Faqirlikka yetaklovchi 40 illat
18.12.2017
1658
3 min.
Har bir inson qilayotgan ishidan manfaat ko‘zlashi tabiiy. Ayniqsa, kasb orqali topilayotgan mol-davlat, erishilayotgan yutuq yoki boy berilayotgan imkoniyat, bir so‘z bilan aytganda, bularning barchasi zamirida rizqi barakali bo‘lish istagi mujassamdir.
Insonning oyoq kiyimida tariqdek narsa bo‘lsa, uni olib tashlamaguncha xotirjam yura olmaydi. Kishi oyoq yalang yurmoqchi bo‘lsa, yerdagi mayda toshlar ham seziladi, lekin ko‘nikish barobarida yerdagi tikan va shisha kabi narsalar ta’sir etmay qolar ekan. Mo‘min kishi kichik gunohga yoki ayrim illatlarga parvo qilmasa, katta gunohlarning aybligi odatiy holga aylanib qolar ekan.
Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallam muborak hadislarida: “Qazoyi qadarni hech narsa qaytara olmaydi, faqatgina duo qaytarur. Yaxshilik umrni ziyoda qilsa, kishi gunohi sababidan rizqini kelishidan mahrum bo‘ladi”, deb marhamat qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).
Ushbu hadisi sharif duo va yaxshilik umrni hamda rizqni ziyoda bo‘lishga sababligi, gunoh esa kishi rizqini ma’n qiluvchi ekanini eslatmoqda. Shuningdek, Imom Burhoniddin Zarnujiy o‘zining “Ta’limul-muta’allim” asarida quyidagi illatlar faqirlik keltirishi haqida bayon qilgan. Ta’kidlash lozimki, mazkur illat va odatlardan saqlanish kishiga ham ma’naviy, ham moddiy manfaat keltirish bilan birga, ilm, zuhd va taqvo yo‘lida yuksak cho‘qqini zabt etishni istovchilarga ayni foyda ekani muallif tomonidan zikr etilgan. Xulosani esa o‘zingizga havola qilamiz:
- Yolg‘on gapirish – gunohi kabiralardan, shunday ekan, barcha gunoh rizqni man’ qiladi;
- Subh vaqtida uxlash;
- Ko‘p uxlash;
- Kiyimsiz holda uxlash;
- Kiyimsiz holda bavl qilish;
- Junub holda ovqatlanish;
- Yonboshlab yotgan holda ovqatlanish;
- Dasturxonni qoldirishlik (ya’ni qoqmasdan yoki ochiq holda qoldirish);
- Piyoz va sarimsoqpiyozni kuydirish (buning ikki ma’nosi bor, biri kuydirganda badbo‘y hid chiqishligi, unda ko‘pchilikka ozor berilishi va ovqatga solinadigan toza narsani isrof qilib yoqib yuborish);
- Ro‘molcha bilan uyni supurishlik (ya’ni yuzini artsa bo‘ladigan toza matoni isrof qilish);
- Kechasi uyni supurishlikka odatlanish (zarurat bo‘lsa ziyoni yo‘q);
- Uy yoki hovlini supurib, axlatini bir chetga qoldirib qo‘yish;
- Keksalarning oldiga tushib yurish;
- Ota-onani ismi bilan chaqirish;
- Duch kelgan narsa bilan (tozaligi aniq bo‘lmagan) tishlarini kovlashlik;
- Loy va tuproq bilan qo‘l yuvish.
- Ostonaga o‘tirish;
- Eshikni bir qanotiga suyanib turishlik;
- Hojat qilinadigan joyda tahorat qilish;
- Kiyimni kiyib turgan holda tikmoq (masalan tugma qadash);
- Yuzini kiyimi bilan artib quritmoq;
- Uylardagi o‘rgimchak uylarini (islarni) olmaslik;
- Namozni o‘z vaqtida ado etishga dangasalik qilish;
- Bomdod namozidan keyin masjiddan tezda chiqib ketish (chunki bomdoddan keyin masjidda kun chiqqunga qadar zikrga mashg‘ul bo‘lish katta savob, lekin uzr sababidan tezda chiqib ketsa, zarari yo‘q);
- Quyosh chiqmasdan oldin bozorga erta borish;
- Bozordan kech qaytish;
- Tilanchilar to‘plagan nonlarni sotib olish;
- Ota-ona farzandiga nisbatan yomon duo qilishi;
- Idishlar ustini ochiq qoldirish;
- Shamni puflab o‘chirish;
- Singan qalam (yo ruchka) bilan xat yozish;
- Singan taroq bilan soch yoki soqol tarashlik;
- Farzand ota-onasi haqqiga yaxshi duo qilmasligi;
- Sallani o‘tirgan holda o‘rashlik
- Shimni tik turib kiyish;
- Baxillik;
- Oila nafaqasiga baxil, ziqnalik qilish;
- Isrofgarchilik;
- Kasb va hunarlarini amalga oshirishda dangasalik va beparvolik.
Hasanboy Olimnazarov,
Marg‘ilon shaharidagi “Imom Zahiriddin” masjidi imom-xatibi
MА`LUMOTNI IJTIMOIY TАRMOQLАRDА ULАSHING