senga qaytmayman”.
“Axir, Biz sizlarga eslatma oladigan kishi eslatma olgudek uzun umr bermaganmidik?! Sizlarga ogohlantiruvchi (payg‘ambar) ham kelgan edi-ku!…” Fotir surasining ushbu oyatida inson aziz umrini, vaqtini g‘animat bilishi lozimligi eslatilmoqda.
Ulug‘ ajdodlarimiz vaqtlarini foydali ish qilishga, go‘zal ahloqiy va ilmiy darajalarga yetishish yo‘lida sarf qilishga intilishgan. Shuning uchun ham ularning buguni oldingi kunidan, ertasi bugunidan yaxshi bo‘lgan. Ular: “Vaqt qilichdir, agar sen uni kesmasang, u seni kesadi”, degan maqol mazmuniga amal qilishgan.
Har birimiz o‘tayotgan umrimizdan ibrat olaylik. Bu kecha va kunduzlar yangilarni eskirtiradi, uzoqlarni yaqin qiladi, umrlarni qisqartiradi, yoshlarni qaritadi, keksalarni foniylik sari yetaklaydi. Hukamolardan biri shunday deydi: “Kim kunini bekorga o‘tkazsa, bir yaxshi amalni qilmasa, insonlarga chiroyli so‘z yoki yaxshi muomala qilmasa, bir ilmu-ma’rifat hosil qilmasa, u kuniga jabr qilib, o‘ziga zulm qilibdi”.
“Albatta, bunda (uyg‘oq) qalb egasi bo‘lgan yoki o‘zi hozir bo‘lib, quloq tutgan kishi uchun eslatma bordir”. (Qof surasi, 37-oyat)
Har bir inson, u kim va qanday mavqega ega bo‘lmasin, ayniqsa, kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimiz, aziz farzandlarimiz oltindan qimmat vaqtlarini g‘animat bilishi va undan unumli foydalanishi lozim. Buning uchun har bir kishi hayotining mazmun-mohiyati va undagi mas’uliyat, vazifasini chuqur anglab olishi maqsadga muvofiqdir. O‘lim haq, qachon bizga yo‘liqishi faqat Yaratgan Allohga ayon. Bu kunimiz so‘ngisi, qilayotgan amalimiz oxirgisi bo‘lishi mumkin.
Beshak biling bu dunyo barcha eldan o‘taro,
Inonmag‘il molingga, bir kun qo‘ldan ketaro.
Ota-ona, qarindosh qayon ketdi fikr qil
To‘rt oyoqlik cho‘bim ot bir kun senga yetaro.
Dunyo uchun g‘am yema, Haqdin o‘zgani dema,
O‘zgalar molin yema, Sirot uzra tutaro.
Ahli ayol, qarindosh, hech kim bo‘lmaydi yo‘ldosh,
Mardona bo‘l g‘arib bosh, Umring yeldek o‘taro.
Qul Hoja Ahmad toat qil, umring bilmam necha yil,
Asling bilsang qaro gil, yana gilga ketaro.
Botir NOSIROV,
Xovos tumani «Husnobod» masjidi imom-xatibi
O‘MI Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov Toshkent islom instituti talaba- yoshlari bilan muloqot o‘tkazdi. Uchrashuvni institut rektori Uyg‘un G‘afurov ochib, mazkur tadbirning ahamiyati haqida so‘z yuritdi.
Bu kabi muloqotlar barcha diniy ta’lim muassalarida tashkil etilib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida o‘tgan Ulamolar Kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashga qaratilgani ta’kidlab o‘tildi.
Tadbirda Zayniddin Eshonqulov yoshlarga o‘zining hayotiy, ilmiy va kasbiy tajribalarini so‘zlab berdi. Ma’ruzada Diniy idora tizimidagi tashkilotlar va ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan islohotlar, faoliyat yo‘nalishlari va kelgusidagi rejalar haqida ma’lumot berdi.
Zayniddin domla diniy-ma’rifiy faoliyatda ilm va ma’rifatning o‘rni, kadrlarning vatanparvarlik va axloqiy tarbiyasi va turli yot g‘oyalardan ma’naviy immunitetning shakllangani haqida o‘z fikr va tavsiyalarini bildirdi.
Notiq o‘z so‘zi davomida talaba-yoshlarni sabr-toqat va qat’iy intizom bilan ilm olishga da’vat etdi. Shuningdek, ixlosli bo‘lish va ustozlarni ehtirom qilish muvaffaqiyat kaliti ekanini ta’kidladi.
Yetuk imom-xatib bo‘lish uchun doimiy ravishda o‘zi ustida ishlash hamda bilim va tajribalarini oshirib borishi lozimligi haqida qimmatli maslahatlar berdi.
Ana shunday tadbirlar yoshlarning ilm olishi va kelgusidagi kasbiy faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirishiga xizmat qiladi, rahbar xodimlar esa ular uchun hayotiy namuna bo‘ladi, inshoalloh.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati