Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhumo Alloh taoloning fazli bilan Islom ne’matiga erishdi. U zot butun vujudi bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yaxshi ko‘rar, qalbi Payg‘ambarimiz alayhissalomning muhabbatiga limmo-lim to‘la edi. Bu muhabbat Ibn Umar roziyallohu anhuni barcha ishlarda Nabiy sollallohu alayhi vasallamga o‘xshashga chorlardi. Shuning uchun, u doimo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni kuzatib, so‘zlarini ixlosu muhabbat bilan tinglardi. Hatto masjidda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qanday ruku va sajda qilib namoz o‘qisalar, u ham xuddi shunday ibodat qilardi.
Ibn Umar roziyallohu anhu Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan ko‘p hadislar rivoyat qilgan. Uning hadis rivoyat qilishda asosiy mezoni, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan qanday eshitgan bo‘lsa shunday yetkazish edi. U zot alayhissalomning so‘zlariga biror so‘zni qo‘shmasdi. Shuningdek, biror kalimani kamaytirmas edi. Ibn Umar roziyallohu anhu vaqt o‘tishi bilan hadis rivoyat qilishda sahobiylarning omonatdorlaridan biriga aylandilar.
Zubayr rahimahulloh aytadi: “Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan nima eshitsa, uni yodlab olardi. Agar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning biror suhbatlarida qatnasha olmasa, guvoh bo‘lganlardan so‘rar edi. Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallam borgan masjidlarni ziyorat qilib, u yerda ikki rakat namoz o‘qirdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam haj mavsumida Arofat tog‘ida turgan joyga Abdulloh roziyallohu anhu ham, albatta, to‘xtardi”.
Nabiy alayhissalom safarga chiqqan paytda, hordiq chiqargan joylarda Ibn Umar roziyallohu anhu ham to‘xtab o‘tardi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam soyalangan daraxtning ostida Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu to‘xtar va o‘sha daraxtga suv quyib parvarish qilib ketardi. Natijada daraxt Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oldidan o‘tgan paytdagidek uzoq vaqt yashnab turardi.
Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu duo qilishda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga taqlid qilardi. Agar u zot (alayhissalom) turib duo qilsalar, tik turar, o‘tirib iltijo qilsalar o‘tirib duo qilardi.
Abdulloh roziyallohu anhu doimo Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ortlaridan ergashar edi. Bundan Oysha roziyallohu anho qattiq ta’sirlanib bunday degan ekan: “Biror kishi Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhu)dek Nabiy (alayhissalom)ning ortlaridan ergashgan emas”.
Ibn Umar roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni yod etib, so‘z boshlasa ko‘zlari yoshga to‘lardi. Ahli baytning uylarini oldidan o‘tsa, ko‘zlarini yumib olardi. Darhaqiqat u zot roziyallohu anhu butun umri davomida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sevib yashadi. U zot alayhissalom hayotlik paytlarida sadoqat bilan xizmat qildi. Bir mo‘min bunday duo qilardi: “Yo Allohim! Men Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuga ergashishim uchun, uning umrini uzun qilgin. Zero, men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonida Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhudek amallarni mukammal bajaradigan boshqa odamni bilmayman”.
Manbalar asosida
Zomin tumani “Xo‘ja Ro‘shnoiy”
jome masjidi imom-xatibi
Abdulg‘ofur MAMATQULOV
tayyorladi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Imom Molik Sa’id ibn Musayyibdan rivoyat qiladi:
«Bir musulmon va bir yahudiy xusumatlashib, Umar roziyallohu anhuning huzuriga kelishdi. Yahudiy haq bo‘lib chiqdi. Umar uning foydasiga hukm chiqardi. Shunda yahudiy unga:
«Allohga qasamki, haq ila hukm chiqarding», dedi.
«Sen qayerdan bilding?» dedi Umar, uni darra ila urib.
«Biz Tavrotda: «Qaysi qozi haq ila hukm chiqarsa, albatta, o‘ng tomonida bitta, chap tomonida bitta farishta uni quvvatlab turadi. Modomiki, u haqda ekan, ishini to‘g‘rilab ham turadilar. Qachon haqni tark qilsa, ular ham uni tark qilib, ko‘tariladilar», deyilganligini topamiz», dedi».
Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning ilohiy adolat ummonidan suv ichgan adolatlarini ko‘rgandan keyin, undan bahramand bo‘lgandan keyin yahudiy ham erib ketib, musulmonlar xalifasini alqashga o‘tgan. U yahudiylarning boshqalardan berkitib yuradigan kitoblari, ya’ni Tavrotdagi haqiqatni Umar ibn Xattob roziyallohu anhuning hukmida ko‘rganligini e’tirof etgan.
Ha, hazrati Umar roziyallohu anhuning Islom jamiyati rahbari sifatida olib borgan ishlariga butun dunyo qoyil qolgan va haligacha qoyil qolib kelmoqda.
Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunga o‘xshash adolatli ishlarni tashviqot uchun qilmas edilar. Balki buni vazifa, Alloh taolo oldidagi burch, deb his etganlaridan qilar edilar. Kim bo‘lishidan qat’i nazar, har bir odam u kishi uchun Alloh taolo nozil qilgan shariat hukmi oldida barobar edi. Musulmonmi, zimmiymi yoki boshqami, hazrati Umar uchun baribir edi. Haq kim tarafda bo‘lsa, hukm o‘shaning foydasiga chiqarilar edi.
«Hadis va hayot» kitobining 23-juzidan olindi