Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yetimlarni tarbiya qilish, parvarishlashga targ‘ib qilganlar va ular himoyasining haqi to‘g‘risida ham ogohlantirganlar, o‘zlari ham bu axloqi hamidaga amal qilib, yetimlar himoyasida o‘rnak bo‘lganlar.
Ummu Saiyd binti Murradan rivoyat qilingan hadisi sharifda Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “O‘z yetimini yoki begona yetimni kafolatiga olib, agar Allohga taqvo qilsa, men bilan jannatda mana bunday bo‘ladi” dedilar va ikki (ko‘rsatgich va o‘rta) barmoqlariga ishora qildilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Musulmonlarning uylari ichida eng yaxshisi yetimga yaxshilik qilinadigan uydir. Musulmonlarning uylari ichida eng yomoni undagi yetimga yomonlik qilinadigan uydir”, dedilar. So‘ngra ikki barmoqlariga ishora qilib: “Men va yetimning kafili jannatda mana bundaymiz” dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Abu Umoma roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Alloh azza va jalla uchun bir yetimning boshini silasa, qo‘li nechta sochning ustidan o‘tsa, shuncha hasanot yoziladi. Kim o‘z huzuridagi yetim qizga yoki bolaga yaxshilik qilsa, men o‘sha odam bilan jannatda mana bunday bo‘laman” deb ikki barmoqlarini yaqinlashtirdilar (Imom Abu Dardo rivoyati).
Amr ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim ota-onadan yetim qolgan qizchani u behojat bo‘lgunicha tarbiya qilsa, unga albatta jannat vojib bo‘ladi” dedilar (Imom Buxoriy rivoyati).
Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh uchun uylarning eng yaxshisi unda izzat-ikrom qilinadigan yetim bor uydir”, deganlar (Imom Bayhaqiy, Imom Tabaroniy rivoyati).
Mulohaza qilsangiz, boshdagi sochning sanog‘i ming-minglabni tashkil etadi. Kim yetimga mehr ko‘rsatib, uning boshini silasa, o‘sha soch tolasi barobarida ajr-mukofot va’da qilinyapti. Bu albatta, yetimning boshini silaganga, ammo uning boshini silashlik bilan bir qatorda unga ta’lim-tarbiya, oziq-ovqat, kiyim-bosh, ayni paytda, boshpana bergan, umrini uning kamolga yetishiga sarf qilgan saxovatpesha insonlar oladigan ajru mukofotning hisobiga yetib bo‘lmasa kerak. Xususan, yetimparvar xonadonga berilgan bahoni Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hadisi shariflaridan o‘qib ko‘rganingizdan keyin o‘sha xonadonga muhabbatingiz, hurmatingiz oshmay qolmaydi. Chunki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dunyodagi eng yaxshi xonadon yetimi bor xonadan deb ta’rif berdilar.
Binobarin, har bir xonadon jamiyatning ana shu qatlamiga e’tibor qaratsa, qanchalar mukofotga ega bo‘lishi hadisi sharifdan ko‘rinib turibdi. Uning xonadoni xayrli xonadonga aylanishi, o‘zi esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan jannatda ikki barmoq kabi yaqin bo‘lishi uning jannati ekanligining xushxabari emasmi? Axir dunyoda yaxshi amallarni qilib, jannatda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan yonma-yon bo‘lishdan ko‘ra, yaxshiroq nima bor?! Bundan-da ziyodaroq yaxshilik qilish mumkinmi?
Ayni shu va’daga e’tiboran yetimga kafil bo‘lgan inson imon-ibodatlari bilan birgalikda jannati ekanining va’dasi berilyapti. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qiyomat kuni albatta jannat eshigi oldida turib, o‘z ummatlarini chorlashlari ayni haqiqatdir.
Abdulhay TURSUNOV,
Namangan viloyati Bosh imom-xatibi.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar», dedilar (Buxoriy, Termiziy, Ibn Moja, Ibn Hanbal rivoyat qilishgan).
Musulmon ummati tarixidagi eng yaxshi davr Rasululloh sollallohu alayhi vasallam va u zotning sahobalari yashab o‘tgan asr bo‘lib, u tarix zarvaraqlaridan «Saodat asri» degan nom bilan joy oldi. Keyingi asr to‘rt buyuk sahoba boshchiligida olib borilgan asrlarga tatigulik ishlar sababli «Roshid xalifalar davri» degan nom bilan tarix sahifalariga bitib qo‘yildi. Keyingi asr «Umaviylar asri» deya atalib, mana shu davrdan pog‘onama-pog‘ona pastlash holati kuzatildi.
Umaviylar davlati Umayya ibn Abdushshams ibn Abdumanofga nisbat beriladi.
Umayya ismli ushbu shaxs johiliyat davrida Quraysh urug‘laridan birining boshlig‘i bo‘lib, amakisi Hoshim ibn Abdumanof bilan har doim Qurayshning rahbarligini talashib kelar edi. Islom kelgach, mazkur talashuv ochiq-oydin dushmanlikka aylandi: Banu Umayya qabilasi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga, u zotning da’vatlariga qarshi turdi; Banu Hoshim qabilasi esa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga barcha ishlarda ko‘makdosh bo‘ldi, u zot sollallohu alayhi vasallamni dushmanlarning yomonliklaridan himoya qildi.
Banu Umayya odamlari Makka fathi davrida boshqa ilojlari qolmaganidan keyingina Islomni qabul qilishdi. Dastlabki asrlarda Islomda peshqadam bo‘lgan urug‘larning eng katta bobosi Abdumanof hisoblanadi.
Banu Umayya (umaviylar) tarixini buzish
Banu Umayyaning tarixi tafsilotlariga e’tibor beradigan bo‘lsak, uning buzib ko‘rsatilganligi, ularni ko‘proq qoralash holatlarini kuzatamiz. Bu ishlarning ko‘pchiligi ularning asosiy siyosiy xusumatchilari – abbosiylar tomonidan qilingan, chunki tarixga oid kitoblarning ko‘p qismi aynan abbosiylarning hukmdorlik davrida yozilgan. Shuningdek, shiy’alar, xavorijlar, tarixni yaxshi bilmay turib og‘zaki so‘zlab yuradigan omi kishilar ham Banu Umayyaning siyosiy dushmanlari hisoblanib, ular ushbu qabilaning juda ko‘p tuhmatlarga qolishiga ham sabab bo‘lgan.
Bu tuhmat va qoralashlar turli-tuman bo‘lib, asosiy e’tibor Banu Umayyaning obro‘sini to‘kadigan tarixiy hodisalarga qaratilgan, ular bo‘rttirib ko‘rsatilgan. Ushbu hodisalarni nishon qilib, ularning qadrini tushirishga olib boradigan gaplar aytilgan:
1. Banu Umayyaning ilk davrda Islomga qarshi turganlari, Islomni kechikib qabul qilganlari juda ko‘p takrorlanadi, lekin ularning Islomga kirganlaridan keyingi buyuk ishlari, jumladan, ko‘plab yurtlarni fath etishda ko‘rsatgan xizmatlari mutlaqo eslanmaydi.
2. Banu Umayya davrida sodir etilgan musibatlar bo‘rttirib gapiriladi. Karbalo voqeasi, imom Husayn va u kishining oilalarining qatl etilishi, Harra voqeasi, Madinadagi Haramni e’tiborsiz qo‘yish, manjaniq bilan Makkaga tosh otish masalalari shular jumlasidandir.
3. Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhuning qatl qilinishi, Zayd ibn Aliy ibn Husaynning qo‘zg‘aloni va u kishining qatl qilinishi, shuningdek, boshqa taraflarda sodir bo‘lgan xatolarni e’tiborga olmaslik, xalifaga qarshi chiqish, toatni buzish kabi ishlarni Banu Umayyaga katta ayb qilib, ularga qarshi keng targ‘ibot ishlari amalga oshiriladi.
4. Banu Umayyaning dushmanlari tomonidan ularning insoniy nafsidagi zaiflik nuqtalariga alohida e’tibor beriladi, Banu umayyalik ba’zi kishilardan sodir bo‘lgan xatolar bo‘rttirib gapiriladi, biroq yaxshiliklari berkitiladi. Xususan, hazrati Usmon roziyallohu anhu haqlarida bu ochiq-oydin ko‘rinadi.
5. Abu Sufyon va Muoviya roziyallohu anhumo haqlarida ham bu kabi noo‘rin gaplar nihoyatda ko‘paygan. Banu umayyalik ba’zi voliylar botil ishlarni qiluvchi mutaassiblar deya sifatlanadi. Bu Hajjoj ibn Yusuf va Ziyod ibn Abiyhlar misolida ko‘rinadi.
6. Yazid ibn Muoviya hamda Valid ibn Yazid kabi xalifalar haqida ham ularga qarshi juda bo‘lmag‘ur mish-mishlar to‘planib tarqatilgan. Aslida esa musulmonchilik odobi bo‘yicha Banu Umayya davrida roshid xalifalar davridagidan ko‘ra bir oz pastlash – sustlashish bo‘lganini eslashning o‘zi kifoya qiladi. Vaqt o‘tishi bilan xatoga yo‘l qo‘yish ham asta-sekin ko‘payib borgan. Banu Umayya davridagi musulmonlar jamiyati har jihatdan roshid xalifalar jamiyatiga yaqin bo‘lgan. Lekin qo‘lga kiritilgan o‘ljalar, mol-mulkning ko‘payishi natijasida katta-katta uylar, qasrlar qurish, shuningdek, cho‘ri tutishning ommalashganligi bor. Shu bilan birga, Banu Umayyaning juda ko‘p yaxshi fazilatlari ham bo‘lganligi bor haqiqat, lekin ularga qarshi bo‘lgan tarixchilar bu fazilatlarni e’tiborga olmaganlar, balki unutib qo‘yganlar.
Ulardan ba’zilarini aytib o‘tamiz:
1. Hazrati Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu katta sahoba bo‘lib, u kishi Xalifa Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhuga qarshi masalalarda ijtihod qilgan, faqat ijtihodi unchalik to‘g‘ri bo‘lmagan. Lekin baribir u zot odil kishilar safida qolgan. Zotan, barcha sahobalar roziyallohu anhum adolatlidirlar.
Banu Umayyaning eng katta arboblaridan biri sanalgan Marvon ibn Hakam tobe’inlarning birinchi tabaqasidan bo‘lgan. U Umar ibn Xattob roziyallohu anhu, Usmon roziyallohu anhu va boshqa katta sahobalardan hadislar rivoyat qilgan.
Yana bir Banu umayyalik Abdulloh ibn Marvon xalifa bo‘lishidan oldin ahli ilm va ahli fiqh bo‘lgan. Madinai munavvaraning katta olimlaridan hisoblangan.
Umar ibn Abdulaziz esa mujtahid imomlardan bo‘lgan. Ko‘pchilik u kishini roshid xalifalar qatorida sanaydi.
Banu Umayya qabilasining a’zolari qozilik ishlariga aralashmas edilar. Ular ko‘p joylarda ahli ilm va ahli fazllarning oldingi saflarida bo‘lganlar.
2. Banu Umayya davrida juda ko‘p buyuk islomiy fathlar bo‘lgan. Ular sharqda Xitoygacha, g‘arbda Fransiya va Andalus yurtlarigacha yetib borganlar.
3. Banu Umayya davrida Islom davlati tarixlar davomida misli ko‘rilmagan eng katta kengayishni boshidan kechirdi.
4. Banu Umayya davrida juda ko‘p qo‘riq yerlar o‘zlashtirildi, ular bog‘-rog‘larga aylantirildi, kanallar qazildi, shaharlar qurilib, obodonchilik ishlari olib borildi, atrof gullab-yashnadi, taraqqiy etdi.
Shu o‘rinda ta’kidlab aytamizki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuqoridagi «Odamlarning eng yaxshisi mening asrimdagilar, so‘ngra ularga yaqinlar, so‘ngra ularga yaqinlar» degan hadislari bejiz aytilmagan. Zero, Banu Umayya qabilasining a’zolari, rahbarlari va davlat boshliqlari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning davrlariga yaqin asrda yashab o‘tganlar.
«Islom tarixi» ikkinchi juzi asosida tayyorlandi