Rasululloh sollallohu alayhi vasallam eng ko‘p tabassum qiladigan inson edilar. U zot tabassum qilishni Allohga ibodat qilish darajasiga olib chiqqanlar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Birodaringning yuziga tabassum qilib qarashing ham sadaqadir”, deb aytganlar. U zot tabassumli edilar. Zero, Alloh taolo u zotga shunday deydi: “Agar qo‘pol, qalbi qattiq bo‘lganingda, atrofingdan tarqab ketar edilar” (Oli Imron surasi 159-oyat).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam olamlarga rahmat bo‘lib keldilar. Bu rahmatga eng haqli insonlar u zotning oilasi, yaqinlari, qarindoshlari va sahobalaridir. U zotning pok yuzlarida yorqin tabassum nur sochib turar edi. Insonlar bilan ko‘rishsalar ularning qalblari asir bo‘lib, nafslari butunlay u zotga moyil bo‘lar, ruhlari ham u zotning atroflarida bo‘lishga oshiqar edi.
Jarir ibn Abdulloh al-Bujaliy roziyallohu anhu: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam har qachon meni ko‘rib qolsalar, albatta tabassum qilar edilar”, deb aytgan. Jarir roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu hadyalaridan doimo farxlanib yurar va uni boshqalarga ham aytar edilar. Jarir roziyallohu anhuning nazdida bu go‘zal tabassum esda qolarli barcha narsadan qadrliroq edi. Uning yuziga bir bora kulishlari ruhini yaxshilik, mehr va sadoqatga, qalbini esa bag‘rikenglik, rahmat va do‘stlikka to‘ldirar edi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulishda, hazil qilishda qalbi qotgan, tabiati o‘ta qattiq, qovog‘i doim solinib turadigan kishi bilan ko‘p kuladigan, hazili ko‘p kishi orasida edilar. U zot ma’lum bir munosabatlarda kular edilar, hatto ba’zida oziq tishlari ham ko‘rinib qolardi. Lekin kulishda tanalari qimirlab ketadigan, kulganidan bir tomonga yonboshlab qoladigan darajada bo‘lmas edilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: “Ko‘p kulma! Chunki ko‘p kulish qalbni o‘ldiradi”, deb aytganlar.
Yana shunday rivoyatilar keladi, ularda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalari bilan hazil qilganlar. Mana shundan voqealardan birida sahobalardan biri u zotga: “Ey Rasululloh, meni bir tuyaga mindirsangiz-chi”, deb aytdi. Shunda u zot: “Men senga faqat tuyaning bolasini ravo ko‘raman”, deb aytdilar. So‘ragan kishi xafa bo‘lganday ortiga qaytib ketdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uni chaqirtirishlarini buyurdilar. U kelgach: “Tuya faqat tuya tug‘adimi?!” dedilar. (Ya’ni tuyaning bolasi ham tuya ekanini nazarda tutdilar).
Bir kampir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, jannatga kirishini Allohdan duo qilishlarini iltimos qildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Jannatga kampirlar kirmaydi!”, dedilar. Bu so‘zdan kampir hafa bo‘lib, ortiga ketayotgan edi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Nima sen, Alloh taoloning: “Biz ularni (hurlarni) daf’atan paydo qildik (onadan tug‘ilmadilar). So‘ng ularni bokira qizlar qildik. (Ular) jozibali va tengqurdirlar”, degan so‘zini eshitmaganmisan?”, deb aytdilar.
Bir kuni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam sahrodan jonliq yetaklab kelib turgan edilar, Azmehr (bir rivoyatda ismi Zohir) ismli bir kishi huzurlariga kelib qoldi. Shunda U zot sollallohu alayhi vasallam: “Zohir bizning cho‘limizda, biz esa, uning shahrida yuribmiz”, dedilar. U zot sollallohu alayhi vasallam uni juda yaxshi ko‘rar edilar. Bir kuni Zohir bozorda molini sotayotgan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uning orqasidan quchoqladilar. Shunda u: “Ey kim bo‘lsangiz ham qo‘yib yuboring”, deb aytdi. Quchoqlagan kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ekanliklarini bilgach, U zotning muborak ko‘kraklaridan mahkam quchoqlab oldi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam esa: “Kim sotib oladi bu qulni”, deb ayta boshladilar. Zohir: “Allohning Rasuli, meni sotganingiz bilan foyda ko‘rmaymiz, balki men sizni kasodga uchrataman”, dedi. Shunda U zot: “Lekin sen Allohning huzurida kasodga uchratuvchi emassan”, dedilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning tabassumlari Robbilariga bo‘lgan itoatlari edi. Shuningdek, unda bo‘ysunish va go‘zal o‘rnak ham bor. U zotning kulgulari o‘yin, bekorchilikdan vaqtni o‘tkazish uchun bo‘lmas edi.
Safarga chiqaturib, ulovlarini minayotganlarida safar duosini qildilar, so‘ng: "Ey Alloh, mening gunohlarimni mag‘firat qil! Chunki duolarni faqat Sengina kechirasan”, deb aytdilar. Keyin biroz tabassum qildilar. Atroflarida sahobalar: “Ey Allohning Rasuli, Nima sababidan kulyapsiz”, deb so‘rashdi. U zot: “Rabbingiz qachonki bandasi: “Ey Alloh, mening gunohlarimni mag‘firat qil! Chunki duolarni faqat Sengina kechirasan”, deb aytsa, U Zot azza va jalla: “Bandam mendan boshqa gunohlarni kechiruvchi zot yo‘qligini bilar ekan”, deydi” deb aytdilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qadrlarini ko‘tarib, hatto U zotning kulgularini kitoblarda eng ajoyib ibratli qissalar etib saqlab qo‘ygan Zot barcha ayb-u nuqsonlardan pokdir. U zotning darajalarini ko‘tarib, hazil qilishlarini eng ishonchli kishilar go‘yo farz amalni rivoyat qilganlaridek, bir-birlaridan rivoyat qilib yuradigan qilib qo‘ygan Zot oliydir. U zotga, sahobai kiromlariga, oilalariga Alloh taoloning salavotu salomlari bo‘lsin!
Muhammadyahyoxon XO‘JAYEV,
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi
بِسْمِ اللهِ الرَّحْمَنِ الرَّحِيمِ
فَأَمَّا مَنْ أُوتِيَ كِتَابَهُ بِيَمِينِهِ فَيَقُولُ هَاؤُمُ اقْرَءُوا كِتَابِيَهْ. إِنِّي ظَنَنتُ أَنِّي مُلَاقٍ حِسَابِيَهْ. فَهُوَ فِي عِيشَةٍ رَّاضِيَةٍ. فِي جَنَّةٍ عَالِيَةٍ. قُطُوفُهَا دَانِيَةٌ. كُلُوا وَاشْرَبُوا هَنِيئًا بِمَا أَسْلَفْتُمْ فِي الْأَيَّامِ الْخَالِيَةِ
Yaqinda davlatimiz Rahbari raisligida ijtimoiy himoya sohasida amalga oshirilgan ishlar hamda 2025 yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari nutq so‘zladi.
Jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, nogironligi bo‘lgan kishilarga yordam ko‘rsatishning fazilati, ular haqiga xiyonat qilish og‘ir gunohligi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi tashkil etilishi, xayru ehsonlar o‘z egalariga yetkazilayotgani, yaxshilik qilishning fayzu barakasi haqida to‘xtaldi.
Qur’oni karimda yutuqqa erishish va oxiratda najot topishning to‘rt asosiy sababi haqida so‘z boradi. Alloh taolo aytadi: “Ey iymon keltirganlar, ruku, sajda qilinglar va Rabbingizga ibodat qilinglar hamda yaxshilik qilinglar, shoyadki, najot topsangiz” (Haj surasi, 77-oyat).
“Yaxshilik qilinglar” buyrug‘i barcha yaxshilikni o‘z ichiga oladi. Alloh taolo boshqa bir oyatda aytadiki: “Ularning ko‘pgina maxfiy suhbatlarida yaxshilik yo‘q, magar kim sadaqaga, yaxshilikka va odamlar orasida islohga amr qilsagina, yaxshilik bor” (Niso surasi, 114-oyat).
Haqiqiy yutuq odamlarning holini o‘nglash kabi voqelikda ta’siri ko‘rinadigan yaxshi amallaridir. Talabaning muvaffaqiyati ilmiy yuksalishda, jamiyatga foydasi tegadigan mutaxassis bo‘lib yetishishda. Ustozning muvaffaqiyati talabalarga chiroyli ta’lim berishda. Shu kabi har qanday kasb egasining yutug‘i o‘z ishini puxta bilishi, unga yuklangan vazifani to‘la-to‘kis ado etishidadir.
Haqiqiy yutuq Haqning toatida bo‘lish, Uning buyrug‘iga amal qilish, qaytarig‘idan qaytish ila ro‘yobga chiqarkan!
Haqiqiy yutuq – qiyomat kunida kishining amallari yozilgan daftari o‘ng tomonidan berilishidir: «Bas, o‘z kitobi (nomai a’moli) o‘ng tomonidan berilgan kishi aytur: “Mana, mening kitobimni o‘qingiz! Darhaqiqat, men hisobotimga ro‘baro‘ bo‘lishimni bilar edim”. Bas, u qoniqarli maishatda, oliy jannatda, mevalari (uzib oluvchiga) yaqindir. (Jannat ahliga): “O‘tgan kunlarda (dunyoda) qilib o‘tgan (ezgu) amallaringiz sababli (ushbu noz-ne’matlarni) yoqimli ishtaha bilan yeb-ichaveringiz!” (deyilur)» (Haqqa surasi, 19–24-oyatlar).
Musulmon inson dini va oxirati xususida muvaffaqiyatga erishishi kerak degani dunyoviy muvaffaqiyatlarga erishishga harakat qilmasin, dunyoga butunlay qo‘l siltasin deganimas! Aksincha, musulmon kishining dunyoda muvaffaqiyat qozonish uchun harakat qilishi – Allohning yerdagi “xalifasi” maqomiga munosib ish! O‘tkinchi hayotda muvaffaqiyat qozonishga berilib ketib, oxirat tadorigidan chalg‘imasa, bas! Musulmonlar dinu dunyolarida, oxiratlarida yutsalar, naqadar soz bo‘ladi!
Abdulaziz ABDULLAYEV,
Qamashi tumanidagi “Chim” jome masjidi imom-xatibi
"Hidoyat" jurnali 2-sonidan