“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik” (Isro, 70).
Alloh taolo odamzodni azizu mukarram qilgan, uni eng go‘zal va mukammal shaklda yaratgan. Qur’oni karimning “Tin” surasining to‘rtinchi oyatida marhamat qilinadi:
“Haqiqatan, Biz insonni xushbichim (shaklda) yaratdik”. Alloh taolo odamni tik oyoqda yuradigan, qo‘li bilan ovqat yeydigan qilib yaratdi. Unga quloq, ko‘z, ko‘ngil berdi. Inson ular vositasida ko‘radi, eshitadi va narsalarni bir-biridan farqlaydi. U narsalarning yaxshisini va chiroylisini biladi. Din va dunyo ishlarida o‘ziga nima foydayu nima zarar ekanini ajrata oladi.
“Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik”. Ulamolar ushbu oyatni turlicha tafsir qilishgan. Ibn Abbos roziyallohu anhuga ko‘ra, insonning o‘zga jonzotlardan mukarramligi ovqatni qo‘li bilan yeyishidir.
Muhammad ibn Ka’b “Insoniyat orasidan Hazrat Muhammad alayhissalomning bo‘lishlari ularning mukarramliligidir”, deb tafsir qilgan bo‘lsa, Zahhokka ko‘ra, odamzod nutq va farosati bilan mukarram bo‘lgan. Mufassir Ibn Jarir Tabariy “insonlarning ko‘pchilik maxluqot ustidan hukmronlik qilishi va borliqning odamzodga bo‘ysundirilgani uning azizligidandir”, degan. Yana ayrim olimlarning tafsir qilishlaricha, insoniyat gapirishi va yoza olishi bilan boshqa maxluqlardan azizdir.
Tafsirchi Qurtubiy aytadi: “Odam bolalarining azizligiga sabab ulardagi aqldir. Zero, aql taklifning (ibodat va muomalaga layoqatning) asosidir. Inson aql bilan Alloh taoloni taniydi, Uning kalomini tushunadi, ne’matlariga erishadi, payg‘ambarlarini tasdiqlaydi. Faqat aql bandani barcha maqsadlariga yetkazolmasligi sabab payg‘ambarlar yuborilgan, kitoblar tushirilgan. Shariat bamisoli quyosh, aql esa bamisoli ko‘zdir. Ko‘z, agar sog‘lom bo‘lsa, ochilishi bilan quyoshni ko‘radi, narsalarning tafsilotlarini idrok qiladi.
Alloh taolo ba’zi hayvonlarga bergan xislatlarni, masalan, otning chopishi, eshitishi, ko‘rishi, filning kuchi, sherning shijoati kabi ba’zi xislatlarni odamzodga ham ato etgan. Ammo uning boshqa jonzotlardan afzal va aziz qilinishi, aytib o‘tganimizdek, aql sabablidir”.
“...va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik...”
Ibn Abbos roziyallohu anhu bu oyatni “Quruqlikda eshak, xachir, ot, tuya kabi ulovlarga, dengizda esa katta-kichik kemalarga mindirib qo‘ydik”, deb tafsir qilgan. Bunga qo‘shimcha ravishda zamonaviy avtoulovlarni ham kiritish mumkin.
Alloma Faxruddin Roziy oyat tafsirida bunday yozadi: “Alloh taolo hayvonlarni insonlar minishi, yuk ortishi va boshqa shu kabi ishlarini bajarishi uchun bo‘ysundirib qo‘ygan. Shuningdek, suvlaru kemalarni ham unga minishi, yuklarini tashishi va boshqa yumushlarini bajarishi uchun odamzodga bo‘ysundirib qo‘ygan. Bularning barchasi insonning bu olamda bo‘ysuniladigan rahbar, itoat qilinadigan podshoh ekaniga, boshqa barcha borliq uning qo‘li ostida ekaniga dalolatdir”.
“...hamda ularga pok narsalardan rizq berdik” ekinlardan, go‘shtu sutlar va yana boshqa rangi va mazasi turli-tuman ne’matlardan rizq qilib berdik. Go‘zal manzaralar, turfa xil, rang-barang kiyim-kechaklardan, dunyoning turli burchaklarida yetishadigan anvoyi mevalardan rizqlarini berdik.
“...va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik...” ya’ni, boshqa maxluqot va mavjudotlardan ustun qildik.
Bizning ahli sunna val jamoa aqidamizga ko‘ra, farishtalarning payg‘ambarlaridan insonlarning payg‘ambarlari afzaldir. Oddiy mo‘minlardan farishtalarning payg‘ambarlari afzal. Oddiy farishtalardan oddiy mo‘minlar afzaldir (“Aqoid matnlari”).
Qurtubiy, Ibn Kasir va Faxruddin Roziy tafsirlari asosida
No‘mon ABDULMAJID
tayyorladi.
Rivoyat qilinishicha, Hasan Basriy rahimahullohning qo‘llarida Abbos degan bir yigit tavba qilgan ekan. U yigit avvallari juda ko‘p gunoh qilgan bo‘lgan, so‘ng tavba qilgan, lekin shu holda yetmish marta tavbasini buzgan. Oxir-oqibat umrining so‘nggi daqiqalari yaqinlashganda, o‘limi ko‘ziga ko‘ringan paytda onasini chaqirib shunday dedi:
— Ona, Hasan Basriy hazratlarini chaqiring, men u zotning huzurlarida tavbamni yangilamoqchiman, shoyadki Alloh taolo tavbamni qabul qilsa.
Onasi shoshilib Hasan Basriyning huzuriga borib, salom berdi va:
— Men Abbosning onasiman, o‘g‘limning o‘lim payti yetdi va u sizni so‘rayapti, tavbasini yangilamoqchi, dedi. Hasan Basriy rahimahulloh bunga javoban:
— Bor, menga tavba qilib, uni qayta-qayta buzadigan odamning keragi yo‘q, dedi.
Ayol yig‘lagan holda uyiga qaytib keldi va o‘g‘liga:
— Ey, o‘g‘lim! Shayx sening yomon qilmishlaring tufayli kelishdan bosh tortdi, dedi.
Shunda Abbos osmonga boqib:
— Yo Robbim, Parvardigorim, shayx mendan yuz o‘girdi, ammo Sen mendan yuz o‘girma, umidimni so‘ndirma, deb duo qildi.
Shundan so‘ng yigit onasiga qarab:
— Ey, onajon! Agar vafot etsam, oyog‘ingizni yuzimga qo‘ying, keyin bo‘ynimga arqan bog‘lab, bozorda sudrab yuring va ovozingiz boricha “Bu — Allohga osiy bo‘lganning jazosidir” deb baqirib yuring. Shoyad, mening holimni ko‘rib, Alloh O‘z fazli va rahmati bilan meni afv etsa, dedi.
Onasi uni o‘zi aytganidek o‘g‘lining yuziga oyog‘ini qo‘ymoqchi edi, hotifdan bir ovoz eshitildi:
— Oyog‘ingni sajda qiladigan joyga qo‘yma. Shuni bilginki, Alloh taolo uni afv etdi va do‘zaxdan ozod qildi.
Shundan so‘ng onasi uni dafn qildi va uyiga qaytdi. Shu kecha Hasan Basriy tushida bir ovozni eshitdi:
— Ey Hasan! Nima uchun bandamni Mening rahmatimdan umidsiz qilib qo‘yding? Axir uni Men yaratganmanku va Mening rahmatim har narsani qamrab oladi. Qasamki, agar yana shunday qilsang, seni solihlar daftaridan o‘chiraman!
Bu qissa Allohning rahmati va fazlining ulkan ekanini, hamda tavba qilishda inson hech qachon umidsiz bo‘lmasligi kerakligini yorqin tarzda bayon qiladi.
Homidjon domla ISHMATBЕKOV