Yurtimizda mehmonni taomdan oldin va keyin qo‘l yuvdirish odati bor. Hatto katta to‘ylarda ham mehmonlarning qo‘liga suv qo‘yish uchun qo‘lida obdasta ko‘targan, yelkasiga sochiq tashlagan yoshlar shay turadi. Bu odat haqida keksalarimiz “Ovqatdan oldin va keyin qo‘l yuvilmasa, insonda turli kasalliklarni keltirib chiqaradiki, ba’zan bu kasallikni davosini ham topish mushkul bo‘lib qoladi”, deyishadi.
Hozirgi vaqtda taomdan oldin va keyin qo‘llarni yuvish, og‘izni chayish kabi qoidalarga ko‘pchilik rioya qiladi. Ammo turli kasalliklar poklikka be’etiborlikdan kelib chiqishini unutmasligimiz darkor.
Ovqatdan oldin qo‘l yuvish, “Bismillah”ni yodga soladi, taomga baraka kiritadi, qalbimiz ravshanlashadi, toat-ibodatga zavqimiz oshadi.
Anas ibn Molik roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Men Rasulullohning sollallohu alayhi vasallamning “Kimki Alloh uyining barakasini ko‘paytirishini xohlasa, taom hozir bo‘lganida va yig‘ishtirilganida (qo‘lini) yuvsin”, deb aytganlarini eshitganman” (Ibn Moja va Bayhaqiy rivoyati).
Abu Hurayra roziyallohu anhu Nabiy alayhissalomdan rivoyat qiladi: “Darhaqiqat, shayton o‘ta sezgir va yalovchidir. Bas, siz o‘zingizga ehtiyot bo‘ling! Kimki qo‘lida ovqat qoldig‘i qolgan holida uyquga yotsa va unga biron narsa bo‘lsa, bas, u faqat o‘zini malomat qilsin” (Termiziy va Hokim rivoyati).
Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhu rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bizning oldimizga chiqib, “Ummatim orasidagi xilol qiluvchilar qandoq ham yaxshi!” dedilar. Shunda bir kishi: “Xilol qiluvchilar kimlar, ey Rasululloh?” deb so‘radi. U zot: “Ular tahoratda va taomdan (so‘ng) xilol qiluvchilardir. Tahoratdagi xilol mazmaza, istinshoq va barmoqlar orasini xilol qilish. Taomdan (so‘ng) xilol qilish esa ovqat (qoldiqlari)dan (poklanish)dir. Zero, banda namoz o‘qiyotganida ikki farishta uchun uning tishlari orasida (qolib ketgan ovqat qoldiqlari)ni ko‘rishidan ham og‘irroq narsa yo‘q”, dedilar” (Ahmad va Tabaroniy).
Har yili gepatit va o‘tkir ichak kasalliklaridan dunyo bo‘yicha 3,5 million bola nobud bo‘ladi. Qo‘lni yuvganda sovun yoki boshqa tozalash vositasidan foydalanilsa, yanada yaxshi bo‘ladi (ayniqsa, ovqatlanishdan oldin va hojatxonadan chiqqanda). Ana shunda ichak kasalliklari 40 foizga, nafas yo‘li kasalliklari 25 foizga kamayadi.
Qo‘lni nafaqat taomdan oldin yoki keyin, balki taom tayyorlashda, uy tozalaganda, aksirganda, yo‘talganda, uy hayvonlariga ozuqa berganda, ko‘chadan kelganda va boshqa shu kabi ishlardan keyin ham yuvish foydalidir. Taomdan keyin qo‘l yuvmasdan, og‘izni chaymasdan uxlashning zararli oqibatlarini yoshlarga uqtirib borish zarur. Ayniqsa, bolalarga yoshlikdan pokizalikni targ‘ib qilib borsak, balog‘atga yetgach poklik ularning kundalik odatiga aylanadi.
Munira ABUBAKIROVA,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Termiz davlat universiteti talabalari ishtirokida markaz faoliyati va so‘nggi yillarda chop etilgan nashrlarga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.
Tadbirda universitetning Xorijiy filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari hamda talabalari ishtirok etdi. Uchrashuv davomida Termizdan yetishib chiqqan buyuk allomalarning boy ilmiy merosi, markaz tomonidan amalga oshirilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari va yangi nashr etilgan kitoblarning yoshlar ma’naviyatini yuksaltirishdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, qatnashchilar markaz kutubxonasida saqlanayotgan noyob manbalar, qo‘lyozmalar, ilmiy adabiyotlar hamda so‘nggi yillarda chop etilgan yangi asarlar bilan yaqindan tanishdilar.
Tadbir yakunida talaba-yoshlarni qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislari tomonidan batafsil javob berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati