XXI asrda insoniyat uchun og‘ir sinovlar bilan boshlandi. Go‘yoki, Islom diniga daxldor bo‘lgan bir guruh kimsalar amalga oshirgan xurujlar oqibatida bir necha ming begunoh insonlar dahshatli tarzda bevaqt olamdan ko‘z yummoqda. Zaminimizning turli yerlarida xunrezliklar muqaddas Islom dinimiz nomidan hamon davom ettirilmoqda.
Zotan, birorta ham haqiqiy iymonli kishi, qaysi dindaligidan qat’i nazar, o‘z aqidasi yo‘lida begunoh odamlarni o‘ldirmaydi. Shuni unutmaslik kerakki, terrorchilik harakatlari chog‘ida o‘ldirilgan odamlar orasida turli din va millat vakillari, ayni paytda musulmonlar ham bor edi.
Insonlarni nohaq o‘ldirish ulkan gunoh hisoblanadi va ana shu gunohkor do‘zaxning dahshatli azoblariga manguga duchor bo‘ladi. Parvardigorining beradigan jazosi va azoblaridan qo‘rquvchi chin iymon egalari bunday yovuzlikka har qanday holatda ham qo‘l urmaydilar.
Ana shunday qabih vahshiyliklarni amalga oshirganlar o‘zlarining dinga qattiq e’tiqod qo‘yganlari haqida qanchalik lof urmasinlar, aslida bu ishlarni odamlar qalbidan din-iymonni yo‘qotish uchungina qiladilar. O‘z-o‘zidan ravshanki, ularning maqsadi ilohiy dinni haqoratlash, odamlarni undan chetlashtirish va ularning qalbida iymonli odamlarga nisbatan nafrat va g‘azab uyg‘otish, xolos. Mohiyatiga ko‘ra, gunohsiz odamlarga nisbatan go‘yoki «din yo‘lida» amalga oshirilgan har qanday zo‘ravonlik va zulm ilohiy din ustidan zulm hisoblanadi.
Alloh taolo iymon egalariga sevgi, rahm-shafqat va tinchlik-osoyishtalikni buyuradi. Terror esa iymonning tamomila aksidir. U o‘z oldiga berahmlik, shafqatsizlik, zulm, qotillik va azob-kulfatlarni maqsad qilib qo‘yadi. Shuning uchun barcha terrorchilik harakatlarining manbaini xudojo‘ylik va iymondan emas, dahriylik hamda bid’atdan axtarish kerak.
Agar inson sovuqqonlik bilan begunoh kishilarni o‘ldira olibdimi, demak, u iymonli emas, u xudosiz. Bu kimsalar Alloh taoloning jazo-azoblaridan qo‘rqmaydigan bo‘lib qolgan, ularning yagona maqsadi qon to‘kish va odamlarga kulfat-alam keltirish. Shunday ekan, bugungi kunda xalqaro matbuotda tez-tez uchrab turgan «islom terrorizmi», «diniy ekstremizm» haqidagi da’volar, noto‘g‘ri va asossizdir. Zero, Islomda ham, boshqa ikki samoviy dinda ham terrorga yoki odamlar ustidan
boshqa shakldagi zo‘ravonlikka o‘rin yo‘q. Buning ustiga biz «terror» deb atayotgan harakatlar (ya’ni, hech qanday gunohsiz kishilarga qarshi qilinayotgan jinoyatlar) Islomda ulkan gunoh hisoblanadi va har bir musulmon ana shunday harakatlarga yo‘l qo‘ymaslik, yer yuzida tinchlik, osoyishtalik va adolat o‘rnatish uchun Alloh taolo oldida mas’uldir.
Islom – tinchlik va oqibat dini
Din nomidan, uning manfaatlari yo‘lida harakat qilyapmiz, degan da’voda bo‘lgan ayrim odamlar o‘z dinlari ta’limotini tushunib, hayotga noto‘g‘ri tadbiq etayotganlari ravshandir. Shuning uchun u yoki bu din haqida ana shunday odamlarning xatti-harakatiga qarab baho berib bo‘lmaydi. Zero biror din vakili bo‘lish o‘sha dinning ilohiy manbalarini to‘g‘ri o‘rganish, to‘g‘ri anglab yetish orqali bo‘ladi.
Insoniyatga islom ne’matini ato etgan ilohiy vahiy – Qur’oni karimning axloqiy asosi oqibat, rahm-shafqat, mehribonlik, kamtarlik, havoyi nafsdan voz kechish, hurmat va tinchlikka asoslangan. Ana shu ilohiy ko‘rsatmalarga amal qiluvchi musulmonlar hamisha favqulodda yumshoq fe’lli, rahm-shafqatli, adolatparvar va sofdil bo‘ladilar. Umumlashgan tushunchada «terror» degani u yoki bu ko‘rinishda siyosiy maqsadlarga erishish uchun harbiy bo‘lmagan obyektlarga, tinch aholiga qarshi kuch ishlatishdir. Boshqacha aytganda, hech bir gunohsiz kishilar terrorning nishoni bo‘lishadi. Terrorchilar nazdida ana shu odamlarning birdan-bir aybi ularning «boshqa tomonda» bo‘lganlaridir. Demak, terror begunoh odamlarga qarshi zo‘ravonlikni anglatadi, uni ma’naviy jihatdan hech qachon oqlab bo‘lmaydi.
Zero, tinchlik va xotirjamlik Alloh taoloning buyuk ne’matlaridan biridir. Barcha ezgu ishlarni ro‘yobga chiqishining asosi ham osoyishtalikdir.
Bu ne’mat bebaho ekani to‘g‘risida Islom dini manbalarida ham takror-takror aytilgan. Qur’oni karimning yuzdan ortiq oyatlarida tinchlikka chaqirilgan. Alloh taolo bunday marhamat qiladi:
يَهْدِي بِهِ اللَّهُ مَنِ اتَّبَعَ رِضْوَانَهُ سُبُلَ السَّلَامِ وَيُخْرِجُهُمْ مِنَ الظُّلُمَاتِ إِلَى النُّورِ بِإِذْنِهِ وَيَهْدِيهِمْ إِلَى صِرَاطٍ مُسْتَقِيمٍ
ya’ni: “Alloh rizosini topishga intilganlarni Qur’on bilan tinchlik va salomatlik yo‘llariga yo‘llab, O‘z izni bilan ularni zulmatlardan nurga chiqarur va to‘g‘ri yo‘lga hidoyat qilur” (Moida, 16).
Tinchlikning qadriga yetish mo‘min-musulmonlar burchidir. Hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
“Ikki ne’mat borki, ko‘pchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular tinchlik-xotirjamlik va sihat-salomatlikdir”, deb marhamat qilganlar.
Tinchligini yo‘qotgan yurt yulduzsiz osmon kabidir. Qancha unumdor yerlari, bog‘lari bo‘lmasin foyda ololmaydi. Shunga ko‘ra, tinchlikni saqlash maqsadida, barchamiz jipslashib, hamjihatlikda ish tutishimiz zarur.
Har bir inson uchun tinchlik zarurligi borasida Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar:
مَنْ أَصْبَحَ مِنْكُمْ آمِنًا فيِ سِرْبِهِ، مَعَافًي فيِ جَسَدِهِ، عِنْدَهُ قُوتُ يَوْمِهِ، فَكَأَنَّما حِيزَتْ لَهُ الدُّنْيَا بِحَذَافِيرِهَا
ya’ni, “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va uyida bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hayotning bir maromda davom etishi, Haq taolo buyurgan vazifalarni mukammal va xotirjam ado etish uchun tinchlik zarur. Yaratgan Parvardigor ana shu tinchlikni qadrlash vazifasini inson zimmasiga yuklab, shaytoniy yo‘llarga ergashmaslikka amr etadi:
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا ادْخُلُوا فِي السِّلْمِ كَافَّةً وَلَا تَتَّبِعُوا خُطُوَاتِ الشَّيْطَانِ إِنَّهُ لَكُمْ عَدُوٌّ مُبِينٌ
ya’ni: “Ey imon keltirganlar! Yoppasiga tinchlik ishiga kirishingiz va shaytonning izidan ergashmangiz! Albatta, u sizlarga aniq dushmandir”.
Tinchlik qaror topgan yurtdagina osudalik hukm suradi, farzandlar emin-erkin kamolga erishadi, mo‘min-musulmonlarimiz ibodatlarini xotirjam ado etadilar.
Qur’on adolatga targ‘ib qiladi
Qur’oni karimda bayon etilgan oliy haqqoniyat har bir voqeaga har tomonlama baho berish, xolis va adllik bilan yondoshishni, sofdillik, rahm-shafqat, beg‘arazlik va sabr-toqatni talab etadi. Chunki histuyg‘ular va ehtirosga qul bo‘lib qolgan odam voqealarni xolis, har tomonlama mulohaza bilan baholay olmaydi, to‘g‘ri qarorga kelolmaydi va o‘z his-tuyg‘ularining ta’siri ostida qoladi. Qur’onda buyurilgan haqqoniyatga rioya etuvchi inson o‘zining shaxsiy ehtiroslari va mulohaza-fikrlarini o‘ylamasligi kerak. Chunki har yerda va har qachon haqiqatni himoya qilish uchun Alloh taolo oldida mas’uliyatni his etish va oliy haqqoniyatga xizmat etish yo‘lini tanlagani uchun u har qanday sharoitda ham or-nomus, adolatdan chekinmaydi.
Iymonli kishining axloqiy sofligi shunchalar oliy bo‘lishi kerakki, qarshisida turgan odamning talab va ehtiyojlari o‘zining shaxsiy manfaatlaridan ustun bo‘lishi kerak. Musulmon kishi hatto o‘ziga zarar bo‘lsa ham, adolatga rioya qilishda Alloh taolo oldida mas’uldir.
«Ey mo‘minlar, Allohning o‘zi uchun haq yo‘lni tutguvchi, adolat bilan shahodat-guvohlik beruvchi bo‘lingiz! Biron qavm-ni yomon ko‘rishingiz sizlarni adolat qilmaslikka tortmasin! Adolat qilingiz! Shunisi taqvoga yaqinroqdir. Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh qilayotgan amallaringizdan xabardordir» (Moida, 8).
Qur’on ta’limoti musulmondan haqiqiy adolatni talab etadi. Iymonli kishi esa hayotining har lahzasida Parvardigoriga maqbul bo‘ladigan amallarni qilib yursagina Alloh taoloning ajr-mukofotlarga munosib bo‘lishini biladi. Bundan tashqari ana shu kishining axloqiy fazilatiga guvoh bo‘lgan har bir odamda unga nisbatan ishonch paydo bo‘ladi, uning huzurida o‘zini xotirjam his qiladi va har qanday mas’uliyatli ishini unga topshira oladi.
Islom hurfikrlikni himoya qiladi
Islom ta’limoti odamlar hayoti va hurfikrliligini himoya qiladi, musulmonlarga boshqa kishiga nisbatan yomon gap aytishni, g‘iybat va tuhmat qilishni, hatto noxolis fikrga borishni ta’qiqlaydi, odamlar o‘rtasida adovat va ixtiloflarni to‘xtatishga buyuradi. Islom jismoniy zo‘ravonlik va vahshiylikning barcha ko‘rinishlarini ham, odamlarga nisbatan zarracha bo‘lsada g‘oyaviy bosim o‘tkazishni ham birday ma’n etadi:
«Dinga zo‘rlab (kiritish) yo‘qdir. (Zero) haq yo‘l zalolatdan ajrab bo‘ldi» (Baqara, 256)
«Bas (ey Muhammad), siz pand-nasihat qiling! Zotan siz faqat pand-nasihat qilguvchidirsiz, xolos» (G‘oshiya, 21).
Odamlarni dinga yoki diniy ko‘rsatmalarni bajarishga zo‘rlash Islomning mohiyati va ruhiga mutlaqo ziddir. Zero Islom aqidasiga ko‘ra, chinakam iymonga xohish-iroda va vijdon amri bilangina kelish mumkin. Albatta, musulmonlar Qur’oni karimda bayon etilgan axloqiy asoslarni hayotga tatbiq etish zarurati to‘g‘risida bir-birlarini rag‘batlantirishlari, ogohlantirishlari yoki eslatishlari mumkin. Qur’oni karimning axloqiy ko‘rsatmalarini odamlarga tushuntirish har bir dindor odamning burchidir.
Alloh taolo bandalarini g‘uluv (haddan oshish)dan kaytargan
“Ekstremizm” tushunchasi Islom dinining asosiy manbalari bo‘lmish Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambar s.a.v.ning hadislarida qayta-qayta kelgan “g‘uluv” (الغلو), “tug‘yon”(طغيان) , “haddan oshish” (تعدي الحدود)kabi so‘zlar bilan hamohang bo‘lib, dinimiz ta’limotida ularning barchasi qoralangan va musulmonlar bunday amallardan qaytarilgan. Masalan, Qur’oni karimda g‘uluv lafzi bir nechta oyatlarda kelgan va ularning barchasida Alloh taolo bandalarini g‘uluvdan kaytargan. Jumladan: “Ey, ahli kitoblar! (Isoni ilohiylashtirib) diningizda haddan oshib ketmangiz! Alloh (sha’ni)ga esa faqat haq (gap)ni aytingiz! …” (Niso, 171). Yana boshqa bir oyati karimada: “Ayting: “Ey, ahli kitoblar! Diningizda haddan oshmangiz va oldindan adashgan va ko‘plarni adashtirgan hamda to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘iganlarning havoyi nafslariga ergashmangiz!” (Moida, 77).
Islom dini tavhid dini o‘laroq, unda yakka-yu yolg‘iz Alloh taologa ibodat qilishga buyurilgan bo‘lib, musulmonlarni ham birdamlikka chaqirilgandir. Dinda g‘uluvga ketish, haddan oshishdan qaytarilishning sababi, g‘uluv va haddan oshish ixtilofga, guruhbozlikka olib keladi. Alloh taolo Qur’oni karimda shunday degan: “Ular (mushriklar) dinlarini bo‘lib yuborib, (turli) firqalarga ajralgandirlar. Har bir firqa (odamlari) o‘z nazdilaridagi narsa (aqida) bilan shoddirlar” (Rum, 32).
Dinda g‘uluvga ketishning yomon oqibatlaridan yana biri, u kishilarni mashaqqatga solib qo‘yadi. Odamlarni Allohning ko‘rsatgan to‘g‘ri yo‘lidan yurishdan to‘sib, dindan nafratlanib, undan bezib qolishlariga olib boradi. Bundan tashqari shariatda buyurilgan amallarni bajarishdan qoniqish hosil qilmay, o‘z-o‘ziga mashaqqat tug‘diradigan yangi bid’at amallarni o‘ylab topish, dinni mashaqqatdan iborat qilib ko‘rsatishga sabab bo‘ladi. Bu esa Islom dinining mo‘tadillik va yengillikka chaqiruvchi, mashaqqat va qiyinchiliklarni bartaraf etishga asoslangan ta’limotlariga ziddir.
Abu Hurayra r.a.dan rivoyat qilingan quyidagi hadisda Payg‘ambar s.a.v. dedilar: “Albatta, bu din yengildir. Kim unda chuqur ketsa, yengiladi. Bas, to‘g‘ri bo‘linglar, amallaringizni mo‘tadillikka yaqin qilib olib boringlar, din haqida faqat yaxshi gaplarni aytinglar. Tong vaqtida, kunduz kuni va tunning bir oz vaqtida toat ibodat qilib foydalaninglar” (Buxoriy rivoyati). Abdulloh ibn Mas’ud r.a. rivoyat qilgan hadisda Rasululloh s.a.v. shunday dedilar: “Haddan oshuvchi, g‘uluvga ketuvchilar halokatga uchradilar”, deb uch marta takrorladilar. (Muslim rivoyati).
Dinda g‘uluvga ketishning eng birinchi va asosiy sababi albatta, bu dinni yaxshi bilmaslik, diniy savodsizlikdir. Dinni yaxshi bilmagan kishi kim nima desa shunga ergashib ketaveradi. Shayton ko‘ziga chiroyli ko‘rsatgan botil aqidalarni haqiqatini anglamaydi, natijada e’tiqodidan adashadi, katta gunohlarga qo‘l uradi. Shuning uchun har bir musulmon bilmagan narsasini o‘z zamonasidagi yetuk darajada diniy ilmga ega bo‘lgan, barcha e’tirof etadigan olimlarga murojaat qilib bilib olmog‘i darkor.
Hozirgi kunda Islom olamida bir qancha g‘uluvga ketgan ekstremistik guruhlar mavjudki, buni ko‘rgan ba’zi g‘arb ommaviy axborot vositalari ushbu ekstremistik guruhlarning qo‘poruvchilik haraklarini islom dini bilan bog‘lashga urinmoqdalar. Holbuki, bugungi kunda ekstremizm butun jahon muammosiga aylandi, undan dunyodagi deyarli barcha davlatlar jabr ko‘rmoqda, jumladan musulmon davlatlari ham. Yuqorida biz aytgan OAV vakillari bilmaydilarki, Islom dinining o‘zi ekstremizmga qarshi va u ekstremizmga qarshi kurashni bundan o‘n besh asr oldin boshlagan.
Hadisi sharifda marhamat qilinadi: “Uchta amal bor, kim shulardan birortasini qilsa, u jinoyatchidir: Kim nohaqlik ustiga bayroq tiksa, kim ota-onasiga oq bo‘lsa va kim zolimga yordam bersa”. Ibn Abbos r.a. Ka’baning devoriga suyanib turib shunday dedilar: “Ey, Ka’ba! Allohning nazdida hurmating naqadar ulug‘. Lekin, agar men seni yetti marotaba buzib vayron qilganimda ham bitta musulmonga bir marta ozor berganimchalik yomon ish qilmagan bo‘lar edim”.
Islom dini mo‘tadil ekanligining o‘zi uning har qanday ekstremizmga qarshi ekanligining yaqqol isbotidir. Mo‘tadillik degani, haddan ham oshmaydi, sustkashlikka ham yo‘l qo‘ymaydi, balki, har bir ishning eng o‘rtasini, ya’ni adolat nuqtasini tutadi.
Islom birodarlik va bag‘rikenglikka chaqiradi
Bu dunyoda har bir musulmon ularning qaysi dinga mansubligidan qat’iy nazar, barcha odamlarga hurmat, murosa, avf va adolat, muhabbat va rahm-shafqat ko‘rsatishga Alloh taolo huzurida mas’uldir. Alloh taolo tomonidan iymon egalari zimmasiga Islom diniga yaxshilik, omonlik va hurmat bilan da’vat qilish yuklatilgan.
Alloh taolo Qur’oni karimda mo‘minlarga shunday deydi:
«Agar Parvardigoringiz xohlasa edi, butun Yer yuzidagi barcha kishilar iymon keltirgan bo‘lur edilar. Axir siz odamlarni mo‘min bo‘lishga majbur qilurmisiz?» (Yunus, 99).
Muqaddas dinimizda bag‘rikenglikka dalolat qiluvchi hadisi shariflarda Payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v) bunday deb marhamat qilganlar: “Barcha din ahliga xayru-ehson qilingizlar” (Imom Ibn Abu Shayba rivoyat qilgan).
O‘lkamizda azaldan hanafiy mazhabining qaror topishi bejiz emas edi. Zero, Imom A’zam o‘zga dinlar va mahalliy urf-odatlarga nisbatan erkinlik berishi bilan ajralib turadi. Hanafiylik ta’limotini takomilga yetkazgan buyuk vatandoshlarimiz – al-Moturidiy, Abul-Mu’in an-Nasafiy va al-Marg‘inoniy kabi allomalar musulmonlar orasidagi g‘oyaviy tarafkashliklikka barham berish, islom dinining “ahli sunna va-l-jamoa” yo‘li barqaror bo‘lib qolishiga katta hissa qo‘shdilar. Diyorimizdan yetishib chiqqan allomalar asarlarida diniy bag‘rikenglik bilan bog‘liq qadriyatlar targ‘ib qilingan g‘oyalarni uchratamiz. Buyuk alloma, moturidiya aqidaviy yo‘nalishi asoschisi Abu Mansur al Moturidiy (870 944) asarlarida bayon etilgan bag‘rikenglik g‘oyalari bunga misol bo‘la oladi. Jumladan, Moturidiy Qur’on tafsiriga bag‘ishlangan “Ta’vilot ahli sunna” asarida Haj surasining 40-oyatini tafsir qilar ekan, “Cherkov va sinagogalarni vayron etish man’ etiladi. Shuning uchun ham, musulmonlar yurtida shu davrgacha ular buzilmay saqlanib qolgan. Bu masalada ilm ahli orasida ixtilof yo‘qdir”, deb qat’iy ta’kidlaydi. Samarqandlik faqih, mufassir Abu Lays as-Samarqandiy (vaf. 1003 y.) esa o‘zining “Bahr al ulum” degan tafsir kitobida Qur’ondagi Mumtahana surasining 8, 9-oyatlari sharhida “Sizlar bilan dinda urush qilmagan o‘zga din vakillari bilan bordi-keldi qiling, ular bilan adolatli muomala qiling”, deb yozadi. Movarounnahrlik yana bir mashhur faqih, mufassir Abul Barakot an- Nasafiy (vaf. 1310 y.) o‘zining islom olamida ma’lum va mashhur “Madorik at tanzil” asarida mazkur oyatlarni “O‘zga din vakillariga ehtirom ko‘rsating hamda ularga so‘zda va amalda yaxshilik qiling”, deb sharhlaydi. Al Moturidiy nasroniylar musulmonlarga qalbi moyilroq, do‘stona munosabatga yaqin ekanini aytib o‘tgan bo‘lsa, Abul Barakot an-Nasafiy nasroniylar musulmonlarga dili yaqin ekanini, ular orasida tavozeli, kamtar “qissis va rohib” ya’ni, olim va obidlar bor, deya ta’riflab, ilm kimda bo‘lishidan qat’i nazar, u albatta yaxshilikka yetaklashini alohida ta’kidlaydi. Shayx Ahmad Yassaviy (1105-1166) ham o‘z hikmatlarida g‘ayridinlarga yaxshi munosabatda bo‘lishni uqtirgan,
“Sunnat ermish, berma ozor kofir bo‘lsa,
Ko‘ngli qottig‘ dilozordan xudo bezor”.
Dinimiz ta’limotiga ko‘ra, ahli kitoblarni musulmonlar diyorida turli vazifalarga qo‘yish taqiqlanmaydi. O‘tmishda Bag‘dod va Damashq madrasalarida ahli kitoblardan ko‘plab mudarrislar tahsil berishgan. Hatto ayrim islom hukmdorlarining xos tabiblari va kotiblari nasroniy yoki yahudiylardan bo‘lgan.
Jahondagi barcha dinlarning asl mohiyati tinchlik, jumladan islom dini insonlarni irqi, millati, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar ular bilan tinch-totuv yashashga buyuradi.
Insonlarga shukr aytmagan Parvardigoriga ham shukr aytmaydi
Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinkim, bugungi kunda muhtaram Yurtboshimiz tashabbuslari va sa’y-harakatlari bilan yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligi to‘liq ta’minlanib, diniy bag‘rikenglik muhiti tabora mustahkamlanmoqda.
O‘tgan qisqa vaqt davomida Qoraqalpog‘istonda «Imom Eshon Muhammad»masjidi, Xorazmda «Oxun bobo» masjidi, Toshkentda «Suzuk ota», “Imom Termiziy ”masjidlarini katta majmua shaklida bunyod etilayotgani, Surxondaryoda Imom Termiziy, Qashqadaryoda Abu Muin Nasafiy majmualarining qayta qurilishi, shuningdek, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi va Termiz shahrida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish boshlagani katta tuhfa bo‘ldi.
Ayniqsa, Samarqandda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani ajdodlarimizning boy ma’naviy merosi nafaqat yurtimizda, butun islom olamida keng o‘rganilishiga imkoniyat beradi.
Hazrati Imom majmuasida O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining tashkil qilinayotgani yurtimiz dovrug‘ini, bu zaminda tug‘ilib-o‘sgan allomalarning nomlarini dunyoga taratishda beqiyos ahamiyat kasb etadi. Shuningdek, azim poytaxtimizda Islom akademiyasining ochilishi va mamlakatimiz hududlarida aqida, kalom, fiqh, tafsir va hadis maktablarining tashkil etilishi diyorimizdan yana Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Burhoniddin Marg‘iloniy kabi allomalar yetishib chiqishiga juda katta xizmat qiladi, inshoalloh.
Shu o‘rinda aytish lozimki, hozirgi kunda diyorimizda ikki mingdan ziyod masjidlar faoliyat yuritmoqda, 2 ta oliy diniy o‘quv yurti, 9 ta madrasa ish olib bormoqda. Har yili minglab yurtdoshlarimiz haj va umra amallarini ado etishmoqda. Bir yilda bir necha yuzlab nomdagi, millionlab adadda diniy-ma’rifiy nashrlar chop etilmoqda. Bugungi kunda 50 ga yaqin diniy-ma’rifiy saytlar ishlab turibdi. Ularda eng tajribali ulamolar tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri savol-javob qilish va diniy fanlardan onlayn darslar o‘tish ham yo‘lga qo‘yilgan.
Albatta, mana shunday ne’matlarning bardavom bo‘lishi Yaratgan Parvardigorning marhamati va xotirjamlikning mahsulidir. Buning uchun Yaratgan Parvardigorga doimo shukronalar aytamiz.
Navoiy hazratlari o‘zlarining “Arba’in” asarlarida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan quyidagi hadisga go‘zal sharh beradilar:
«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim odamlarga shukr qilmasa, Alloh azza va jallaga ham shukr qilmabdi», dedilar» (Termiziy, Ahmad va Bayhaqiylar rivoyat qilgan).
Ulki Xoliqg‘a shukr der, avval
Shokir o‘lmoq kerak xaloyiqdin.
Kimki, maxluq shukrini demagay,
Demagay dag‘i shukr Xoliqdin.
Xoliqqa shukr qilguvchi kishi avval xaloyiqqa – odamlarga shukr keltirishi kerak. Kim insonlarning shukrini aytmasa, Yaratganga ham shukr aytmaydi. Zero, shukr bilan ne’matlar ziyoda bo‘lib boraveradi.
Biz imom-xatiblar xalqimizni islom ma’rifatiga boshlab, ayniqsa yoshlarimizda ana shu shukronalik hissini qaror toptirishimiz, ularni dunyoga muallim bo‘lgan ulug‘ ajdodlarimizning barhayot ilm chashmalaridan yanada ko‘proq bahramanda etishimiz lozim. Bugun yurtdoshlarimiz har bir yangi kunni tinchlik-omonlik deya atalmish baxtu saodat og‘ushida qarshi olmoqda. Ushbu sururli damlar bardavom bo‘lmog‘i uchun tinchlik ne’matining shukronasini qilib, uni ko‘z qorachig‘idek asramog‘imiz darkor. Zero, Qur’oni karimda ham shukr qilganlarga ne’matlarini ziyoda qilib berishi to‘g‘risida oyatlar mavjud. Aks holda noshukrlik notinchlikka olib keladi.
Anvar qori TURSUNOV,
Toshkent shahar bosh imom-xatibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Hech shubha yo‘qki, xalifa Usmon ibn Affon roziyallohu anhuning o‘limlariga sabab bo‘lgan hodisalardan tortib hazrati Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuning o‘limlarigacha bo‘lgan davrda bo‘lib o‘tgan hodisalar Islom uchun, musulmon ummati uchun misli ko‘rilmagan musibat bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati o‘rtasida bo‘linish yuz berdi. O‘sha paytgacha bir tanu bir jon bo‘lib, butun dunyoga Islom nurini taratib kelayotgan, butun insoniyatga xayru barakani ulashib kelgan dunyo tarixidagi eng yaxshi ummat ichida darz paydo bo‘ldi. Avvallari bu ummat vakillari ixtilof nimaligini bilmas edilar. Vaqti kelib, ular avval ikkiga, keyinroq uchga bo‘linib ixtilof qildilar. Xuddi o‘sha mash’um hodisalar tufayli boshlangan bu bo‘linishlar sekin-asta davom etib, musulmon ummatining sog‘lom tanasi ichidan turli-tuman toifalar chiqdi. Shiy’a, rofiza, xavorij va shunga o‘xshash boshqa har xil toifalarning kelib chiqishi aynan ana shu hodisalardan boshlangan edi.
Mazkur hodisalar tufayli musulmon ummati avval hokim shaxs haqidagi ba’zi mulohazalar bilan bahs boshlagan bo‘lsa, oxiri kelib iymon va kufr borasida bahs qiladigan, bir-birini kufrga ketganlikda ayblaydigan darajaga yetdi.
Ushbu hodisalar, avvalo, fitnachilarning hazrati Usmonga u kishi ishga qo‘ygan ba’zi voliylar haqida shikoyat qilishlari bilan boshlangan edi. Oxiri kelib xorijiylar o‘zlariga muxolif bo‘lganlarni, hatto hazrati Aliydek zotni kofirlikda ayblay boshlashdi. Tabiiyki, qarshi tomondan ham o‘ziga yarasha javob bo‘ldi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati ichida bir-birining qonini o‘zi uchun halol bilish va bir-birini o‘ldirishni ravo ko‘rish boshlandi.
Birinchi marta fitnachilar hazrati Usmon roziyallohu anhuning qonlari va mollarini o‘zlariga halol hisoblab, u kishini o‘ldirib, mollarini talashdi. Ana shu nobakorlik oqibatida ishlar rivoj topib, «Tuya hodisasi»da, «Siffin»da bir necha o‘n minglab kishi halok bo‘ldi. Xorijiylar bilan bo‘lgan alohida hodisalarni qo‘shadigan bo‘lsak, bu hisob yana ham ortadi.
Bir tanu bir jon bo‘lib, dunyo xalqlarini birin-ketin bandalarning bandalarga sig‘inishidan Allohning ibodatiga, noto‘g‘ri dinlarning jabridan Islomning adolatiga, dunyo torligidan oxirat kengligiga, johiliyat zulmatlaridan Islom nuriga chiqarayotgan ummat bir-birini Robbiga ibodat qilishdan chiqarish, bir-biriga jabr qilish, Islomning kengligidan ixtilof torligiga, Islom nuridan jaholat zulmatiga o‘ta boshladi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummatining guli, yetakchi kuchi bo‘lmish sahobai kiromlarning ko‘pchiligi nobud bo‘ldilar. Ularning ma’naviy kuchlariga futur yetdi.
Ushbu hodisalar tufayli musulmon ummati boshiga tushgan musibatlarni birma-bir sanab chiqish nihoyatda og‘ir ish. Shuning uchun bu borada gapni qisqa qilganimiz ma’qul.
Endi ijozatingiz bilan mazkur hodisalarga baho berish haqida bir necha og‘iz so‘z.
Bu hodisalar bo‘lib turgan vaqtlarning o‘zidayoq ularga baho berish boshlangan. Unda har bir tomon o‘zini haq, o‘zgani nohaq deb bilgan. Tarafkashlik bo‘lib turgan joyda bundan boshqa narsa bo‘lishi mumkin ham emas. Ammo mazkur hodisalarga baho berish ular bo‘lib o‘tganidan keyin nihoyatda avj olgani kutilmagan hol. Ushbu hodisalar bo‘lib o‘tgandan keyin turli sabablarga ko‘ra ularni baholash, «kim nima qilgan-u, kim nima qilmagan, aslida nima qilish kerak edi», kabi mavzularda munozaralar qizib ketgan. Bu borada har kim o‘sha to‘palonlar yuz bergan vaqtdagi har bir harakat va sakanot, har bir og‘iz gap va so‘zdan o‘z fikrini qo‘llashga, o‘zganing fikrini rad qilishga dalil izlagan. Tarafkashlik va nizo olovida qizib ketib, dalil topa olmay qolgan paytlarda o‘zidan qo‘shib yuborishlar bo‘lmaganiga esa hech kim kafolat bera olmaydi.
Tarafkashlik avj olgan joyda har kim o‘zining haq ekanini isbot qilishga urinib, o‘zida bo‘lmagan yaxshi sifatlarni bemalol da’vo qilganidek, o‘zida bo‘lgan salbiy sifatlarni taraddudsiz inkor etadi. Shu bilan bir vaqtda, qarshi tarafning barcha yaxshiliklarini inkor etgan holda, barcha yomonliklarni unga ag‘daradi. Mana shu jarayonda nima bo‘lsa bo‘ladi.
Islom ummati yolg‘on nima ekanini bilmas edi. Ammo fitnachilar o‘z qilmishlarini xaspo‘shlash, odamlarni ortlaridan ergashtirish maqsadida bu ummat ichiga «yolg‘on» degan illatni olib kirishdi. Jumladan, ular: «Bizga Aliydan xat keldi» «Bizga Oishadan xat keldi», «Bizga falonchidan xabar keldi» «U debdi», «Bu debdi» degan yolg‘onlarni ham tarqatishgan edi.
Fitnachilar mazkur mash’um hodisalar o‘tib ketganidan keyin ham o‘z tarafini olib, o‘zgani tanqid qilishda davom etaverishdi. Bu narsalar asta-sekin avj ola boshladi. Tarafkashlikda uchiga chiqqan tomonlar esa o‘z gaplarini tasdiqlash uchun oyat va hadislarni nohaq ta’vil qilganlari yetmagandek, yolg‘onlar to‘qib, hatto ularga hadis sifatini berishgacha yetib borishdi.
Ammo mas’ul kishilar, ulamolar bu nobakorlikni darhol bo‘g‘ib tashlash yo‘liga o‘tdilar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga oid barcha rivoyatlar yaxshilab himoya qilindi. Hadislarning darajalarini aniqlashning mustahkam qoidalari ishlab chiqildi. Bu borada fitnachilarning fitnasi o‘tmadi.
Ammo tarixchilar keltirgan rivoyatlarga bu qadar e’tibor qaratilmadi, chunki tarix haqidagi rivoyatlar din va e’tiqod masalalari bo‘yicha rivoyatlar ahamiyatiga ega emas, degan o‘y bor edi. O‘sha paytlarda bo‘lib o‘tgan hodisalar haqidagi rivoyatlar to‘plandi. Ammo ularni saralash va yaroqsizini tashlab yuborish ishlari qilinmadi. Bu narsa ayniqsa hukmdorlik uchun o‘zaro kurash olib borgan toifalarga qo‘l keldi. Ular turli asossiz rivoyatlardan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish bilan birga, yetmay qolgan joylariga o‘zlaridan qo‘shib yuborishdi.
Asta-sekin sahobai kiromlarga til tekkizish boshlandi. Til tekkan sahobiyning tarafdorlari o‘ziga yarasha javob berishdi. Har kim o‘zi ergashgan shaxsni ulug‘lashga o‘tdi.
Ayniqsa, hazrati Aliy roziyallohu anhu haqlarida bunga o‘xshash gap-so‘zlar ko‘p uchraydi. Ba’zi g‘uluvga ketgan toifalar u zotni ilohlik darajasigacha ko‘targan bo‘lishsa, xorijiylarga o‘xshash kimsalar: «Kufrga ketdi», deyishgan.
Yana boshqa bir toifalar hazrati Aliy roziyallohu anhuning taraflarini olish maqsadida u zotni mazlum qilib ko‘rsatishga urinib, boshqa bir nechta katta sahobalarni esa kofirga chiqarib qo‘yishgan.
Bu masalalarga bag‘ishlangan majlislar, janjallar bo‘ldi, kitoblar yozildi, xutbalar o‘qildi. Nima bo‘lsa bo‘ldi, lekin ixtilof ko‘payib boraverdi.
Nihoyat, musulmonlar jumhuri – ahli sunna val jamoa bu masalada ijmo’ ila eng adolatli va so‘nggi nuqtani qo‘ydi: orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda hazrati Aliy va u zotning tarafdorlari haq bo‘lganlar. Ular haqida boshqacha gap bo‘lishi mumkin emas. Bunga dalil va hujjatlar yetarli. Ularning eng ishonchli va kuchlisi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan vorid bo‘lgan sahih hadislardir. Xususan, Ammor ibn Yosir roziyallohu anhu va Zul Sadyaynining hazrati Aliy roziyallohu anhuning fazilatlari haqidagi, kelajakda bo‘ladigan fitnalar haqidagi hadislari fikrimizga dalil bo‘la oladi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarning aybdorlari Ibn Saba’ boshliq fitnachilar va xorijiylardir, barcha qilingan gunohlar ularning bo‘ynida. Ular haqida boshqa gap bo‘lishi mumkin emas.
Fitnachilar asosan Misr, Basra va Kufada tuxum qo‘yib, urchib ketishdi. Fitnaning bosh qarorgohi Misr edi. Uning Islom jamiyatining markazidan uzoqda joylashgani, u yerda haqiqiy ulamolarning, xususan, sahobalarning kam bo‘lgani va boshqa shunga o‘xshash omillar fitnachilarning o‘z fikr-mulohazalarini avom xalqqa yetkazishlariga katta imkon berar edi.
Orada bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarda fitnachilarga ham, hazrati Aliy roziyallohu anhuga ham qo‘shilmagan, balki u zotga talab qo‘yib, talabi bajarilgandagina bay’at qilishlarini aytgan toifa ham bor edi. Ularning gaplari va qilgan ishlari «Tuya» va «Siffin» hodisalaridan hammamizga ma’lum. Ushbu toifaning mashhur shaxslari sifatida Talha ibn Ubaydulloh, Zubayr ibn Avvom, Muoviya ibn Abu Sufyon va Amr ibn Os roziyallohu anhumni eslash mumkin. Ahli sunna val jamoa musulmonlari ularni: «Xato ta’vil va ijtihod qilganlar», deb baholaydi. Ular haqoratlanmaydilar, yomonlanmaydilar. Balki sahobiy bo‘lganlar boshqa sahobai kiromlar bilan bir qatorda ko‘riladi.
Ulamolarimiz va musulmonlar jumhuri bu ishda g‘oyatda talabchan bo‘lgani sababli bu haqda har bir musulmon shaxs e’tiqod qilishi lozim bo‘lgan narsani aqiyda kitoblarimizga bitib ham qo‘yganlar.
Jumladan, ahli sunna val jamoaning eng mashhur aqiyda kitoblaridan biri bo‘lmish «Aqiydai Tahoviyya»da quyidagilar aytiladi:
«Biz ularning hammalari haqida yaxshilik bilan: «Robbimiz, bizni va bizdan avval iymon bilan o‘tgan birodarlarimizni mag‘firat qilgin, iymon keltirganlarga nisbatan qalbimizda g‘ashlik qilmagin. Robbimiz, albatta, Sen o‘ta shafqatlisan, o‘ta rahmlisan», deymiz (Hashr surasi, 10-oyat).
Alloh taolo bizning qo‘llarimizni o‘z vaqtida bo‘lib o‘tgan fitnadan asragan. Biz Allohdan tillarimizni ham mazkur fitnadan saqlashini so‘raymiz».
«Islom tarixi» birinchi juzi asosida tayyorlandi