frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Asalarining ibratli hayoti

18.12.2017   10134   18 min.
Asalarining ibratli hayoti

 Alloh taoloning ulug‘ kalomi Qur’oni karimda tafakkur qilish uchun ulkan mahluqotlar qatori  o‘rgimchak, pashsha, asalari va chumoli kabi mitti jonzotlar yaratilgani bayon etilgan. Buni shunchaki bayon qilib qo‘yish uchun emas, balki nima maqsadda yaratilganini anglashga da’vat etadi. Inson hayot tashvishiga o‘ralib yashaganidan tevarak-atrofida jonzotlar qanday yaratilgani va qay tarzda hayot kechirishi haqida o‘ylab ko‘rmaydi. Mulohaza qilib ko‘rilsa, ba’zi jonzotlarni ibrat olish va yana ba’zilarini insonga beminnat xizmat qilishlari uchun yaratilgan. Shunday mitti jonzotlardan biri – asalarini Alloh taolo O‘z kitobida zikr etib, bir surani asalari nomi bilan “Naxl” deb atadi. Alloh taolo marhamat qiladi:

 “(Ey, Muhammad) Rabbingiz asalarilarga vahiy (buyruq) qildi: “Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar)  barpo qiladigan narsalarga in quringiz. So‘ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo‘ygan yo‘llardan yuringiz!”. Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur. Albatta, bunda fikr yuritadigan qavm uchun alomat bordir”. (Nahl surasi, 68-69-oyatlar).

 Bu oyatda asalariga vahiy qildi, deyishdan maqsad xuddi odamzotga ato etgandek ilhom, hidoyat va rushd-to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatdi, deb tafsir qilingan. Haqiqatan, unga ilhom berilmasa, erta-yu kech o‘z iniga o‘zicha qatnamas, nihoyatda foydali va shifobaxsh asal bolini tashib keltirmasdi. Alloh taolo to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatmaganida to‘p-to‘p arilar inlardan bol yig‘ish maqsadida uzoqlarga uchib, o‘z joyiga qaytib kelolmasdi. Chunki inidan chiqqan  asalari vodiy, dara, tog‘ va qir-adirlar osha parvoz qilib, yana mo‘ljaldan adashmay, oldingi joyiga qaytib kelishini tasavvur qilish qiyin.

 Har bir asalarining tanasi bosh, ko‘krak va qorindan iborat. Orqa tarafidagi qorin halqa shaklidagi qismlardan tashkil topadi. Asalari qornida asal to‘rva va yana qursoq deyilgan ikkita oshqozon mavjud. Asalari gullardan yiqqan gulshiraga dastlab qursog‘ida ishlov berib, uni asal holiga keltiradi. Shunisi ajoyibki, asalarining qorin qismini kuzatish imkoni bo‘lsa, o‘ziga xos kimyo laboratoriyasi singari ishlayotganiga guvoh bo‘lish mumkin. Asalari to‘plagan asalning rangi hech qachon bir xil bo‘lmaydi. Bu rang u yashagan iqlim, mavsum va gulshiraga bog‘liq. Asal oq, qizil va jigarrangda bo‘lib, ular ichida eng yaxshisi och sariq ranglisidir. Asalarichilikda asal rangini aniqlash uchun rang jadvallari kashf qilingan. Inidan uchib chiqqan asalari gulzorni ko‘rib qolsa, bu haqda xabar berish uchun boshqalari yoniga qaytgan zahoti “raqs” ga tushib, ularga joy koordinatalarini xabar beradi. Raqs vositasida yetkazilgan ma’lumotlarda gulshira joyini va qayerdaligini aniq bildiriladi. Inson zoti qancha vaqt mashq qilganda ham bu kabi raqsni eplab o‘rganmasligi mumkin. Holbuki, bor-yo‘g‘i olti hafta yashaydigan asalari o‘z “raqslari” bilan ma’lumot yetkazish mahoratini to‘liq egallaydi. Asalari hayotini kuzatilsa, u asal xom ashyosini faqat quyoshga qarab aniqlay oladi. U qutini aylanguncha quyosh har to‘rt daqiqada bir daraja joy o‘zgartiradi. Shunga asosan ari ham o‘ziga kerakli manbani va qutiga borishning eng yaqin yo‘lini topadi. Asalari bu yo‘lda qancha aylanmasin, qutiga nisbatan quyoshning qay darajada o‘zgarganini hisobga olishga majbur. Asalari bu ishni shu darajada bekamu ko‘st bajaradiki, aniq va izchil xatti-harakatlari hamda quti ichidagi tartib va uyg‘unlikni tasodif va na unga berilgan ta’lim natijasi, deb izohlash mumkin.

Bularning hammasi asalarilarga Parvardigor tomonidan berilgan o‘ziga xos tug‘ma instinktdir. Yaratuvchi Zot asalarini ana shunday mukammal va g‘aroyib qilib yaratgan. Alloma Qazviniy “Ajoyib maxluqotlar” asarida: “Ramazon hayiti kuniga marhamat kuni deyiladi. Chunki unda Alloh asalarilarga asal yig‘ishni vahiy (ilhom) qildi. Alloh subhonahu va taolo asalarilar ahamiyati kattaligini e’tirof etib, fahmli, ziyrak, shijoatli, yil fasllari, yomg‘ir vaqtlari, yaylov va ozuqa to‘plash tadbirini biluvchi, boshlig‘iga bo‘ysunuvchi itoatkor, ajoyib hunarli va ajib tabiatli jonivor ekanini bildirdi”, deb keltiradi. Arastu fikricha, asalarilar to‘qqiz turdan iborat bo‘lib, ulardan oltitasi bir-biriga suyanadi. Ozuqalari shirin chiqindilar, gul va barglarga sizib kiruvchi namlik bo‘lib, ularni yig‘ib to‘playdi. Bu – asaldir. Shu bilan birga yog‘li namliklarni ham yig‘adi, ulardan uyalarini quradi. Ushbu yog‘li namliklar mumdan iborat. Asalari ularni xartumchasi bilan yig‘ib, ikki sonida ko‘taradi va undan beliga o‘tkazadi.

 Qur’on asalari gullardan oziqlanishi va bu ozuqa qornida asalga aylanishi, uni og‘zidan to‘kishi va undan katta miqdorda to‘planishi haqida: “So‘ngra turli mevalardan yeb, Parvardigoringiz (siz uchun) qulay qilib qo‘ygan yo‘llardan yuringiz!” Ularning qorinlaridan odamlar uchun shifo bo‘lgan turli rangdagi sharbat (asal) chiqur” (Nahl surasi, 69-oyat), deb xabar beradi. Allohning “turli mevalardan” degan so‘zidan murod ularning ba’zisidir. Bunga o‘xshash Alloh taoloning “turli narsadan berildi” so‘zidan ba’zisi iroda qilingan. Asal rangining turlicha bo‘lishi asalarilarga va yaylovlarga bog‘liq bo‘ladi. Yaylovlar turiga qarab asal ta’mi ham farq qiladi.

 Asalari toza joy bo‘lsa, dastlab u yerda o‘ziga mumdan katakchalar yasab oladi. Yana podsho yashaydigan va asal yig‘maydigan erkak asalarilarga in quradi. Erkak asalarilar asal to‘playdigan ishchi asalari urg‘ochilariga nisbatan jussasi kattaroqdir. Agar inlaridan uchib chiqmoqchi bo‘lishsa, birga uchib chiqadi va havoga ko‘tarilib yana inga qaytishadi. Asalarilar mumni ishlab chiqargandan keyin urug‘ qo‘yadi. Chunki urug‘ qo‘yganda xuddi qushlar tuxum bosgandek ustiga o‘tirib oladi. Bu urug‘lardan oq lichinkalar paydo bo‘lib, biroz vaqt o‘tmay voyaga yetib, o‘zlari ozuqlanadi va ucha oladi. Asalarilar bir gulga emas, turli-tuman gullarga qo‘nadi. Ular inlaridan birini asal va gulchangga, yana birini bolalari bilan to‘ldiradi.

 Asalarilar odatidan biri shuki, agar biron narsa zarar yetkazmoqchi bo‘lib, podsho asalariga yaqinlashayotganini sezib qolsa, darhol uni indan chiqarib tashlaydi. Ko‘pincha uni uyadan chiqarib, tashqarida qatl etishadi. Mabodo podsho asalari hamma asalarilar qatorida tashqariga chiqqanda uchishga qodir bo‘lmasa, uni ko‘tarib oladilar. Podsho asalarida nish bo‘lsa ham, ammo chaqmaydi. Asalarilar to‘planib, ishlarni o‘zaro taqsimlab oladilar. Biri asal yig‘sa, yana biri mum qiladi, yana biri suv tashiydi, yana biri in quradi. Yasagan inlari ham juda ajoyib. Bu inlar aniq bir o‘lchov asosida qurilgandek taassurot qoldiradi va egriligi yo‘q olti burchakli aylana shaklli inlar oxirida birlashib, xuddi bir butun narsaga o‘xshab qoladi. Bunga sabab shuki, uchdan o‘ngacha shaklda yasalsa, inlar bir-biriga qoldiqsiz birlashmay, oralarida tirqishlar hosil bo‘ladi. Olti burchakli qilib yasalgan inlar bunday emas. Agar olti burchakli narsa yana o‘ziga o‘xshashiga birlashtirilsa, ikkisi bir butun narsadek bir-biriga yopishadi. Bularni yasashda asalarilarda na o‘lchagich, na asbob va na sirkul bor. Balki bu marhamatli, hamma narsadan xabardor Zot Alloh taoloning: “(Ey, Muhammad!) Rabbingiz asalarilarga vahiy (buyruq) qildi: “Tog‘larga, daraxtlarga va (odamlar) barpo qiladigan narsalarga in quringiz” (Nahl surasi, 68-oyat) deb buyurganidek, Allohning ishi va asalarilarga ato etgan ilhomi tufayli amalga oshadi.

Asalarilar Rabbi amriga to‘liq va chiroyli itoat etib, tog‘larga, daraxtlarga va odamlar qurgan ayvonlarda qanday qilib in qurishi haqida o‘ylab ko‘rgan kishi ajablanmay iloji yo‘q. Bu uchtasidan boshqa joyda umuman in qurishmaydi. Ko‘proq tog‘larda in qurib, daraxtlarga, ayvon va shiyponlarda in qurishi juda kam. O‘t-o‘lan va o‘tloqzorga qarab inlarini qanday chiroyli tarzda qurib olishlarini bir o‘ylab ko‘ring. Dastlab inni qurib, undan har tomonga tarqaladi, turli gullar va mevalardan totib, inlariga yo‘l oladi. Chunki Rabbi subhonahu va taolo ularga oldin inlarni qurishni, keyin oziqa topib, inlaridan panoh topishni buyurib qo‘yibdi. “Ihyo ulumi din” asarida: “Alloh taolo asalariga tog‘larda in qurib olishga va qanday qilib so‘lagidan mum va asal ishlab chiqarishi, bir qismini shu’la-ziyo va bir qismini esa shifo qilib qo‘yganiga qara”, deb keltiriladi.

 Yana ular gullar va nurlarni ichib, nopoklikdan saqlanishi, o‘z boshlig‘iga itoat etishi va asalarilar o‘rtasida adolat va insof bilan hukm yuritilishi haqida o‘ylab ko‘rsang, bundan ajablanmay ilojing qolmaydi. Boshliq asalari nopok narsaga qo‘nib, undan o‘ziga ilashtirib qaytgan asalarini eshik oldida qatl etadi. Bularni bir chetga qo‘ying-da, mumdan oltiburchak shaklda qurib olingan inlariga ahamiyat bering. Bu inlar  to‘rtburchak va na beshburchak shaklda emas, nega aynan oltiburchak shaklda qurilganiga har qanday zukko va aqlli muhandis tan beradi. Asalari tanlagan shakl har jihatdan olib qaraganda shakllar ichida kengligi va ortiqcha burchak-joy qolmasligi bilan ajralib turadi. Chunki to‘rtburchak shaklda chiqindi burchaklar bo‘lishi tabiiy. Asalarilar o‘z shakliga nomutanosibligi bois inlarini to‘rtburchak shaklda qurmaydi. Agar dumaloq shaklda qurilsa ham, inlari tashqarisida tirqishlar hosil bo‘lardi. Agar dumaloq shakllar birlashtirilsa, bir-biriga zich holda yopishmasligi aniq. Oltiburchak shaklda qurilgan inlar birlashganida hech qanday qoldiq joy bo‘lmasligi aniq. Qanday qilib Alloh taolo ana shu mitti jonzotga ta’lim berib, undan marhamatini ayamagani, unga g‘amxo‘rligi va ilhom berganini ko‘ring. Asalarilar  uyasi yaqiniga borgan kishini chaqadi. Ba’zan chaqilgan kishi halok bo‘ladi. Agar inlari ichida birontasi o‘lib qolsa, havoni buzmasligi uchun darhol uni tashqariga chiqarib tashlaydi. Tozalik ham asalari tabiatida mavjud. Shuning uchun u o‘z najasini uyasida olib turmay tashqariga chiqarishga odatlangan. Chunki uning hidi yoqimsizdir.

Asalari ko‘proq bahor va kuz oylarida asal to‘playdi. Bahorda asal to‘plashi yaxshiroqdir. Yosh asalari kattasiga qaraganda mehnatkash bo‘ladi. Asalari toza, chuchuk suvni ichadi, qayerda bo‘lsa ham uni qidirib topadi. Asaldan faqat o‘ziga kerakli miqdorni tanovul qiladi. Agar inda asal kamayib qolsa, tugab qolishidan qo‘rqib, ko‘paytirish maqsadida asalni suvi bilan og‘zidan chiqaradi. Chunki asal tugab qolsa, asalarilar podsho asalari va erkak asalarilar iniga zarar yetkazadi. Balki u yerda bo‘lganlarini qatl etiladi. Yunonistonlik bir donishmand: “Inlardagi asalarilar kabi bo‘ling”, deb nasihat qilganida shogirdlari hayron bo‘lib: “Inlardagi asalarilar qanday bo‘ladi?”, deb so‘rashdi. Donishmand dedi: “Ular inida bekorchini qo‘ymaydi, undan yuz o‘girib, undan haydab chiqaradi. Chunki u joyni toraytirib, asalni yeb tugatadi. Ishchani yalqovini darhol biladi”.

 Asalarining yana bir xislati shuki, qachonki inidan uchib chiqsa, ozuqa yig‘ib, so‘ngra qaytadi. Har bir asalari o‘z joyiga qaytishda aslo xatoga yo‘l qo‘ymaydi. Misrlik asalarichilar asalari qutilarini kemalarga joylab, gullar va daraxtlar quyuq o‘sadigan joylarga safar qiladilar.   Asalarilar inlardan chiqib, kun bo‘yi yaylovda ozuqa yig‘ish bilan mashg‘ul bo‘ladi. Qorong‘i tushgach, kemaga qaytib, har bir asalari o‘z joyini egallaydi. Imom Ahmad, Hokim, Termiziy va Nasoiy keltirgan rivoyatda amir al-mo‘minin Umar ibn Xattob raziyallohu anhu shunday dedi: “Rasululloh alayhissalomga vahiy kelganida asalarilar g‘uvillashi kabi g‘uvillash eshitilardi. Bir kuni u zotga vahiy tushdi. Biz bir soat kutib o‘tirdik. Bir vaqt u zot qiblaga qarab ikki qo‘llarini ko‘tarib duo qildilar: “Ey Parvardigor, bizni ziyoda qil, bizni kam qilma, bizni ikrom et. Bizni xor etma, bizga ato et, bizni mahrum qilma, bizni afzal et va bizni tashvishlantirma, bizni rozi qil va bizdan rozi bo‘l”.

 Asalarilarga gulshira yig‘ishda qorong‘ulik, bulut, shamol, tutun, suv va olov kabilar xalaqit qiladi. Shunga o‘xshash mo‘min kishining ishlashiga ham g‘aflat zulmati, shak buluti, fitna shamoli, harom tutuni, mo‘l-ko‘llik, farovonlik suvi va havo olovi xalaqit qiladi. Bir tafsirda asalning osmondan tushishi aytilib, asalarilar uni terib, inlariga keltirib, asal uchun tayyorlagan mumga tashlaydi, deyilgan ekan. Bu ayrim kishilarning asalarining ozuqa chiqindisi bo‘lib, oshqozonida asalga aylanadi, deb o‘ylaganidek emas. Bilginki, Alloh taolo o‘z qudratini namoyish etish uchun asalarida zahar bilan asalni jamladi va buni o‘zidan mum bilan aralash holda chiqardi. Mo‘min kishining amali ham shunday xavf va rajo bilan aralashgan. Asalda uch narsa mavjud: shifo, halovat va yumshoqlik. Mo‘min kishi ham shunday. Asalariga haloldan yeyish buyurilgan. Hatto uning so‘lagi shifo va davo bo‘ladi. Tabiblarning davosi achchiq, Allohning davosi shirin bo‘lib, bu shirin davoni asal deyishgan.

Asalari o‘t-o‘lanlarga qo‘nib, undan o‘ziga shirin va yoqimli narsani yig‘adi, yegan narsasining turli-tuman bo‘lishi uni o‘zgartira olmaydi. Ibn Moja va Hokim Ibn Mas’uddan keltirgan rivoyatda Nabiy alayhissalom: “Asal har bir dardga shifodir, Qur’on qalblardagi har bir dardga shifodir. Sizlar o‘zlaringizga ikki shifo – Qur’on va asalni lozim tutinglar”, dedilar. Yana Abu Hurayradan keltirgan rivoyatda Nabiy alayhissalom: “Kim asaldan har oyda uch marta ertalab yalasa, katta balo unga yo‘liqmaydi”, dedilar. Naqqosh degan zotning aytishicha, Abu Vajra asalni ko‘ziga malham qilib, surma qo‘yardi, kasal bo‘lib qolsa, asal bilan davolanardi. Yana rivoyatga ko‘ra, Avf ibn Malik roziyallohu anhu kasal bo‘lib qolsa, suv so‘rardi va Alloh taolo: “Biz osmondan barakotli suv-yomg‘ir yog‘dirdik...” (Qof surasi, 9-oyat) deb aytgan derdi va asal olib kelishni buyurib, mana shu oyatni o‘qirdi. So‘ng zaytun – muborak daraxt deb, zaytun yog‘i keltirishni buyurib, olib kelishgach, hammasini aralashtirib ichardi va shifo topardi. Mujohid dedi: “Makkadan Madinaga borguncha Umar roziyallohu anhuga hamroh bo‘ldim. Rasululloh alayhissalomdan rivoyat qilgan mana bu hadisni boshqa kishidan eshitmadim: “Mo‘min kishi asalariga o‘xshaydi, agar unga hamroh bo‘lsang, senga foydasi tegadi, agar undan maslahat so‘rasang, senga foydasi tegadi, agar birga o‘tirsang, senga foydasi tegadi va uning har bir  ishi foydalidir. Xuddi shunday asalarining ham har bir ishi foydalidir”.

Ibn Asir: “Mo‘min bilan asalarining bir-biriga o‘xshashiga asalarining mahorati, ziyrakligi, ozori kamligi, soqchilik qilishi, foydasi tegishi, qanoati va ertalabda harakati, iflos narsalarga yo‘lamasligi va o‘zi topgan pok narsani yeyishi sabab bo‘lgan. Chunki u boshqaning topganidan yemaydi, shuning uchun ozg‘in. Ibn Umar roziyallohu anhu biron narsadan shikoyat qilmasdi, ammo biron joyi og‘rib qolsa, uni asal bilan davolardi. Hatto chipqonga, yara-chaqa, yiring va momataloq – chaqilgan joyga asalni surtib, asalning shifoligi haqidagi oyatlarni o‘qirdi. Yana ko‘plarimizga ma’lum va mashhur hadis: Abu Sa’id roziyallohu anhu rivoyatiga ko‘ra, bir kishi Nabiy alayhissalom huzurlariga kelib: “Ukam qornidan shikoyat qilayapti”, dedi. U zot: “Asal ichir”, dedilar. Ikkinchi marta kelganda yana: “Asal ichir”, dedilar. Uchinchi marta kelganida qornini yurgizishdan boshqa foyda bo‘lmaganini ma’lum qildi. Payg‘ambarimiz: “Alloh rost aytadi, ukangning qorni yolg‘on aytadi. Unga asal ichir”, dedilar. Bas, yana ichirganida tuzalib ketdi”.

 Mo‘minlar onasi Oisha roziyallohu anho: “Nabiy alayhissalom halvo va asalni yaxshi ko‘rar edilar”, dedi. Mujohid asalarini bekordan-bekor o‘ldirishni makruh deb fatvo beradi. Xuddi odamzotning suti halol, go‘shti harom bo‘lganidek, agar asalarining asali halol bo‘lsa ham, o‘zini yeyish halol emas. Agar asalarini tushda ko‘rilsa, mo‘l-ko‘llik va boylik alomatidir. Agar asalari inini va undan asal olinganini tush ko‘rilsa, halol molga erishiladi. Agar asalari boshga qo‘nganini tush ko‘rilsa, hokimlik va martabaga erishadi. Agar podshoh asalarini tushida ko‘rsa, katta mulkka noil bo‘ladi. Agar dehqonlar tushida ko‘rsa, asalari yaxshilikka dalildir. Kim asalarini o‘ldirganini tush ko‘rsa, u dushmandir. Dehqonlar asalarini o‘ldirganini tush ko‘rishi xayrli emas, chunki asalari unga rizq va maoshdir. Kim tushida asalni ko‘rsa, mashaqqatsiz halol mol va kasaldan shifo topishdir. Kim odamlarga asal yedirayotganini tush ko‘rsa, ularga chiroyli kalom va yoqimli ovoz bilan Qur’onni o‘qib berishiga dalolat qiladi. Kim tushida asal yalayotganini ko‘rsa, u uylanadi. Asal bolini tushida ko‘rish halol meros va sherikli molga dalolat qiladi. Ibn Sirin: “Asal bolini halol rizq deb ta’vil qilib, kim ikki qo‘li orasida qo‘yilgan asal bolini tush ko‘rsa, u ilmli ekaniga va odamlar undan ilm olish uchun oldiga kelishiga dalolat qiladi”, dedi. Agar asal bolining bir o‘zi bo‘lsa, u g‘animat moldir. Agar u bir idishda bo‘lsa, u ilm va halol mol egasi bo‘lgan kishidir. Asal va asalarining bundan ham boshqa hikmatlari ko‘p. Biroq ularni to‘lig‘icha keltirish imkoni yo‘q.

“Asaldan shifo topishni istaysizmi?”

 kitobi asosida Bobomurod ERALI tayyorladi

 

O‘MI Matbuot xizmati

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

18.08.2026   47185   8 min.
Uchinchi Renessans: tarixiy tajribadan zamonaviy taraqqiyotga

Insoniyat sivilizatsiyasi tarixida ayrim davrlar borki, ular faqat muayyan xalq yoki mintaqaning emas, balki butun jahon taraqqiyotining yo‘nalishini belgilab bergan. Islom sivilizatsiyasining IX–XV asrlardagi yuksalish davri ana shunday tarixiy bosqichlardan biri hisoblanadi. Bu davrda ilm-fanning turli sohalari bir-biridan ajralmagan holda. o‘zaro uyg‘unlikda rivojlandi. Matematika astronomiya bilan, tibbiyot falsafa bilan, geografiya matematika bilan, tilshunoslik tarix bilan, diniy ilmlar esa mantiq va tafakkur madaniyati bilan muloqot qilgan. Bugun fanlararo tadqiqot, raqamli gumanitaristika, sun’iy intellekt va kompleks ilmiy yondashuvlar jahon ilm-fanining eng muhim yo‘nalishlariga aylangan bir paytda, o‘sha tarixiy tajriba yanada qiziqarli ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur uyg‘unlik tasodifiy emas edi. U Qur’oni karimda ilmga berilgan yuksak qadr, tafakkurga da’vat, insonni borliqni anglashga chorlovchi g‘oyalar bilan mustahkamlangan ilmiy dunyoqarash mahsuli edi. Shu sababli o‘sha davr olimlarini bugungi zamonaviy tushunchalardagi qat’iy «mutaxassisliklar» doirasiga joylashtirish qiyin.

Forobiy falsafa, mantiq, siyosat, axloq va musiqa nazariyasi bilan shug‘ullangan. Xorazmiy  matematika va astronomiya sohalarida ishlagan. Beruniy astronomiya, geografiya, geodeziya, mineralogiya, tarix va etnografiyaga oid asarlar yaratgan. Ibn Sino tibbiyot bilan bir qatorda falsafa, mantiq va tabiiy fanlar haqida ham keng tadqiqotlar olib borgan. Ulug‘bek esa davlat boshqaruvi, ta’lim va astronomik tadqiqotlarni birlashtirgan ilmiy muhitni shakllantirgan. Bu misollarning umumiy jihati shundaki, bilim sohalari o‘rtasidagi chegaralar qat’iy bo‘lmagan.

Bugun «interdissiplinar tadqiqot» deb ataladigan yondashuvning ayrim tamoyillari aynan ana shu intellektual an’analar bilan hamohang.

Shuningdek, islom sivilizatsiyasining intellektual merosini faqat tabiiy va aniq fanlar bilan cheklash ham to‘g‘ri emas. Chunki diniy ilmlar sohasida ham manbalarni yig‘ish, tekshirish, tasniflash va baholashga qaratilgan murakkab ilmiy an’analar shakllangan.

Imom Buxoriyning hadis ilmidagi merosi bunga yaqqol misol bo‘la oladi. Hadislarni saralashda roviylar haqidagi ma’lumotlar, rivoyat zanjiri va boshqa mezonlar o‘rganilgan. Imom Moturidiy esa aqidaviy masalalarni aql va naql uyg‘unligi asosida tahlil qilgan. Uning merosi islom intellektual an’anasida aqliy dalillash va diniy bilim o‘rtasidagi munosabat masalasida muhim o‘rin tutadi.

Shu jihatdan Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy yoki faqat ilmiy tarix sifatida emas, keng intellektual jarayon sifatida ko‘rish mumkin.

O‘zbekistonda ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi tarixiy ilmiy merosni zamonaviy taraqqiyot ehtiyojlari bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuvning markazida ilm-fan, ta’lim, innovatsiya, madaniyat va ma’naviyatni o‘zaro bog‘liq tizim sifatida rivojlantirish g‘oyasi turadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ham ana shu konsepsiyaning muhim amaliy ifodalaridan biridir.

Markazning vazifasi faqat tarixiy eksponatlarni namoyish qilish bilan cheklanmaydi.

Uning konsepsiyasida islom sivilizatsiyasining ilm-fan, ta’lim, falsafa, san’at, me’morchilik va insonparvarlik sohalaridagi merosini kompleks ravishda o‘rganish va namoyish etish g‘oyasi mujassam.

Nafaqat muzey, balki intellektual platforma

Markazni an’anaviy muzey tushunchasi doirasidagina baholash uning konsepsiyasini to‘liq ifodalamaydi. Zamonaviy muzey faqat eksponat saqlaydigan joy emas. U tadqiqot, ta’lim, raqamlashtirish va xalqaro ilmiy muloqot markaziga aylanishi mumkin. O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasida ham ana shu yondashuv muhim o‘rin tutadi.

Qadimiy qo‘lyozma — shunchaki tarixiy buyum emas. U til, tarix, matnshunoslik, kodikologiya, san’at, materialshunoslik va raqamli texnologiyalar nuqtayi nazaridan tadqiq qilinishi mumkin bo‘lgan murakkab manba. Arxeologik merosni o‘rganishda esa geoinformatsion tizimlar, raqamli modellashtirish, 3D texnologiyalar va boshqa zamonaviy usullardan foydalanish imkoniyatlari kengaymoqda. Shunday qilib, madaniy merosni o‘rganishning o‘zi fanlararo jarayonga aylanmoqda.

O‘tmishni sun’iy intellekt bilan bog‘lash

Texnologiyalar madaniy merosni o‘rganish usullarini ham o‘zgartirmoqda.

Qo‘lyozmalarni yuqori sifatda raqamlashtirish, matnlarni elektron bazalarga kiritish, sun’iy intellekt yordamida matnlarni tahlil qilish, 3D modellar yaratish va virtual muhitlarda tarixiy obyektlarni qayta tiklash imkoniyatlari ilmiy tadqiqotlar uchun yangi yo‘nalishlarni ochmoqda.

Bu yerda muhim nuqta bor. Texnologiya tarixning o‘rnini bosmaydi — u tarixni yangi avlod uchun tushunarli va tadqiqot uchun yanada ochiq qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining konsepsiyasi ham o‘tmishdagi ilmiy merosni zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘lashga qaratilgan.

Bu yondashuv tarixiy bilimni arxiv va kitoblar doirasidan chiqarib, xalqaro tadqiqotchilar, talabalar va keng jamoatchilik uchun ochiq intellektual resursga aylantirish imkonini beradi.

«Ma’rifat bilan jaholatga qarshi»

Islom sivilizatsiyasining ilmiy merosini o‘rganishning yana bir ahamiyati bor.

Global axborot makonida din, tarix va madaniyat haqida turli xil, ba’zan bir-biriga zid tasavvurlar yuzaga kelganda tarixiy merosni ilmiy asosda tushuntirish nafaqat madaniy, balki ma’rifiy ahamiyatga ham ega.

Islom sivilizatsiyasi tarixini faqat diniy marosimlar yoki siyosiy voqealar orqali emas, balki matematika, tibbiyot, astronomiya, falsafa, geografiya, me’morchilik va boshqa sohalardagi yutuqlar bilan birga o‘rganish uning murakkab va ko‘p qirrali tabiatini yaxshiroq anglash imkonini beradi.

Shu ma’noda ma’rifat tarixiy bilimni zamonaviy axborot muhitidagi noto‘g‘ri talqinlarga qarshi muhim vositaga aylantirishi mumkin.

O‘zbekistonning yangi xalqaro ilmiy platformasi

Islom sivilizatsiyasi bir mamlakat yoki bir xalqning merosi emas. U Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq, Shimoliy Afrika, Janubiy Osiyo va boshqa hududlarni qamrab olgan keng tarixiy va intellektual makonni ifodalaydi. Shu sababli bu merosni o‘rganish ham xalqaro hamkorlikni talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi oldidagi muhim vazifalardan biri ham turli mamlakatlarning olimlari, universitetlari, muzeylari va ilmiy-tadqiqot markazlari o‘rtasida muloqotni kuchaytirishdan iborat.

Bu O‘zbekistonning o‘z tarixiy merosini dunyoga tanitish bilan birga, mamlakatni global gumanitar tadqiqotlarning faol ishtirokchisi sifatida namoyon etishiga xizmat qilishi mumkin.

Uchinchi Renessansning asosiy kuchi

Uchinchi Renessans haqida gap ketganda, masala faqat yangi binolar qurish yoki yangi muassasalar tashkil etishdan iborat emas. Asosiy savol boshqa: O‘zbekiston o‘zining boy ilmiy merosini zamonaviy bilim va innovatsiyalarga qanday aylantira oladi? Bu savolning javobi ilm-fan, ta’lim, texnologiya, madaniyat va inson kapitalining bir nuqtada birlashishini talab qiladi.

O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining ahamiyati ham shu nuqtada namoyon bo‘ladi. U tarixiy merosni saqlash bilan birga, uni tadqiq qilish, raqamlashtirish, xalqaro ilmiy muloqotga olib chiqish va yangi avlodga yetkazish uchun platformaga aylanishi ko‘zda tutilmoqda.

Shu ma’noda Markazni o‘tmishga bag‘ishlangan inshoot emas, kelajakka yo‘naltirilgan intellektual investitsiya sifatida baholash mumkin.

Chunki sivilizatsiyaning haqiqiy qiymati faqat uning o‘tmishda yaratgan merosi bilan emas, balki bu meros yangi avlod uchun qanday yangi bilim va g‘oyalarga aylanishi bilan ham o‘lchanadi.

Xorazmiyning hisoblash usullaridan bugungi algoritmlargacha, Beruniyning kompleks tadqiqotlaridan zamonaviy fanlararo loyihalargacha, Ulug‘bek rasadxonasidan raqamli astronomiyagacha bo‘lgan yo‘l bir haqiqatni ko‘rsatadi: ilm taraqqiyoti chegaralar emas, muloqot va hamkorlik orqali tezlashadi.

Ehtimol, Uchinchi Renessansning eng muhim vazifasi ham ana shunda — ajdodlar yaratgan bilimlarni shunchaki eslash emas, balki ulardan yangi bilimlar yaratish uchun foydalanish. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi esa ana shu g‘oya atrofida shakllanayotgan yangi intellektual muhitning muhim platformalaridan biridir.

Muallif: Abulfayz Sayidasqarov, iccu.uz

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari