Sayt test holatida ishlamoqda!
20 Iyun, 2025   |   24 Zulhijja, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:04
Quyosh
04:50
Peshin
12:30
Asr
17:40
Shom
20:03
Xufton
21:41
Bismillah
20 Iyun, 2025, 24 Zulhijja, 1446

SHAFQATSIZ GURUHLAR NЕGA “XAVORIJ” DЕB ATALADI

18.12.2017   5750   5 min.
SHAFQATSIZ GURUHLAR NЕGA “XAVORIJ” DЕB ATALADI

Ahli sunna val-jamoa ulamolari hamisha “jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashib kelgan. Adashgan firqalarning xatolarini tushuntirib, ularni to‘g‘ri yo‘lga solish hamda musulmonlarning birdamligi-yu tinchligini asrash yo‘lida jonbozlik ko‘rsatganlar. Bunga ilk xavorijlar bilan Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu orasidagi bahs yorqin dalildir.

Ma’lumki xavorij firqasi o‘zlariga qarshi bo‘lganlarni kofirga chiqarib, ularning qonlarini to‘kishni halol sanaganlar. O‘zlariga qarshi chiquvchilarning diyorlarini “Dorul harb” (musulmon bo‘lmagan diyor) deb nomlaganlar. Ular Ali roziyallohu anhuning “tahkim”ni (Muoviya roziyallohu anhu bilan bitim) qabul qilganini kufr deb hisoblaganlar. Ya’ni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tarbiyalarini olib ulg‘aygan, tirikligidayoq jannat bashorati berilgan “Ash’arai mubashshara”dan (Jannatiy ekani aytilgan o‘n kishi) biri bo‘lgan zotni kofirga chiqarganlar. Ali roziyallohu anhu o‘zlariga nisbatan bunday hukm chiqargan shovvozlarning g‘aroyib da’volariga javob berish va ularni to‘g‘ri yo‘lga solish uchun Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhuni elchi qilib yuborgan. Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu va xavorij yetakchilari o‘rtasida quyidagi bas'h-munozara bo‘lib o‘tgan:

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:

– Uni (ya’ni mo‘minlar amiri Ali roziyallohu anhuni) nimada ayblaysizlar? – so‘radi.

Xavorijlar:

– Uch narsada, – deb javob berishdi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:

– Qanday narsalar? – dedi.

Xavorijlar:

– 1. Allohning amri bo‘lgan narsada kishilarni hakam qildi. Vaholanki, Alloh taolo: “Hukm faqat Alloh ixtiyoridadir”, degan;

  1. Urushdi-yu lekin tahqirlamadi ham, o‘lja ham olmadi. Agar narigi taraf mo‘min bo‘lsa, ular bilan urushish halol emas edi. Agar ular kofir bo‘lsalar, ular bilan urushish ham, ularni tahqirlash ham halol bo‘lgan bo‘lardi.
  2. Barcha mo‘minlarning amiri bo‘lishidan o‘zini ozod qildi. Agar u mo‘minlarning amiri bo‘lmasa, kofirlarning amiri bo‘ladi-da, – deyishdi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:

– Agar sizga Allohning kitobidan va Rasulining sunnatidan so‘zlaringiz xato ekaniga dalolat qiladigan dalil keltirsam qaytasizmi? – deb so‘radi.

Xavorijlar bir ovozdan:

– Nega qaytmas ekanmiz? – deyishda.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:

– Allohning amrida kishilarning hukm qilishiga keladigan bo‘lsak, Alloh taoloning O‘zi kitobida bunday degan: “Ey, iymon keltirganlar! Ehromda bo‘la turib, ovni o‘ldirmangiz! Sizlardan kimki uni qasdan o‘ldirsa, (jazosi) xuddi (xonaki) hayvon o‘ldirish bilan barobar jazodir: u (ham bo‘lsa) Ka’baga (yurib) bora oladigan qurbonlik bo‘lib, unga o‘zlaringizdan ikki adolatli kishi hakamlik qilur”.

Boshqa bir oyatda er-xotin haqida:

Agar ular (er-xotin)ning oralari buzilib ketishidan qo‘rqsangiz, er oilasidan bir hakam, xotin oilasidan bir hakam yuboringiz. Agar (er-xotin) islohni xohlasalar, Alloh o‘rtalarini muvofiqlashtirgay” degan. Demak, Alloh taolo hakamlikni kishilarga topshirgan. Sizdan Alloh haqqi bilan so‘rayman, ayting-chi, musulmonlarning qoni va oralaridagi isloh to‘g‘risida kishilarning hakam bo‘lishlari afzalmi yoki narxi to‘rt dirham bo‘lgan quyon to‘g‘risida va xotin bilan yashash to‘g‘risida hakam bo‘lishlari afzalmi? – dedi.

Xavorijlar:

– Yo‘q, albatta, bu afzal, – deyishdi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:

– Sizni bu fikrdan qaytardimmi? – deb so‘radi.

Xavorijlar:

– Ha, albatta, – deyishdi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:

– Sizning urishdi-yu, tahqirlamadi ham, o‘lja ham olmadi, degan so‘zlaringizga keladigan bo‘lsak, onangiz Oishani tahqirlamoqchi edingizmi? Agar onamiz emas, desangiz kofir bo‘lasiz. (Agar onamiz desangiz, qilayotgan da’volaringizni o‘zingiz inkor qilgan bo‘lasiz) Siz ikkita zalolat orasida taraddudlanib qolgansiz. Endi sizni bu fikrdan qaytardimmi? – deb so‘radi.

Xavorijlar:

– Ha, albatta, – deya e’tirof etishdi.

Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhu:

– Barcha mo‘minlarning amiri bo‘lishidan o‘zini ozod qildi, degan so‘zingizga keladigan bo‘lsak, siz rozi bo‘ladigan bir narsani aytaman. Allohning Payg‘ambari sollallohu alayhi vasallam Hudaybiya kunida Abu Sufyon va Suhayl ibn Amrlar bilan sulh tuzganda: “Ey Ali, bu Allohning elchisi Muhammad sulh tuzgan narsalar, deb yoz”, degandilar. Shunda Suhayl ibn Amr: “Seni Allohning elchisi deb bilmaymiz. Agar seni Allohning elchisi deb bilganimizda sen bilan urushmas edik”, deydi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: Ey, Allohim, Sening elching ekanimni O‘zing bilasan, dedilar-da: Ey Ali (yozganingni) o‘chirib tashlagin va: “Bu Muhammad ibn Abdulloh hamda Abu Sufyon va Suhayl ibn Amrlar sulh tuzgan narsalar deb yozgin”, dedilar, – dedi.

Ushbu suhbatdan so‘ng ikki mingdan ziyod kishi xavorijlikdan qaytgan edi.

Hozirgi kunimizda ham zamonamizning yuzdan ortiq eng mo‘tabar ulamolari “zamonaviy xavorijlar”ga xuddi shu uslubda “ochiq xat” bilan murojaat qildilar. Koshki edi ular ham haqiqatni anglab yetib, to‘g‘ri yo‘lga qaytsalar.

Alloh taolo sodir bo‘lib turgan turli notinchliklarni bartaraf etib, butun dunyoda tinch-totuvlikni barqaror qilsin.

 

A.Rahimov

Xazorasp tumani «Sulaymon Boqirg‘oniy»

masjidi imom-xatibi

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Samarqand shahri 2026 yilda Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qiladi

16.06.2025   6008   1 min.
Samarqand shahri 2026 yilda Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qiladi

Saudiya Arabistonining yetakchi ommaviy axborot vositalari O‘zbekiston hayotida kechayotgan muhim voqelarni yoritishda davom etayapti, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri. 
 

Xususan, ushbu mamlakatdagi ommabop "Sahm News" elektron nashrida O‘zbekiston 2026 yilda Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qilishi haqidagi ma’lumotni tarqatdi.

 

"O‘zbekistonning Samarqand shahri 2026 yilgi Global ekologik fond assambleyasiga mezbonlik qilish uchun tanlandi. Assambleya Markaziy Osiyoda iqlim o‘zgarishi, suv tanqisligi va yer degradatsiyasiga qarshi kurashish uchun mablag‘ yig‘ish platformasiga aylanishi kutilmoqda", – deyilgan materialda.

 

Qayd etilishicha, 2026 yilda Samarqand shahrida Global ekologik fondning sakkizinchi yig‘ilishi va Global ekologik fond kengashining yetmish birinchi yig‘ilishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan. "Bu qaror AQSHning Vashington shahrida bo‘lib o‘tgan Kengashning oltmish to‘qqizinchi yig‘ilishida qabul qilindi", deya urg‘ulangan maqolada.

 

Saudiyaning yetakchi "Watan News" nashri esa O‘zbekiston Prezidentining yaqin kelajakda Bryusselga tashrif buyurishi haqida yozdi. "Bu haqda Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Tobgo Klan to‘rtinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumda ma’lum qildi", deya ta’kidlangan manbada.

 

"Bunday tashrif tarixiy voqea hamda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzolash uchun noyob imkoniyat yaratadi", – deya Tobgo Klan fikrlaridan iqtibos keltirilgan maqolada.


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati