Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Iyun, 2025   |   13 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:05
Quyosh
04:50
Peshin
12:27
Asr
17:37
Shom
19:58
Xufton
21:36
Bismillah
09 Iyun, 2025, 13 Zulhijja, 1446

Faqirlikka yetaklovchi 40 illat

18.12.2017   1656   3 min.
Faqirlikka yetaklovchi 40 illat

Har bir inson qilayotgan ishidan manfaat ko‘zlashi tabiiy. Ayniqsa, kasb orqali topilayotgan mol-davlat, erishilayotgan yutuq yoki boy berilayotgan imkoniyat, bir so‘z bilan aytganda, bularning barchasi zamirida rizqi barakali bo‘lish istagi mujassamdir.

Insonning oyoq kiyimida tariqdek narsa bo‘lsa, uni olib tashlamaguncha xotirjam yura olmaydi. Kishi oyoq yalang yurmoqchi bo‘lsa, yerdagi mayda toshlar ham seziladi, lekin ko‘nikish barobarida yerdagi tikan va shisha kabi narsalar ta’sir etmay qolar ekan. Mo‘min kishi kichik gunohga yoki ayrim illatlarga parvo qilmasa, katta gunohlarning aybligi odatiy holga aylanib qolar ekan.

Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam muborak hadislarida: “Qazoyi qadarni hech narsa qaytara olmaydi, faqatgina duo qaytarur. Yaxshilik umrni ziyoda qilsa, kishi gunohi sababidan rizqini kelishidan mahrum bo‘ladi”, deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Ushbu hadisi sharif duo va yaxshilik umrni hamda rizqni ziyoda bo‘lishga sababligi, gunoh esa kishi rizqini ma’n qiluvchi ekanini eslatmoqda. Shuningdek, Imom Burhoniddin Zarnujiy o‘zining “Ta’limul-muta’allim” asarida quyidagi illatlar faqirlik keltirishi haqida bayon qilgan. Ta’kidlash lozimki, mazkur illat va odatlardan saqlanish kishiga ham ma’naviy, ham moddiy manfaat keltirish bilan birga, ilm, zuhd va taqvo yo‘lida yuksak cho‘qqini zabt etishni istovchilarga ayni foyda ekani muallif tomonidan zikr etilgan. Xulosani esa o‘zingizga havola qilamiz:

  • Yolg‘on gapirish – gunohi kabiralardan, shunday ekan, barcha gunoh rizqni man’ qiladi;
  • Subh vaqtida uxlash;
  • Ko‘p uxlash;
  • Kiyimsiz holda uxlash;
  • Kiyimsiz holda bavl qilish;
  • Junub holda ovqatlanish;
  • Yonboshlab yotgan holda ovqatlanish;
  • Dasturxonni qoldirishlik (ya’ni qoqmasdan yoki ochiq holda qoldirish);
  • Piyoz va sarimsoqpiyozni kuydirish (buning ikki ma’nosi bor, biri kuydirganda badbo‘y hid chiqishligi, unda ko‘pchilikka ozor berilishi va ovqatga solinadigan toza narsani isrof qilib yoqib yuborish);
  • Ro‘molcha bilan uyni supurishlik (ya’ni yuzini artsa bo‘ladigan toza matoni isrof qilish);
  • Kechasi uyni supurishlikka odatlanish (zarurat bo‘lsa ziyoni yo‘q);
  • Uy yoki hovlini supurib, axlatini bir chetga qoldirib qo‘yish;
  • Keksalarning oldiga tushib yurish;
  • Ota-onani ismi bilan chaqirish;
  • Duch kelgan narsa bilan (tozaligi aniq bo‘lmagan) tishlarini kovlashlik;
  • Loy va tuproq bilan qo‘l yuvish.
  • Ostonaga o‘tirish;
  • Eshikni bir qanotiga suyanib turishlik;
  • Hojat qilinadigan joyda tahorat qilish;
  • Kiyimni kiyib turgan holda tikmoq (masalan tugma qadash);
  • Yuzini kiyimi bilan artib quritmoq;
  • Uylardagi o‘rgimchak uylarini (islarni) olmaslik;
  • Namozni o‘z vaqtida ado etishga dangasalik qilish;
  • Bomdod namozidan keyin masjiddan tezda chiqib ketish (chunki bomdoddan keyin masjidda kun chiqqunga qadar zikrga mashg‘ul bo‘lish katta savob, lekin uzr sababidan tezda chiqib ketsa, zarari yo‘q);
  • Quyosh chiqmasdan oldin bozorga erta borish;
  • Bozordan kech qaytish;
  • Tilanchilar to‘plagan nonlarni sotib olish;
  • Ota-ona farzandiga nisbatan yomon duo qilishi;
  • Idishlar ustini ochiq qoldirish;
  • Shamni puflab o‘chirish;
  • Singan qalam (yo ruchka) bilan xat yozish;
  • Singan taroq bilan soch yoki soqol tarashlik;
  • Farzand ota-onasi haqqiga yaxshi duo qilmasligi;
  • Sallani o‘tirgan holda o‘rashlik
  • Shimni tik turib kiyish;
  • Baxillik;
  • Oila nafaqasiga baxil, ziqnalik qilish;
  • Isrofgarchilik;
  • Kasb va hunarlarini amalga oshirishda dangasalik va beparvolik.

Hasanboy Olimnazarov,

Marg‘ilon shaharidagi “Imom Zahiriddin” masjidi imom-xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Muazzam kunlar og‘ushidamiz

05.06.2025   10779   4 min.
Muazzam kunlar og‘ushidamiz

Diyorimizga ulug‘ ayyom kirib kelmoqda. Qutlug‘ Iydul Azho vatandoshlarimizni xayru saxovat, mehr-oqibat sari chorlaydi. Bu bayram chin ma’noda odamiylik ayyomi. Insonlarga mehr, o‘ksik ko‘ngillarga shodlik ulashish fursati.


Qalblari himmat va karam ne’matidan bobahra xalqimiz bu muazzam kunlarni boy bermaslik uchun fursatni g‘animat biladilar va savobdan bahramand bo‘lib qolishga harakat qiladilar.


Dinimiz ko‘rsatmalari, shariat hukmlarini ustivor tutgan qodir vatandoshlarimiz qurbonliklar qilib, Haqni rozi qilishga, haqdorlar ko‘nglini olishga intiladilar. Yaratganning rahmati yog‘ilib turgan damlarda duolar mustajob bo‘ladi. Alloh taolo o‘zining kalomida “Parvardigoringiz uchungina namoz o‘qing va qurbonlik qiling”, - deb marhamat qiladi.


Bu borada sarvari koinot sayyidimiz ibratlari o‘rinli. Oila a’zolarimizni yo‘qlash, qo‘shnilar holidan xabar olishda, miskinlarni sevintirish-u, xastalar ahvolidan  ogoh bo‘lishda ularning hadisi muboraklari bizga nurli yo‘l, deymiz.


Amallar ko‘p. Ularga beriladigan savoblarning darajasi amalga qarab belgilanadi. Eng savobi ko‘p amal bu farz hisoblansa, boshqalarga yaxshilik ulashish undan keyingi o‘rinda turadigan ulug‘ ibodatdir!


Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam muborak hadislarida boshqalarga qilinadigan yaxshilikni farzdan keyingi o‘rinda turishini bayon qilib shunday dedilar: “Farzlarni ado qilishdan keyingi o‘rinda turadigan Allohga eng suyukli bo‘lgan amal bu musulmoning qalbiga xursandchilikni kiritishdir”.


Shuning uchun Shayx Abdulloh Hoshim rahmatullohi alayh qozilikdan kelgan maoshning teng yarmiga shirinlik sotib olib, o‘zlari bilan olib yurar va har doim uchratgan bolaga shirinlikdan berib, uni xursand qilar edilar.


Ulug‘ kunlarda turibmiz. Har damni g‘animat bilishlik, bir birimizga saxovatda ibrat bo‘lishimiz savobli amallar ekanini his qilmog‘imiz lozim. Bu kunda isrofgarchilikdan xoli dasturxonlar yozish, borimizni boshqalar bilan bo‘lishishga intilishimiz darkor. Xayrni,  yaxshilikni gunohga almashtirib qo‘ymaslik uchun ham uyg‘oq ko‘ngil bo‘lish talab etiladi.


Bugun muazzam kunlar og‘ushidamiz, dedik. Vatandoshlarimiz ulug‘ safarlarni ixtiyor etganlar. Ayni fursatlarda hojilarimiz Mino, Arofat vodiylarida, Muzdalifada – duolar qabul bo‘ladigan makonlarda, zamonlarda ibodatlar qilib, elu yurtga tinchlik, osoyishtalik so‘ramoqdalar. Bu duolar barakotidan diyorimiz ahliga qancha yaxshiliklar yetishadi, inshaalloh. Ibodatlar huzurini totgan odamlarning qalbi salim, ehsonu, muruvvatda peshqadam bo‘lishlari bu eng katta yaxshilik aslida. Hojilarimiz safar odoblarini tushunib, ulug‘ dargohlardan nasibador bo‘lib qaytadilar. Diyorimizga qaytganlaridan so‘ng esa yoshlarimiz ma’naviyatiga kamarbasta bo‘ladigan, Haq va haqiqat yo‘lida sidqidil xizmat qiladigan xolis Haq xizmatchilariga aylanadilar, degan umidimiz bor. Bunday ulug‘ ziyoratlar insonni qaysi yoshda bo‘lmasin, ezguliklarga xayrixox qiladi. O‘zgalar qalbini tushunishga, vatan va xalq manfaati yo‘lida sa’y-harakatga chorlaydi.


Bu kunlarning Yaratgan dargohidagi o‘rni musharraf. Hayit kechalarida duolar qabul bo‘ladi. Qurbonlik go‘shtlaridan nasibador oilalarga xursandchilik kiradi. Bu ehsonlar ortida ham mehr-oqibat, o‘zaro bag‘rikenglik maqsadi mujassam. Biz bu makonda yasharkanmiz, turli millatlar vakillari yagona O‘zbekistonning fuqarolarimiz. O‘zaro tenglik, adolat hukm surgan yurtda birodarlik, yaxshi qo‘shnichilik an’analarini qadrlab yashamoqdamiz. Mahallalarda hamkorlik bilan obodlik sari yo‘l ochilyapti. Vatanimiz kundan- kunga farovon, xalqimiz turmushi chiroyli bo‘lib boryapti. Bu ne’matlarga shukrona qilish, to‘g‘ri yo‘lda sobitqadam bo‘lish ma’rifatimiz, ma’naviyatimiz kamolidan darak beradi.


Xalqimizga saodat va sano ayyomi – Qurbon hayiti muborak bo‘lsin! Barchamizni Yaratgan xayru xursandchiliklar ustida bardavom qilsin. Vatanimiz tinch, yurtdoshlarimizning oilalari farovon bo‘lsin.

Xolmurod MAMAJONOV,

Farg‘ona shahar “Ummul quro” masjidi imom-xatibi

O'zbekiston yangiliklari