“Masjidul Harom”. Saudiya Arabistonining Makka shahrida joylashgan eng mo‘tabar va ulkan hamda musulmonlar ibodat qilishlari uchun barpo etilgan ilk masjiddir. Abu Zarr roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: Bir kuni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan: “Yer yuzida qurilgan ilk masjid qaysi?” deb so‘radim. “Masjidul Harom”, deya javob berdilar. “Keyin qaysi biri?” dedim. “Masjidul Aqso”, dedilar (Imom Buxoriy, Imom Muslim rivoyati).
Mazkur masjidda qon to‘kish va boshqa gunoh ishlar harom qilingani bois shunday nom bilan atalgan. Masjidning to‘qqizta minorasi (har birining balandligi 95 metr), to‘rtta bosh darvozasi, qirq bitta eshigi bor. O‘n bitta yurarzinalar orqali masjidning ikkinchi va uchinchi qavatlariga chiqiladi.
“Masjidul Aqso”. “Uzoqdagi masjid” ma’nosini anglatuvchi mazkur jome Quddusi sharifda, Sulaymon alayhissalom tomonlaridan qurilgan. Islomdan ilgari arablar, keyin musulmonlar unga qibla sifatida yuzlanib ibodat qilishgan. Hijratning ikkinchi yilida Qur’oni karim hukmi bilan musulmonlar qibla sifatida Makkadagi Ka’baga qarab namoz o‘qiy boshlashgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Faqat ushbu uch masjid sari qasd qilib yo‘lga chiqiladi: Masjidul Harom, mening masjidim va Masjidul Aqso”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
“Qubo” masjidi. Islom tarixida ilk qurilgan masjid.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Qubo masjidi qiblasi poydevoriga asos solganlar. Masjid qurilib bitkazilgach, jamoat bilan namoz o‘qishni boshlab berganlar. Qubo masjidi Madinai munavvaraning janubiy-g‘arbiy qismida, harami nabaviydan 3–5 km. uzoqlikda joylashgan.
Qubo masjidi hijriy 435 yilida Abu Ya’lo Husayniy, hijriy 555 yilida Jamoliddin Isfahoniy tomonidan yangiladi. hijriy 877 yilida Qubo masjidi minorasi qulab tushdi, hijriy 881 yilida Sulton Qaytboy Masjidi Nabaviyni ta’mirlagan paytida, Qubo masjidi minorasini ham yangiladi. Ma’lum qilinishicha, Usmoniylar hukmdori Sulton Mahmudxon hijriy 1240 yilida Qubo masjidini qaytadan ta’mirladi. Shuningdek, jomeda Usmoniylar hukmronligi tomonidan bir qancha ta’mirlash ishlari olib borildi.
Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kimki uyida tahorat olib, Qubo masjidiga borsa va unda ikki rakat namoz o‘qisa, umra qilganning ajrini oladi”, deganlar.
“Masjidun Nabaviy”. Saudiya Arabistonining Madina shahrida joylashgan. Masjid o‘rnini Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘n dinorga sotib olganlar va masjid qurilishida sahobalarga bosh bo‘lib, shaxsan o‘zlari ishtirok etganlar. Masjid binosi xom g‘ishtdan, shifti xurmo shoxi, ustunlari esa xurmo yog‘ochidan bino qilingan. Yomg‘ir yog‘sa shiftdan suv o‘tib, sajda qilgan odamning peshonasi loy bo‘lar edi. Jome keyinchalik hazrat Umar va Usmon roziyallohu anhum hamda keyingi xalifa, podshohlar tomonidan bir necha bor ta’mirlanib, kengaytirilgan.
Masjidning bir yuz besh metrli ikkita, yetmish besh metrli to‘rtta minorasi, 400dan ortiq ustuni, 6800 ta qandili, ziyoratchilarni quyoshning jazirama nurlaridan to‘sib turuvchi ochilib-yopiladigan katta soyabonlari majmuaning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shadi. Kunduzi quyosh nuridan majmua qum rangida, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning qabrlari joylashgan hujra gumbazi esa yashil rangda tovlanadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ushbu masjiddagi namoz undan boshqalardagi mingta namozdan afzaldir. Masjidul Harom bundan mustasno”, dedilar.
“Qiblatayn” masjidi. Hijratning ikkinchi yili, rajab oyining o‘rtalari, dushanba kuni edi. Rasuli akram sollallohu alayhi vasallam Bani Salama yurtida peshin namozini jamoat bilan Quddusga qarab o‘qiyotgan edilar. Namoz ichida qiblaning o‘zgargani haqida vahiy keldi. Ikkinchi rakat oxirlab qolgan edi. Musulmonlarga Makkadan Masjidi Haramga tomon qarash amri tushdi. Rasuli akram o‘sha zahotiyoq yuzlarini Quddusdan Ka’baga tomon burdilar. Jamoat ham saf bo‘lib birga burildi.
Yangi qibla tomon burilib, uchinchi va to‘rtinchi rakatlarni Masjidi Haramga qarab o‘qib, namozni tugatdilar. Shu sababdan Bani Salama masjidi ikki qiblali masjid ma’nosida “Masjidul Qiblatayn” degan nom oldi.
“Chiraman juma” jome masjidi (Hindiston). Hijriy 629 yil Molik ibn Dinor roziyallohu anhu tomonlaridan barpo etilgan. Molik ibn Dinor roziyallohu anhu Hindistonga kelgan ilk musulmonlardan hisoblanadi.
“Xuayshen” jome masjidi (Xitoy). Hijriy 630 yil Sa’d ibn Abu Vaqqos roziyallohu anhu tomonlaridan bunyod etilgan. 1695 yil qayta qurilgan.
“Kufa” jome masjidi (Iroq). VII asrda qurilgan. 2010 yil qayta ta’mirlangan.
“Uqba” jome masjidi (Tunis). Shuningdek, “Qayruan” jome masjidi nomi bilan ham mashhur. Tahminan hijriy 670 yili Uqba ibn Nafiy roziyallohu anhu tomonlaridan barpo etilgan. Masjidning minorasi bugungi kungacha yetib kelgan dunyodagi eng qadimiy minoralardan hisoblanadi.
“Aleppo” jome masjidi (Suriya). Umaviylar hukmronligi davrida VIII asrda bunyod etilgan. 2003 yil masjid hovlisi va minorasi ta’mirlangan.
“Umaviylar” jome masjidi (Suriya). Hijriy 715 yil qurilgan.
“Zaytuna” jome masjidi (Tunis). Hijriy 731 yil barpo etilgan. Mazkur jome huzurida eng qadimiy Islom universitetlaridan biri ham joylashgan. Oliygohda dunyoning turli burchaklaridan talabalar kelib tahsil olishgan.
“Sina” jome masjidi (Xitoy). Hijriy 742 yil qurilgan. Masjid Xitoy me’morchiligi asosida qad ko‘targan. Bir necha marta qayta ta’mirlangan.
“Juma” jome masjidi (Ozarboyjon). Hijriy 743 Abu Muslim rahmatullohi alayh tomonidan bunyod etilgan.
Davron NURMUHAMMAD
tayyorladi
Do‘stona va samimiy ruhda o‘tgan uchrashuvda Markaz rahbari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yurtimizda bunyod etilayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi haqida jumladan, Markaz doirasida amalga oshirilayotgan tadbirlar, barcha ilmiy va tashkiliy ishlar haqida ma’lumot berdi.
– O‘zbekiston Islom ilmi, fiqh va hadis sohasida yuksak merosga ega. Bu zaminda mashhur ulamolar, buyuk faqihlar, muhaddislar, mutafakkirlar va san’atshunoslar yetishib chiqqan, – dedi Islom uyushmasi bosh kotibi. – Ushbu merosning Islom olamidagi ahamiyati va dolzarbligini ko‘rsatishda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muhim o‘rin tutadi. Bu yurtning taniqli va mashhur allomalari tufayli Islom sivilizatsiyasining asl mohiyati xususan, insonparvarlik va bag‘rikenglik qadriyatlari bugungi kunga qadar saqlanib qolgan. Mazkur megaloyiha bu boy merosni jahon hamjamiyatiga tanitishda asosiy ahamiyatga ega. Biz Butunjahon Islom uyushmasi nomidan ushbu sa’y-harakatlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. O‘zbekiston Prezidentining madaniyat va ma’rifatga qaratgan e’tibori barcha musulmon mamlakatlar uchun namuna bo‘ladi. Markaz bilan hamkorlik qilishdan benihoyat mamnunmiz! – deya ta’kidladi Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa.
Uchrashuv davomida Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekistonda olib borilayotgan islohotlar xususan, Islom sivilizatsiyasi markazining barcha tadbirlari, rejalashtirilgan turli anjumanlarga qiziqish bildirib, bu borada olib borilayotgan ishlarni yuksak baholadi va mamnuniyat bilan e’tirof etdi. Islom sivilizatsiyasi markazining ochilish marosimi qanchalik ahamiyatli ekanligiga esa alohida to‘xtaldi. Shu o‘rinda Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so‘zlagan nutqidan quyidagi iqtiboslarni keltirdi: “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz. Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Islom dini bizni ezgulik va tinchlikka, asl insoniy fazilatlarni asrab-avaylashga da’vat etadi. Islom sivilizatsiyasi markazining faoliyati ham shu maqsadga xizmat qiladi”. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa O‘zbekiston Prezidenti tomonidan BMT minbaridan turib ilgari surilgan mazkur ulkan tashabbus Butunjahon Islom uyushmasi nomidan qo‘llab-quvvatlashini ta’kidlab o‘tdi.
Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Markaz tarkibida Arab-islom xattotlik maktabini ochish yo‘lga qo‘yilganini ma’lum qildi. Shayx Muhammad Abdulkarim Al-Issa ushbu loyihani to‘la-to‘kis qo‘llab-quvvatladi:
– Yangi O‘zbekiston loyihasi bo‘lmish bu xattotlik maktabi orqali Qur’oni karimning har bir surasini maxsus arab xatida, bezaklar bilan boyitilgan tarzda qo‘lda ko‘chirish maqsadga muvofiq, – deya taklif qildi Bosh kotib, – O‘zbekistondagi bo‘lajak Arab-islom xattotlik maktabi faoliyatini yo‘lga qo‘yishda, shuningdek, jahon miqyosida mashhur bo‘lgan katta tajribaga ega xattotlarni ushbu markazga jalb etish, xattotlarning ish faoliyati samarali bo‘lishi uchun ularni rag‘batlantirish va umuman maktab faoliyatini rivojlantirishda astoydil hamkorlik qilishga tayyormiz.
Delegatsiya a’zolari Makka shahrida joylashgan Hiro madaniyat dahasi, Vahiy muzeyi, “Burj as-sa’a” minorasida joylashgan shu nomdagi muzey, Ka’ba kisvasi uchun qirol Abdulaziz majmuasi va Madina shahridagi “Bo‘ston” muzeyi, Payg‘ambarimiz (s.a.v) siyratlari va Islom sivilizatsiyasi muzeyi, Jidda shahridagi Islom san’ati muzeyi va kutubxonasiga tashrif buyurdi va hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib bordi.
Bundan tashqari, Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi a’zolari muzey va kutubxonalarga qilgan tashriflari jarayonida Payg‘ambarimizning faoliyat va turmush tarzlarini ifodalovchi videolavhalar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga taqdim etilishi masalasini ham ko‘rib chiqishdi.
Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan Samarqandda yangidan bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi ziyoratchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish masalasida ham fikr almashildi. Bu borada Saudiya Arabistoni tajribasidan foydalanish maqsadida Butunjahon Islom uyushmasi Tadbirlar va konferensiyalar bo‘limi boshlig‘i Shokir Saloh al-Advaniy bilan muloqot o‘tkazildi. Muloqot davomida Islom uyushmasi vakili bu masalada Saudiya Arabistonining yetakchi tashkilotlaridan biri “Ilm” kompaniyasi ko‘mak berishini bildirdi. Keyingi muhokamalar videokonferensiya shaklida davom ettirilishiga kelishib olindi.