Turkiyaning Istanbul shahrida joriy yilning 16-17 dekabr kunlari Yevroosiyo islom kengashi fatvo assambleyasining ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilish kun tartibida:
Kengashda ishtirok etayotgan davlatlardagi diniy idoralar qoshidagi fatvo bo‘limlarining faoliyat usuli;
tibbiyotga taalluqli zamonaviy fatvolar (sun’iy urug‘lantirish va homilaga taalluqli masalalar misolida) masalalari ko‘rildi.
Yevropa, Rossiya va Markaziy Osiyodan jami 40 ga yaqin davlat vakillari ishtirok etgan ushbu yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo‘limi mudiri Homidjon Ishmatbekov ham qatnashdi.
Yig‘ilishda Homidjon Ishmatbekov so‘zga chiqib, O‘MI va Fatvo bo‘limi faoliyati haqida so‘zlab berdi. Shu jumladan, O‘zbekistonda diniy sohada olib borilayotgan islohotlar hamda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan ochilgan ilmiy maktablar, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Islom akademiyasi haqida ma’lumot berib o‘tdi. Yig‘ilish ishtirokchilari O‘zbekiston xalqini bu xursandchilik bilan muborakbod etdilar.
O‘MI Matbuot xizmati
Sulaymon ibn Ayub rahimahulloh bunday hikoya qiladi: “Men o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida ilm o‘rganish va Qur’onni yod olishga harakat qilsam-da, Fotiha surasini to‘g‘ri o‘qiy olmasdim. Bu holat menga og‘ir edi. Hatto ustozim ham mendan umidini uzgan edi.
Yolg‘iz qolganimda sajdaga bosh qo‘yib yig‘lab, duolarimda Alloh taolodan tilimni burro, xotiramni o‘tkir qilishini hamda qalbimdagi g‘ashlikni ketkazishini so‘rab iltijo qilardim.
Solih insonlardan biriga holimni bayon etdim. U mendan: Ota-onang bormi? - deb so‘radi.
Men: Ha, onam bor, - deb javob berdim.
U: Onangga yaxshilik qilasanmi? – deb so‘radi.
Men: Ha onamning xizmatlarini bekamu ko‘st bajaraman, – dedim.
Shunda solih kishi menga: Onangni oldiga borib, undan Qur’oni karimni yod olishing hamda faqih bo‘lishing uchun duo qilishini so‘ra, – dedi.
Men uyga borib, bu gaplarni onamga aytdim. Volidam yarim tunda namoz o‘qidi, haqqimga xayrli duolar qildi. So‘ngra saharlik qilib, Alloh uchun ro‘za tutdi.
Tong otishi bilan onamning duolari qabul bo‘ldi. Xuddi bulutlar tarqagach quyosh charaqlagani singari aqlim ham yorishib, quvvai hofizam kuchayganini his etdim.
Shu tariqa men zehni o‘tkir va ilmli insonga aylandim. Onamning duosi barakotidan Qur’on va hadisni puxta o‘zlashtirib, ilmu-hikmat dengizida suza boshladim. Nihoyat, kuchli imomga aylandim”.
Kim biror maqsadini amalga oshirishda qiynalsa, avvalo, Alloh taologa tayanish barobarida ota-onasining duosini olsin!.
Shayx Mahmud MISRIYning
“Solih va solihalar hayotlaridan qissalar” kitobi asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.