Sayt test holatida ishlamoqda!
10 Yanvar, 2025   |   10 Rajab, 1446

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:48
Peshin
12:36
Asr
15:32
Shom
17:16
Xufton
18:35
Bismillah
10 Yanvar, 2025, 10 Rajab, 1446

Inson aziz

16.12.2017   4910   4 min.
Inson aziz

Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70).

Alloh taolo odamzodni azizu mukarram qilgan, uni eng go‘zal va mukammal shaklda yaratgan. Qur’oni karimning “Tin” surasining to‘rtinchi oyatida marhamat qilinadi:

Haqiqatan, Biz insonni xushbichim (shaklda) yaratdik”. Alloh taolo odamni tik oyoqda yuradigan, qo‘li bilan ovqat yeydigan qilib yaratdi. Unga quloq, ko‘z, ko‘ngil berdi. Inson ular vositasida ko‘radi, eshitadi va narsalarni bir-biridan farqlaydi. U narsalarning yaxshisini va chiroylisini biladi. Din va dunyo ishlarida o‘ziga nima foydayu nima zarar ekanini ajrata oladi.

Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik”. Ulamolar ushbu oyatni turlicha tafsir qilishgan. Ibn Abbos roziyallohu anhuga ko‘ra, insonning o‘zga jonzotlardan mukarramligi ovqatni qo‘li bilan yeyishidir.

Muhammad ibn Ka’b “Insoniyat orasidan Hazrat Muhammad alayhissalomning bo‘lishlari ularning mukarramliligidir”, deb tafsir qilgan bo‘lsa, Zahhokka ko‘ra, odamzod nutq va farosati bilan mukarram bo‘lgan. Mufassir Ibn Jarir Tabariy “insonlarning ko‘pchilik maxluqot ustidan hukmronlik qilishi va borliqning odamzodga bo‘ysundirilgani uning azizligidandir”, degan. Yana ayrim olimlarning tafsir qilishlaricha, insoniyat gapirishi va yoza olishi bilan boshqa maxluqlardan azizdir.

Tafsirchi Qurtubiy aytadi: “Odam bolalarining azizligiga sabab ulardagi aqldir. Zero, aql taklifning (ibodat va muomalaga layoqatning) asosidir. Inson aql bilan Alloh taoloni taniydi, Uning kalomini tushunadi, ne’matlariga erishadi, payg‘ambarlarini tasdiqlaydi. Faqat aql bandani barcha maqsadlariga yetkazolmasligi sabab payg‘ambarlar yuborilgan, kitoblar tushirilgan. Shariat bamisoli quyosh, aql esa bamisoli ko‘zdir. Ko‘z, agar sog‘lom bo‘lsa, ochilishi bilan quyoshni ko‘radi, narsalarning tafsilotlarini idrok qiladi.

Alloh taolo ba’zi hayvonlarga bergan xislatlarni, masalan, otning chopishi, eshitishi, ko‘rishi, filning kuchi, sherning shijoati kabi ba’zi xislatlarni odamzodga ham ato etgan. Ammo uning boshqa jonzotlardan afzal va aziz qilinishi, aytib o‘tganimizdek, aql sabablidir”.

“...va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik...”

Ibn Abbos roziyallohu anhu bu oyatni “Quruqlikda eshak, xachir, ot, tuya kabi ulovlarga, dengizda esa katta-kichik kemalarga mindirib qo‘ydik”, deb tafsir qilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda zamonaviy avtoulovlarni ham kiritish mumkin.

Alloma Faxruddin Roziy oyat tafsirida bunday yozadi: “Alloh taolo hayvonlarni  insonlar minishi, yuk ortishi va boshqa shu kabi ishlarini bajarishi uchun bo‘ysundirib qo‘ygan. Shuningdek, suvlaru kemalarni ham unga minishi, yuklarini tashishi va boshqa yumushlarini bajarishi uchun odamzodga bo‘ysundirib qo‘ygan. Bularning barchasi insonning bu olamda bo‘ysuniladigan rahbar, itoat qilinadigan podshoh ekaniga, boshqa barcha borliq uning qo‘li ostida ekaniga dalolatdir”.

“...hamda ularga pok narsalardan rizq berdik” ekinlardan, go‘shtu sutlar va yana boshqa rangi va mazasi turli-tuman ne’matlardan rizq qilib berdik. Go‘zal manzaralar, turfa xil, rang-barang kiyim-kechaklardan, dunyoning turli burchaklarida yetishadigan anvoyi mevalardan rizqlarini berdik.

“...va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik...” ya’ni, boshqa maxluqot va mavjudotlardan ustun qildik.

Bizning ahli sunna val jamoa aqidamizga ko‘ra, farishtalarning payg‘ambarlaridan insonlarning payg‘ambarlari afzaldir. Oddiy mo‘minlardan farishtalarning payg‘ambarlari afzal. Oddiy farishtalardan oddiy mo‘minlar afzaldir (“Aqoid matnlari”).

Qurtubiy, Ibn Kasir va Faxruddin Roziy tafsirlari asosida

No‘mon ABDULMAJID

tayyorladi.

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

To‘lamagan yo‘lkiralarimni qanday ado etaman?

10.01.2025   1577   1 min.
To‘lamagan yo‘lkiralarimni qanday ado etaman?

Cavol: Kollejda o‘qib yurgan vaqtlarimda ba’zan avtobusdan yo‘lkirani bermasdan tushib ketardim. Bu ishning og‘ir gunoh ekanini anglab yetdim. Buni qanday to‘g‘rilasam bo‘ladi? Taxminiy hisoblab, sadaqa qilsam bo‘ladimi?

Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Siz bu ishingiz uchun avvalo istig‘for aytib, tavba qilasiz. To‘lamagan yo‘lkiralaringizni taxminiy hisoblaysiz hamda o‘zingiz foydalangan avtobuslar boshqarmasidan yo‘lkiralar to‘lanadigan hisob raqamlari bo‘lsa, qarzlaringizni shunga o‘tkazib qo‘yasiz va shu bilan zimmangizdagi yukdan qutilasiz, inshaalloh. Agar ularda bunday imkoniyat bo‘lmasa, sadaqa qilib yuborasiz.

Shuni yodda tutish lozimki, birovlarning haqlari eng avvalo egasiga qaytarish shart bo‘ladi. Egasi yoki uning merosxo‘rlarini topishning iloji umuman bo‘lmagandagina uning nomidan sadaqa qilinadi. Vallohu a’lam.

 

O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.

Maqolalar