Oila qasri, asosan, ota-ona, er-xotin va farzandlardan iborat bo‘ladi. Ularning o‘rtalaridagi munosabatlarga ham alohida e’tibor bilan yondashiladi. Ayniqsa, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi aloqalar juda muhim bo‘lib, o‘g‘il-qizlarning o‘zaro ota-onalari zimmasida muayyan haqlari bo‘lgani kabi ota-onaning ham farzandlari zimmasida bir muncha haqlari borki, ularni tez-tez eslab hayotda dastur qilib olishimiz bizlar uchun yorug‘lik, ezgulik keltiradi. Shu ma’noda hayotda yorug‘ kunlarda yashashni orzu qilgan har bir farzand Navoiy bobomizning quyidagi baytlariga goho-goho nazar tashlasin.
Boshni fido ayla ato qoshig‘a!
Jismni qil sadqa ano boshig‘a!
Tunu-kununga aylagali nur fosh!
Birisin oy ayla, birisin quyosh!
Ista ato yo‘lida fido jon qilmoq,
Qulluq anog‘a imkon qilmoq,
Zuhri adab istasang farovon qilmoq,
Bil ani ato-anog‘a ehson qilmoq.
Farzand ato qullug‘in chu odat qilg‘ay,
Ul odat ila kasbi saodat qilg‘ay,
Har kimki, atog‘a ko‘p rioyat qilg‘ay
O‘g‘lidan anga bu ish siroyat qilg‘ay
Haqiqatan ham, ota-ona o‘z farzandlarini boqib, voyaga yetkazar ekan, ularga turmush kechirishning yo‘l-yo‘riqlarini, kasb-hunarlarini o‘rgatadi. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degandek, farzandlar ham ota-ona bag‘rida o‘sib-ulg‘ayar ekanlar, ularning yurish-turishidan, gap-so‘zidan, hatti-harakatidan, kasbu-koridan ibrat olib, tajriba va hunar orttirib, “ko‘zlari pishib” boradi.
Shunga ko‘ra, bizning tug‘ilib, es-hushimizni tanishimizda, voyaga yetib, bilim va kasb egallashimizda, insoniy fazilatlar va yaxshi xulk sohibi bo‘lib yetishishimizda, hullasi jamiyatga munosib komil insonlar qatoridan joy olishimizda ota-onaning buyuk hissasi borligini xech kim inkor qila olmaydi.
Darhaqiqat, ota-onamiz bizning dunyoga kelishimizga sababchi bo‘ladi, voyaga yetishimizda ularning sa’y-harakatlari beqiyosdir. Alloh taolo barchalarimizni farzandlik burchini to‘la ado etishimizni, ota-onalarini rozi qilib, Uning rizoligiga erishuvimizni nasib etsin.
Luqmoni Hakim o‘z o‘g‘illariga qilgan nasihatlari Qur’oni karimda keltiriladi.
Nasihatning eng birinchisi – shikrdan qaytarish.
“Ey, o‘g‘ilcham! Allohga shirk keltirmagin! Chunki shirk ulkan zulmdir” (Luqmon surasi, 13-oyat).
Shirk eng og‘ir zulm, eng qabih jaholat va eng katta gunoh sanaladi.
Nasihatning ikkinchisi – ota-onaning haqqini ado etish.
“Agar ular (ya’ni ota-onang) seni o‘zing bilmagan narsalarni Menga sherik qilishga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etma! Ularga (garchi kofir bo‘lsalarda) dunyoda yaxshi muomalada bo‘lgin” (Luqmon surasi, 15-oyat).
Ota-ona hatto mushrik bo‘lsalar-da, ularga qo‘pol munosabatda bo‘lmaslik talab etiladi.
Nasihatning uchinchisi – Alloh oshkor maxfiy har bir narsa bilib turuvchi Zot.
“Ey, o‘g‘ilcham! Shubha yo‘qki, agar xantal (o‘simligining) urug‘idek (yaxshi yoki yomon amal qilinadigan) bo‘lsa, bas, u (amal) biror xarsang tosh ichida yo osmonlarda yoki yer ostida bo‘lsa, o‘shani ham Alloh keltirur. Zero, Alloh lutfli va ogoh zotdir” (Luqmon surasi, 16-oyat).
Nasihatning to‘rtinchisi – namoz, amri ma’ruf, nahyi munkar va sabr.
“Ey, o‘g‘ilcham! Namozni barkamol ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan (balolar)ga sabr qil!...” (Luqmon surasi, 17-oyat).
Nasihatning beshinchisi – ochiq yuzli, shirin so‘zli, tavoze’li bo‘lish, kibrlanmaslik.
“Odamlarga (kibrlanib) yuzingni burishtirmagin va yerda kerilib yurmagin! Chunki Alloh barcha kibrli, maqtanchoq kimsalarni suymas” (Luqmon surasi, 18-oyat).
Nasihatning oltinchisi – baqir-chaqir qilmaslik.
“(Yurganingda) o‘rtahol yurgin va ovozingni past qilgin! Chunki ovozlarning eng yoqimsizi eshaklar ovozidir” (Luqmon surasi, 19-oyat).
Davron NURMUHAMMAD