Shavkat Mirziyoyev joriy yil 20-21 yanvar kunlari Qoraqalpog‘istonga qilgan safari davomida Nukus shahridagi «Imom eshon Muhammad» jome masjidida bo‘lib, bu yerda imom-xatiblar malakasini oshirish o‘quv markazi, yotoqxonasi va kutubxona, masjid hududini obodonlashtirish va atrofiga devor qurish, nonvoyxona tashkil qilish, hovuz, favvora va boshqa qulayliklarni barpo etish bo‘yicha ko‘rsatmalar bergan edi, deb xabar berdi O‘zA.
Bu yerda o‘tgan 11 oy davomida keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari bajarildi. Masjid ma’muriy binosining birinchi qavatida O‘zbekiston musulmonlari idorasining Qoraqalpog‘istondagi vakilligi idorasi joylashgan bo‘lib, uning barcha xonalari qayta ta’mirdan chiqarildi. Ikkinchi qavatida axborot-resurs markazi, 2 ta kutubxona tashkil etildi. Issiq pol qurildi, eshiklari yangisiga almashtirildi. Namoz o‘qiydigan maskan rekonstruksiya qilinib, gumbaz qayta ishlandi. Masjid yonidan minora, hovuz, novvoyxona, avtomobillar uchun to‘xtash joyi va boshqa qulayliklar bunyod etildi. Manzarali daraxt va gullar ekildi.
Shuningdek, masjid yonida 128 o‘ringa mo‘ljallangan imom-xatiblar malakasini oshirish o‘quv markazi tashkil etilib, zamonaviy jihozlar bilan ta’minlandi.
Shavkat Mirziyoyev nuroniylar va imom xatiblar bilan suhbatlashdi.
«O‘tmishda yashab o‘tgan buyuk ajdodlarimiz hayoti va ma’naviy merosini chuqur o‘rganish uchun barcha sharoitlarni yaratamiz. Aholi ziyorat qilib, chinakam ma’naviy ozuqa oladigan bunday ma’naviy-ma’rifiy maskanlarni yanada obod qilib, kelajak avlodlar uchun saqlashimiz kerak», — dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bugun 2025 yil 8 yanvar kuni Toshkent shahar, Uchtepa tumani "Vatan" tantanalar majmuasida "Jaholatga qarshi ma’rifat" nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov, aholi vakillari, yoshlar va xotin-qizlar ishtirok etib, islom dini ezgulik, tinchlik va insoniylik dini ekani, fazilatlar, azaliy qadriyatlar ifodasi ekanligini targ‘ib qilish, yosh avlodga milliy qadriyatlarimiz, an’analarimizni to‘g‘ri tushuntirish, yurtimiz tinchligini asrash, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash borasida fikrlar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati