Oila qasri, asosan, ota-ona, er-xotin va farzandlardan iborat bo‘ladi. Ularning o‘rtalaridagi munosabatlarga ham alohida e’tibor bilan yondashiladi. Ayniqsa, ota-ona va farzandlar o‘rtasidagi aloqalar juda muhim bo‘lib, o‘g‘il-qizlarning o‘zaro ota-onalari zimmasida muayyan haqlari bo‘lgani kabi ota-onaning ham farzandlari zimmasida bir muncha haqlari borki, ularni tez-tez eslab hayotda dastur qilib olishimiz bizlar uchun yorug‘lik, ezgulik keltiradi. Shu ma’noda hayotda yorug‘ kunlarda yashashni orzu qilgan har bir farzand Navoiy bobomizning quyidagi baytlariga goho-goho nazar tashlasin.
Boshni fido ayla ato qoshig‘a!
Jismni qil sadqa ano boshig‘a!
Tunu-kununga aylagali nur fosh!
Birisin oy ayla, birisin quyosh!
Ista ato yo‘lida fido jon qilmoq,
Qulluq anog‘a imkon qilmoq,
Zuhri adab istasang farovon qilmoq,
Bil ani ato-anog‘a ehson qilmoq.
Farzand ato qullug‘in chu odat qilg‘ay,
Ul odat ila kasbi saodat qilg‘ay,
Har kimki, atog‘a ko‘p rioyat qilg‘ay
O‘g‘lidan anga bu ish siroyat qilg‘ay
Haqiqatan ham, ota-ona o‘z farzandlarini boqib, voyaga yetkazar ekan, ularga turmush kechirishning yo‘l-yo‘riqlarini, kasb-hunarlarini o‘rgatadi. “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” degandek, farzandlar ham ota-ona bag‘rida o‘sib-ulg‘ayar ekanlar, ularning yurish-turishidan, gap-so‘zidan, hatti-harakatidan, kasbu-koridan ibrat olib, tajriba va hunar orttirib, “ko‘zlari pishib” boradi.
Shunga ko‘ra, bizning tug‘ilib, es-hushimizni tanishimizda, voyaga yetib, bilim va kasb egallashimizda, insoniy fazilatlar va yaxshi xulk sohibi bo‘lib yetishishimizda, hullasi jamiyatga munosib komil insonlar qatoridan joy olishimizda ota-onaning buyuk hissasi borligini xech kim inkor qila olmaydi.
Darhaqiqat, ota-onamiz bizning dunyoga kelishimizga sababchi bo‘ladi, voyaga yetishimizda ularning sa’y-harakatlari beqiyosdir. Alloh taolo barchalarimizni farzandlik burchini to‘la ado etishimizni, ota-onalarini rozi qilib, Uning rizoligiga erishuvimizni nasib etsin.
Vatan – bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘i, mahallasi va qishlog‘i bilan ta’riflanadi. “Vatan” so‘zi arab tilida tug‘ilib o‘sgan joy, ona yurt ma’nosini anglatadi. Vatanga muhabbat yuksak insoniy fazilat. Bu borada: “Vatanni sevmoq iymondandir” hikmatini esga olishning o‘zi kifoyadir. Bizga ma’lumki, Vatanga bo‘lgan muhabbat joy, makon va vaqt tanlamaydi. Bu tuyg‘u inson tug‘ilishi bilan vujudga kelib, vafot etishi bilan o‘z poyoniga yetadi.
Vatanga mehr esa ona suti bilan qalbga singadi. Shu o‘rinda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Burhoniddin Marg‘iloniy, Qaffol Shoshiy, Farobiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Al-Xorazmiy, Mirzo Ulug‘bek, Ahmad Farg‘oniy kabi buyuk allomalarimiz Vatanga bo‘lgan kuchli muhabbatlari tufayli ko‘plab asarlarini yurt nomi bilan bog‘laganlari tarixdan ma’lum.
Buyuk ajdodlarimiz Najmiddin Kubro Vatan himoyachisi qanday bo‘lishiga yorqin misol bo‘la oladi. Minglab muridlarga ega bo‘lgan bu tariqat peshvosi mo‘g‘ullar bostirib kelganligidan xabar topgach, birinchilardan bo‘lib Vatan himoyasiga otlanadi. Mo‘g‘ul hukumdorlari Najmiddin Kubroning xalq orasidagi obro‘-e’tiborini ko‘rib, unga shaharni tashlab, o‘zi ixtiyor qilgan tarafga ketishini taklif qiladi. Biroq, vatanini o‘z jonidan ustun bilgan Najmiddin Kubro bosqinchilarga qarshi jangga kirishadi, lashkarlarni olg‘a chorlab borayotganida shahid bo‘ladi. Jaloliddin Manguberdining esa mohir lashkarboshiligi, jasorati va mardligi mo‘g‘ul imperiyasi hukmdori Chingizxonni lol qoldirgani tarix sahifalaridan ma’lum. U Jaloliddinning sha’niga maqtov so‘zlarini izhor etib: “Otadan dunyoda hali bunday o‘g‘il tug‘ilmagan. U sahroda sher kabi g‘olib jangchi, daryoda esa nahang (akula) kabi botirdir”, deydi va o‘g‘illariga yuzlanib: “Otaga shunday o‘g‘il zarurki, u ikki girdob – olov va suv girdobidan ozodlik maydoniga chiqa oladi”, deb ta’riflashi uning mardligini tan olganini anglatadi.
Bir so‘z bilan aytganda, ming yillar davomida yurtimizga ko‘plab bosqinchilik hujumlari bo‘lgan. Barcha zamonlarda o‘z yurti himoyasi uchun bosqinchilarga qarshi ozodlik bayrog‘ini baland ko‘targan vatanparvar yo‘lboshchilar, millat qahramonlari dushmanlar bilan tinimsiz kurash olib borgan.
Vatanni sevish uni himoya qilish savobli ish. Unga xiyonat qilish esa kechirilmaydigan katta gunoh bo‘lsa-da, ayrim kishilar o‘z vatanini tashlab o‘zga yurtlarda vatangadolik qilib yurganliklariga nima deyish mumkin.
Bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan “O‘zga yurtda shoh bo‘lguncha o‘z yurtingning gadosi bo‘l” degan hikmatli so‘zga ko‘ra, bu insonlarda na vatan, na insoniylik, na ota-onaga bo‘lgan hurmat, aka-uka, opa-singilga bo‘lgan mehr, qavmu qarindosh va qo‘ni qo‘shnichilikka nisbatan oqibatni aks etmaganini ko‘rishimiz mumkin. Ularning ayrimlari esa turli radikal diniy-ekstremistik tashkilot va oqimlarga qo‘shilib ketayotgani kishini ajablantiradi. Ular o‘zga ayrim manfaatdor yovuz kishilarning nayrangiga uchib o‘z vatanidan, oilasidan hatto ota-onasidan ham voz kechib ketmoqda… Bunday xislat insoniylik me’zoniga xam to‘g‘ri kelmaydi. Zero, inson o‘z vatani ravnaqi uchun fidoiylik ko‘rsatishi, bu yo‘lda kerak bo‘lsa, jonini ham berishga tayyor bo‘lishi lozimdir.
Donishmandlardan birining aytishicha: “Vatan bir bog‘dir, Vatanning sodiq farzandlari bu bog‘ni o‘z yurak qonlari ila sug‘armaklari darkordir”. O‘zini vatan farzandi deb hisoblovchi inson butun tanu-joni bilan yurak qoni ila vatan bog‘ini yashnatish uchun xizmat qilishi kerak. “Vatan ostonadan boshlanadi”, deganidek vatan har bir kishining qalbidan, vijdonidan boshlanadi.
Ma’rufxon Aloxodjayev,
Namangan shahar “Abdulqodir qori” jome
masjidi imom-xatibi