Me’yor – o‘rtacha yo‘lni tutish, mo‘tadillik demak. Har sohada, har bir mavzuda o‘rta yo‘lni tutish marg‘ub sanaladi. Hatto yaxshi, savobli ishni bajarishda ham me’yor shart. Alloh taolo marhamat qiladi: “Ular ehson qilganlarida isrof ham, xasislik ham qilmaslar, (tutgan yo‘llari) buning o‘rtasida – mo‘tadildir” (Furqon, 67).
Namoz – dinning ustuni, ro‘za – imon qalqoni. Ammo bu ibodatlarni bajarishning ham me’yori bor. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam Alloh ajr berishdan charchamaydi, lekin siz zerikib qolasiz, shuning uchun o‘rtahol ibodat qiling, degan mazmunda o‘git beradilar. U zot yana ifrotga ham, tafritga ham ketib qolishdan qaytaradilar. Ya’ni, o‘ta beparvo ham bo‘lib qolmang, tarkidunyochilikka ham berilib ketmang, deb ogohlantiradilar.
Hadisi shariflarda aytilishicha, Alloh yo‘lida bir kishi bilan do‘st tutinish boshqa soya bo‘lmaydigan Kunda Arshning soyasidan joy olishga sabab bo‘ladi.
Ammo yana shu hadislarda mazkur xususda ham o‘rtacha yo‘l tutish – do‘stni me’yorida yaxshi ko‘rish bilan birga dushmanni yomon ko‘rishda ham chegaradan oshmaslik kerakligi nasihat qilinadi. Doimo ishlarning o‘rtachasi yaxshi ekani uqtiriladi.
Bularning barchasidan xulosa chiqarsak, o‘rtachalik – inson tabiatiga mos,
xilqatiga xos xislat. Aynan, u bilan dunyoning nizomi, jamiyat intizomi barqaror bo‘ladi. Me’yordan og‘ishmasak, e’tiqodimizu amallarimiz Kitob va sunnatga mos bo‘ladi. O‘tmish solih ajdodlarimiz tutgan yo‘l ham shu aslida.
O‘MI matbuot xizmati
Sahih xilvatdan oldingi taloq atalgan mahrning yarmini vojib qiladi.
Bu hukm Qur’oni karimda kelgan. Alloh taolo «Baqara» surasida bunday deb marhamat qiladi:
«Agar ularga qo‘l tekkizmay turib taloq qilsangiz va mahrni belgilab qo‘ygan bo‘lsangiz, belgilanganning yarmini berasiz, magar ular afv qilsa yoki nikoh tuguni qo‘lida bo‘lgan kishi afv qilsa», (bermaysiz) (237-oyat).
Agar mahr atalmagan bo‘lsa, sahih xilvatdan oldingi taloqda «mut’a», undan keyingida «mahri misl» vojib bo‘ladi.
Bu hukm ham Qur’oni karimda kelgan. Alloh taolo «Baqara» surasida bunday marhamat qiladi:
«Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q. Ularni boy boricha, yo‘q holicha ma’ruf ila bahramand eting. Yaxshilik qiluvchilar zimmasiga burch o‘laroq» (236-oyat).
Bu oyatda nikohdan keyin, mahrni aniqlamagan holatda, duxuldan oldin taloq qilganda nima bo‘lishi haqida so‘z ketmoqda. Avvalo, shunday holatda taloq qilish gunoh emasligi bayon qilindi.
«Agar xotinlarni, ularga qo‘l tekkizmay turib yoki ular uchun mahrni belgilamay turib, taloq qilsangiz, sizga gunoh yo‘q».
Chunki insongarchilik yuzasidan turli holatlar bo‘lib turadi. Albatta, bu taloq kelin uchun, uning ahli uchun og‘ir bo‘ladi. Umid bilan nikohdan o‘tib, orzu-havas bilan yangi turmushni ko‘zlab turganida, oilaviy hayotni boshlamay turib, taloq bo‘lishi katta musibat. Buning ustiga, do‘stu dushman, yoru birodarlarning oldida nima degan gap bo‘ladi?! Ana shu holatlarni hisobga olib, mahr hali tayin bo‘lmaganligi uchun bu kelinga «mut’a» (foyda) deb nomlangan moliyaviy taqdirlash berish shariatda ushbu oyati karima asosida joriy qilingan.
Beriladigan mut’aning miqdori kuyov tarafga bog‘liq, imkoniga qarab, ko‘proq narsa bersa, yaxshi bo‘ladi. Rivoyat qilishlaricha, imom Hasan roziyallohu anhu mut’a uchun o‘n ming dirham bergan ekanlar.
Ulamolarimiz: «Mut’a o‘z davrlarining o‘lchovida beriladi: boy bir xizmatchi olib beradi, kambag‘al uch sidra kiyim-bosh bersin», deganlar.
Shunday qilinsa, kelin tarafga yengil bo‘ladi, ko‘ngillari taskin topadi. Do‘st-dushmanning gap-so‘zidan ham qutuladilar. Chunki shunchalik mol-dunyo berish qizda ayb yo‘qligining, yigit taraf uni hurmat qilishining, ammo noilojlikdan ajralayotganining alomati bo‘ladi. Shu bilan birga, kuyov tarafni ham qiynab yuborish kerak emas.
Oyatda:
«Ularni boy boricha, yo‘q holicha ma’ruf ila bahramand eting», deyilyapti.
Kuyov taraf «yaxshilik ila» harakat qilishi kerak, shuningdek, kelin taraf ham. Oyatning oxirida foyda berish yuqori maqom ekani:
«Yaxshilik qiluvchilar zimmasiga burch o‘laroq», deb yana bir bor ta’kidlanyapti.
«Mahri misl» o‘sha yurtda, o‘sha zamonda boshqa kelinlarga odat bo‘yicha qancha mahr berish joriy bo‘lib turgan bo‘lsa, o‘sha miqdordagi mahrdir.
"Baxtiyor oila" kitobidan