Sayt test holatida ishlamoqda!
05 Yanvar, 2025   |   5 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:33
Asr
15:27
Shom
17:11
Xufton
18:30
Bismillah
05 Yanvar, 2025, 5 Rajab, 1446

Rasululloh s.a.v.ning oila a’zolariga va yaqinlariga iltifotlari

18.12.2017   6919   12 min.
Rasululloh s.a.v.ning oila a’zolariga va yaqinlariga iltifotlari

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ayollari va boshqa oila a’zolariga iltifot ko‘rsatar, mehr-muhabbat bilan muomala qilar va ba’zida hazillashib ham turar edilar. Boshqalarga ham ahli oilasiga go‘zal munosabatda bo‘lish lozimligini uqtirardilar. U zot sollallohu alayhi vasallamning «Sizlarning yaxshilaringiz – ahliga yaxshilaringizdir. Men ahliga muomala qilishda sizlarning eng yaxshingizman» va «Mo‘minlarning iymoni komilrog‘i va xulqi yaxshirog‘i – ahliga iltifotlisidir» degan so‘zlari ham buni tasdiqlaydi.

Oisha onamiz roziyallohu anhodan: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uyda yolg‘iz qolganlarida qanday bo‘lar edilar?» deb so‘rashdi. Oisha roziyallohu anho: «Tabassumli va xushchaqchak bo‘lar edilar», deb javob berdilar.

Ahli oilalariga chiroyli munosabat masalasiga doir yana bir misolni Oisha roziyallohu anho rivoyat qilgan hadisdan bilib olish mumkin:

Oisha roziyallohu anho qo‘g‘irchoq o‘ynab o‘tirgan edilar, huzurlariga Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kirdilar. Qo‘g‘irchoqlarning orasida ot ham bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ey Oisha, bu nima?» dedilar. Oisha roziyallohu anho: «Sulaymonning oti», degan edilar, u zot Oisha roziyallohu anhoning gaplariga kulib qo‘ydilar.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam men bilan yugurishda musobaqalashdilar. Men u zotdan o‘zib ketdim. Bu to‘lishishimdan oldin edi. To‘lishganimdan so‘ng Rasululloh solllallohu alayhi vasallam mendan o‘zib ketdilar. Shunda u zot: «Bir-u bir», dedilar».

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uy yumushlarida ahli oilalariga qarashar, iltifot ko‘rsatib, ayollarining so‘zlarini berilib eshitar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Oisha onamiz roziyallohu anhoning o‘n bir ayol o‘z erlarining yaxshiyu yomon barcha sifatlarini bir-biriga ro‘y-rost aytib berishga ahdlashganlari haqidagi hikoyalarini e’tibor bilan eshitgan ekanlar.

Sut onalari Halima Sa’diyya va emikdosh singillari Shaymoga ham yuksak darajada hurmat-e’tibor bilan muomalada bo‘lganlar. Ana shu hurmatlari tufayli ham ularning qabilasi bo‘lmish Banu Sa’d ahliga olijanoblik bilan muomala qilganlar.

Payg‘ambar alayhissalom olijanob zot

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘zlari bilan suhbat qilib turgan yoki savol so‘ragan kishining so‘zini e’tibor bilan eshitar, ularni qabul qilar va iltifot ko‘rsatar edilar.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Biron kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quloqlariga shivirlaganini, ya’ni maxfiy gapirganini ko‘rmaganman. U zot muborak boshlarini undan (so‘zlovchidan) uzoq tutar, u kishi ham boshini uzoq qilar edi».[1]

  1. Amr ibn Os roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam xulqi buzuq kishilarga ham gavdalari bilan o‘girilib gapirar edilar. Bunday yo‘l tutishlari sababli Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yomon ko‘rgan kishilar ham yaxshi ko‘rib qolishardi».[2]
  2. Biron kishi bilan ko‘rishsalar, u kishi qo‘lini tortib olmaguncha birinchi bo‘lib qo‘llarini tortmas edilar.[3]
  3. U zot ochiq yuzli va tabassumli kishi edilar. Biror kishi huzurlariga kelsa, uni chiroyli qabul qilar edilar. Ammor roziyallohu anhu kelganda: «Marhabo, ey o‘zi ham yaxshi, yaxshilikka yordam beruvchi odam!» deganlar.[4]
  4. U zotga musulmon kishi salom bersa, undan-da chiroyliroq tarzda javob qaytarar edilar.
  5. U zot huzurlariga kelgan kishini go‘zal ko‘rinishda qarshi olar, sahobalari kelsa «Ahvolingiz yaxshimi?» degan so‘zlari bilan hol-ahvol so‘rar edilar.
  6. Agar ular «Yaxshi, Allohga hamd bo‘lsin», deyishsa, unga: «Alloh seni yaxshilikda qilsin», der edilar.
  7. Biror qavmning ulug‘lari, hurmatli kishilari kelsa, hurmat-izzatini joyiga qo‘yib, kiyimlarini ularning ostiga to‘shar edilar. Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan o‘tirgan edilar, Jarir ibn Abdulloh Bajaliy degan kishi kirib keldi. U xonada o‘tirishga joy yo‘qligidan ostonaga o‘tirib qoldi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam darhol kiyimlarini yechib, unga uzatdilar. Jarir kiyimni olib, yuziga surdi, o‘pdi, yig‘ladi va o‘zlariga qaytarib: «Meni hurmat qilibsiz, Alloh sizni hurmat qilsin! Sizning kiyimingizni aslo tagimga to‘shamayman», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘ngga va chapga qarab: «Huzuringizga bir qavmning ulug‘i kelsa, uni hurmat qilinglar», dedilar.[5]  
  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam so‘zda va savol so‘rashda qavmning yoshi ulug‘larini birinchi o‘ringa qo‘yib: «Kattadan boshlanglar», der edilar.[5]
  2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suhbatdoshlari shariatda ruxsat berilgan so‘zlarni gaplashib o‘tirsalar yoki muboh bir holatda bo‘lsalar, hamsuhbatlariga monelik qilmasdilar. Gunoh bo‘lmagan ishlar haqida so‘z ochilsa, gapga qo‘shilardilar.

Xorija ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Agar dunyo haqida gap ketsa, biz bilan qo‘shilib, dunyoni zikr qilar edilar. Oxiratni eslasak, biz bilan qo‘shilib, oxiratni eslar edilar. Taom haqida gaplashsak, bizga qo‘shilib, taom haqida gapirardilar».[5]

  1. Jobir ibn Samura roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ular (sahobalar) johiliyatda bo‘lib o‘tgan ishlar haqida gaplashar kulishar edilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham indamay, tabassum qilib qo‘yar edilar».[5]
  2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarini xursand qilish uchun ba’zan hazil ham qilib turar edilar. Bir kishi minishga ulov so‘rab kelganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Seni tuyaning bolasiga mindiraman», dedilar. Bunday javobni kutmagan haligi kishi: «Ey Allohning Rasuli, tuyaning bolasini nima qilaman?», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Axir katta tuya ham tuyaning bolasi-ku», deb hazil qildilar.[5]
  3. Zayd ibn Aslam roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Ummu Ayman Habashiya degan ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: «Erim sizni uyga taklif qilyapti», dedi. U zot unga: «Kim u? Ko‘zida oqi bor kishimi?» dedilar hazillashib. Ayol: «Uning ko‘zida oqi yo‘q», dedi jiddiy ohangda. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Yo‘q, ko‘zida oqi bor», dedilar yana. Ayol: «Allohga qasam, yo‘q», dedi. U zot: «Har bir kishining ko‘zida oqi bo‘ladi», dedilar».

Yana bir kuni bir kampir u zot sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, «Ey Allohning Rasuli, Allohga duo qiling, meni jannatga kirgizsin», dedi. U zot: «Ey falonchining onasi, jannatga kampirlar kirmaydi-ku», dedilar. Kampir yig‘lab, qaytib ketdi. U zot: «Unga aytinglar, u jannatga kampir holida kirmaydi. Chunki Alloh taolo (jannatga kiradigan ayollar haqida) «(Ular) jozibali va tengqurdirlar», degan», dedilar. Buni eshitgan kampir xursand bo‘lib ketdi. (Voqea surasi, 37-oyat)

  1. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalar bilan ko‘rishganda ko‘pincha tabassum bilan ko‘rishar, ularga nimadir gapirmoqchi bo‘lsalar, go‘zal ifodali iboralar bilan so‘zlar edilar.

Ummu Dardo roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: «Abu Dardo biror gap gapirsa, tabassum qilar edi. Men unga: «Siz gapirganingizda odamlar sizni ahmoq deb o‘ylamaydimi?» dedim. Abu Dardo roziyallohu anhu: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning biror so‘z gapirganlarini eshitgan yoki ko‘rgan bo‘lsam, albatta tabassum qilar edilar», dedi». Abu Dardo roziyallohu anhu biror so‘z gapirsalar, bu borada ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashib tabassum qilib qo‘yar edi.

  1. Abdulloh degan bir sahobiy bor edi. U Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kuldirib turardi. Bir kuni u Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yog‘ (yoki asal) solingan bir idish sovg‘a qildi. Biroz vaqt o‘tib, Abdulloh idishning egasini olib kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Idishning pulini bering», dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning atroflaridagi sahobalar uzoq kulishdi.
  2. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalariga chiroyli muomala qilganlari haqida yana bir hadisda shunday rivoyat qilinadi: «Bir guruh habashiylar masjidda nayza o‘ynatib mashq qilayotganlarida Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Oisha roziyallohu anhoga tomosha qilishga ruxsat berdilar. Oisha roziyallohu anho u zotning yelkalariga suyanib turib, tomosha qildilar.[5] Bir rivoyatda: «Habashiylar raqsga tushar va: «Muhammad – solih banda», deyishardi», deyilgan.[5]
  3. Rivoyatlarda kelishicha, katta sahobalar Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida raqsga[5] tushishar edi. Ul zot ularni kuzatib turardilar.
  4. Ibn Sa’d roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ja’farga: «Xilqatimga ham, xulqimga ham o‘xshaysan», dedilar. Ja’far xursandligidan o‘rnidan turib, u zotning atroflarida aylanib o‘ynay boshladi». Boshqa bir rivoyatda Ali roziyallohu anhuga: «Sen mendansan, men sendanman», dedilar. Zayd roziyallohu anhuga esa: «Sen bizning birodarimizsan, mavloyimizsan», deganlar. Uchovlari, ya’ni Ja’far, Ali va Zayd roziyallohu anhular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning atroflarida o‘yinga tushib ketishdi. Abu Dovudning rivoyatida: «Ja’far turib o‘ynadi, Zayd turib o‘ynadi», degan lafz keltirilgan.[5] Hofiz Suyutiy aytadi: «O‘yinga tushib ketganlari ko‘proq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ular haqida aytgan gaplaridan suyunganlari bo‘lgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham ularni bundan qaytarmaganlar».
  5. Imom Hokim Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda: «(To‘yda) o‘yin-kulgi ham bo‘ldimi? Ansorlar o‘yin-kulgini yaxshi ko‘radi-ku», deyilgan. Bu hadisda nafs malollanib, qiynalib qolganda unga biroz dam berish va uni rohatlantirish kerakligiga hujjat bor. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning kulgilari tabassum va jilmayib qo‘yishdan iborat bo‘lgan.
  6. U zot yosh bolalarni ko‘rganda ularga iltifot ko‘rsatar, salom berar va erkalatib, boshlarini silab qo‘yar edilar. Ularni Abdulloh (Allohning bandasi), Ubaydulloh (Allohning yosh bandasi) deb chaqirardilar. Ba’zi vaqtlarda u zot: «Oldimga kim birinchi bo‘lib kelsa, falon-falon narsa beraman», deb ularni musobaqalashishga targ‘ib qilardilar. Yosh bolalarni – Abdulloh, Ubaydulloh va Abbos roziyallohu anhularning farzandlarini bir safga tortib, «Kim birinchi kelsa, falon narsani beraman», der edilar. Yosh bolalar bir-biridan o‘zib, u zot tomon intilar hech tortinmasdan yelkalari va bag‘rlariga o‘zlarini otishar edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularni quchoqlab, o‘par edilar.
  7. Safardan qaytib kelsalar, oilalaridagi yosh bolalar chiqib, u zotni kutib olishardi. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bolalarga juda muruvvatli va mehribon bo‘lib, birini qo‘llariga, yana birini opichlab ko‘tarib olar edilar.
  8. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning viqorlari, odoblari va haybatlari haqida Xorija ibn Zayd roziyallohu anhudan shunday rivoyat qilinadi: «Rasululloh majlislarda viqorli insonga yarashmaydigan ishlar bilan mashg‘ul bo‘lmasdilar, ya’ni og‘izlaridan tupuk sachratish, burunlarini qoqish yoki tirnoq olish kabi holatlar aslo kuzatilmagan».

 

 

Muhammad Hasaniyning “Ikki olam sarvari” kitobidan

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchsisi

Baratov G‘iyosiddin tarjima qildi.

 

 

[1] Abu Dovud rivoyati.

[2] Tabaroniy rivoyati.

[3] Bazzor va Tabaroniylar rivoyati.

[4] Imom Termiziy rivoyati.

 [5] Askariy rivoyati.

 

 

 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar

Rajab oyining ro‘zasini tutishni unutmang!

4.01.2025   9026   2 min.
Rajab oyining ro‘zasini tutishni unutmang!

HAROM OYLARDA RO‘ZA TUT!

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, harom (oy)larida ro‘za tut, so‘ngra tark qil, deb uch barmoqlarini bukib ochib ko‘rsatdilar” (Imom Abu Dovud rivoyati).

 

HADIS SHARHI

Ulamolar hadisni bunday sharhlaydilar: “Ushbu harom oy (ashhurul hurum)larda ro‘za tutishga da’vat etadi va uch kun ro‘za tutib, uch kun qoldirishga ishora qiladi. Rajab oyi ham harom oylardan biri hisoblanadi”.

 

HAROM OYLARI TO‘RTTADIR

Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qiladi: “Albatta, Allohning kitobida oylarning soni Allohning huzurida osmonlaru yerni yaratgan kuni o‘n ikki oy qilib belgilangan. Ulardan to‘rttasi (urush qilish) harom (oylar)dir” (Tavba surasi, 36-oyat).

 

BU OYDA RASULULLOH QANDAY RO‘ZA TUTARDILAR?

Usmon ibn Hakim roziyallohu anhu aytadi: “Said ibn Zubayrdan rajab oyida turganimizda bu oy ro‘zasi haqida so‘radim. U: “Ibn Abbosning Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ro‘za tutar edilar, hatto og‘izlarini ochmasalar kerak, der edik. Og‘izlari ochiq bo‘lardi, hatto ro‘za tutmasalar kerak, der edik, deyayotganini eshitganman” dedi.

 

RAJAB OYIDA RO‘ZA TUTUVCHILARGA QASR QURILADI

Abu Qiloba roziyallohu anhu aytadilar: “Rajab oyida ro‘za tutuvchilar uchun jannatda bir qasr bor”.

 

BIR KUNLIK RO‘ZANING MUKOFOTI

Abu Sa’id Xudriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Bir banda Alloh yo‘lida bir kun ro‘za tutsa, o‘sha kungi ro‘zasi sababli Alloh uning yuzini do‘zaxdan yetmish yillik masofaga uzoq qiladi”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Termiziy rivoyati).

 

SAHARLIK-IFTORLIK VAQTI

06 yanvar – dushanba

Saharlik vaqti (og‘iz yopish): 06:24
Iftorlik vaqti: (og‘iz ochish) 17:12

 

QANDAY NIYAT QILINADI?

Niyati: Xolis Alloh uchun rajab oyining ro‘zasini tutishni niyat qildim.

 

Davron NURMUHAMMAD