“O‘g‘lim, bizning sendan boshqa umid nishonamiz, hayot quvonchimiz yo‘q. Dunyoda ko‘rib o‘taturg‘on barcha orzu-havasimiz faqatgina senga qarab qolgan. Biz Allohga ming shukrlar aytamizki, sen boshqalarning farzandidek esli-hushli bo‘lding, kishilardek sen bilan iftixor qilolmasak-da, sen orqali xijolat chekmasligimizga ishondik…” Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar” romanida Yusufbek hoji tilidan aytilgan bu so‘zlar zamirida otaning ichki dunyosi, umidlari, orzu- havaslari, shuningdek, farzandidan mamnuniyati, “Otangga rahmat” degan ulug‘ duosi sodda tilda bayon qilingan.
Ko‘zlarni quvontiradigan farzandi ulg‘ayib, solih inson bo‘lishini istagan ota-onadan qattiq mehnat talab qilinadi. Bir niholni umid bilan ekkan kishi katta daraxt bo‘lishi uchun uni astoydil parvarishlaydi. Yovvoyi shoxchalarini olib tashlaydi, tagini yumshatadi, suv quyadi, o‘g‘it beradi. Shundagina maqsadiga yetishi mumkin. Oilada inson hayoti, ezgu an’analar davomiyligini ta’minlovchi shaxslar shakllanadi. Madaniyat, urf-odat, diniy, axloqiy, milliy qadriyatlar saqlanadi va rivojlanadi. Bo‘lajak ota-onaning sog‘-salomatligi, dinu diyonati, nasl-nasabi, odob-axloqi, moddiy va ma’naviy darajasining kafolati, turmush qurishga har tomonlama tayyor bo‘lishi, farzand ko‘rish va uning tarbiyasini to‘g‘ri tashkil eta oladigan qobiliyatga ega bo‘lishi esa mustahkam oila qurish uchun muhim asosdir.
Farzand – Yaratganning ulug‘ ne’mati, dunyo hayotining ziynati, qalb rayhonidir. Yoshlik chog‘larida ularni erkalab, ko‘nglimiz huzur topsa, katta bo‘lganida g‘amxo‘rligidan ko‘nglimiz yayraydi. Bolaga nisbatan bag‘rikenglik, mehridaryolik, fidoyilik xalqimizga xos fazilat. Ota-ona qancha mehr-muhabbat bilan ardoqlab ulg‘aytirsa-da, gohida ota-onaga musibat keltiradigan farzandlar ham uchraydi. Bunga ota-onaning tarbiyada ehtiyotsizlik, beparvolik qilgani sababdir. Bog‘bon niholni yaxshi rivojlanmagani uchun kesib, o‘rniga boshqasini ekishi mumkin. Ammo noqobil farzandni almashtirib bo‘lmaydi, faqat parvarishiga zo‘r berish kerak.
Hikoya qilishlaricha, qadimda ikki mamlakat o‘rtasida qattiq to‘qnashuv bo‘lib, biri zafar qozonadi. Bir qancha asirlar bilan yurtiga qaytib kelgan g‘olib shoh elga ziyofat beradi. Asirlarni o‘limga hukm etadi. Shun- da ulardan biri:
– Shohim, bizni o‘ldirib nima foyda ko‘rasiz, undan ko‘ra bizlardan foydalanib qoling, – deydi.
– Sendan qanday foydalanaman? – deb so‘raydi shoh.
– Shohim, har birimizning hunarimiz bor. Masalan, men har qancha otlaringiz orasidan bir ko‘z yugurtirib, eng zo‘r tulporni ajratib bera olaman, – deydi asir. Shohning amri bilan minglab ot yaylovga qo‘yib yuboriladi. Shunda asir yigit shohning eng yaxshi ko‘rgan otini uzoqdan ko‘rsatib: “Mana bu tulpor sigir suti bilan o‘smaganida yetti iqlimga nomi ketardi”, deydi. Shoh hayratlanib, otboqarni chaqirtiradi va bu otni tuqqan biya kasallanib o‘lgani, emizishga boshqa ot topilmagani sababli bir sigirni emib katta bo‘lganini bilib oladi. Shoh yigitdan buni qanday aniqlaganini so‘raydi:
– Boshqa otlar suvdan kechib, to‘g‘ri ketishdi. Bu esa ariqdan o‘tganidan so‘ng to‘xtab, orqa oyog‘ini bir silkitib qo‘ydi. Bu ishi sigirlarga xosdir, – deydi yigit. Shoh uning farosatiga, bilimiga qoyil qoladi va unga qo‘shib barcha asirlarni ozod qilib yuboradi.
Demak, onaning tabiatiga xos yaxshilik va qusurlar sut orqali farzandlarga ta’sir ko‘rsatar ekan. Shuning uchun ham soliha xotinga uylanish nikohning ilk shartlaridan hisoblanadi. Afsus, otaning farzand tarbiyasiga beparvoligi, loqaydligi, chiroyli, go‘zal axloqli qilishga, halolu haromni, savobu gunohni ajratishga ahamiyat bermasligi ham noqobil farzandlar paydo bo‘lishiga muhit yaratadi.
Xullas, ota ham, ona ham yaxshi niyat bilan farzandlar salohiyatini bosh maqsad deb bilsa va shunga yarasha harakat qilsa, go‘zal natijaga erishiladi.
Muhammadxon BADRIDDINOV,
“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi
Cavol: Kiyimimni almashtirganimda ichki qismida qon asoratini ko‘rib qoldim. Qarasam badanimda yara paydo bo‘lgan ekan. Ushbu yara qachon chiqqan, qon qachon kiyimimga tekkanini bilmayman. Shunda men necha kunlik namozlarimni qayta o‘qishim kerak?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Kiyimga qon qachon tekkanini bilmagan kishi avvalgi namozlarini qayta o‘qimaydi. Chunki najosat tekkani kiyim egasi yoki boshqa kishiga aniq ko‘rinmagunicha bu kiyim pok hukmida bo‘ladi. Shuning uchun najosat tekkani bilingan vaqtdan nopok bo‘ldi, deb hisoblanadi ("Majrol-anhur a’la Multaqol-abhur" kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.