frontend\widgets\header\Header: Attempt to read property "fajr" on null

Fotiha – Qur’onning onasi

13.12.2017   15195   2 min.
Fotiha – Qur’onning onasi

Fotiha surasi Muhammad alayhissalomga ikki marta: Makkada Me’roj kechasida, hamda hijratlaridan keyin Madinada, qibla o‘zgartirilganda takroran nozil qilingan. Shuning uchun ham bu suraning bir nomi “as-sab’ul-masoniy”, ya’ni “ikki bor nozil qilingan yetti oyatli sura”, ham deyiladi.

Suraning o‘nga yaqin nomlari bo‘lib, ulardan eng mashhuri – “Fotiha”, ya’ni “Ochuvchi”. Qur’oni karim shu sura bilan boshlangani uchun unga mazkur nom berilgan. Ushbu surada Islom dini ko‘rsatmalarining asosini tashkil etgan oyatlar keltirilgani uchun unga “Ummul-Qur’on”, ya’ni “Qur’onning onasi” nomi ham berilgan.

Abu Said Mualla roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Mening jonim tasarrufida bo‘lgan Zotga qasamki, Tavrotda ham, Injilda ham, Zaburda ham, Furqonda ham bunga o‘xshashi tushurilmagan. U yetti takrorlanadigandir. U menga berilgan Qur’oni aziymdir”, dedilar. Bundan murod Fotiha surasidir.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Alhamdu lillahi Robbil alamiyn” Qur’onning onasidir, Kitobning onasidir va yetti takrorlanuvchidir”, dedilar.

 

Abdulloh PARPIYEV

tayyorladi.

Qur'oni karim
Boshqa maqolalar

Ot izini toy bosar

14.08.2026   39510   1 min.
Ot izini toy bosar

Bismillahir Rohmanir Rohiym

O‘g‘il har oylik maoshini onasiga topshirar, uning yuzidagi tabassumni ko‘rib, o‘zini dunyodagi eng boy inson deb hisoblardi.
Yillar o‘tib, onasi olamdan o‘tdi. Navbatdagi maoshini olgan o‘g‘il bir zum ne qilarini bilmay qoldi-yu, bir qarorga keldi: «Pullarni onamning nomidan ehson qilaman».


Shu kundan e’tiboran, u har oy masjidlarga suv kullerlari o‘rnatishni odat qildi. Namozxonlar suv ichib, onasining haqiga duo qilishlaridan qalbi taskin topardi.


Kunlardan bir kun mahalla masjidida yangi kuller o‘rnatilganini ko‘rib, «Attang, bu safar kechikdim-a», deb o‘kindi. Shunda yoniga imom kelib:


– Xayrli hadya uchun rahmat, – dedi.

– Uzr, adashdingiz, shekilli. Buni men olib kelmadim...

– Yo‘q, adashmadim. Buni sizning nomingizdan o‘g‘lingiz keltirdi.

Orqasiga o‘girilgan ota jilmayib turgan o‘g‘liga ko‘zi tushdi.

– Bolam, bunga pulni qayerdan olding? – hayajondan ko‘zlari yoshlandi otaning.

– Ota, anchadan beri menga beradigan pullaringizni yig‘ib yurgandim. Siz buvijonim uchun xayrli ish qilayotganingizni ko‘rib, men ham siz uchun shunday qilishni istadim.


Otaning ko‘zlaridan quvonch yoshlari sizib chiqdi. U o‘g‘liga nasihat qilmagan, shunchaki o‘z amali bilan namuna bo‘lgandi.


Ha, farzandlar eshitgan gaplarini unutishi mumkin, ammo ko‘rgan amallarini hech qachon unutmaydi. Bugun ota-onamizga qilgan yaxshiligimiz ertaga farzandlarimizdan albatta qaytadi.


Akbarshoh RASULOV