Rabiul avval, ya’ni Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam tug‘ilgan oyning oxirgi kunlarida turibmiz. Shu munosabat bilan e’tiboringizga Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning salomatlikka oid sunnatlarini havola etamiz:
Erta turish. Nabiy alayhissalomning erta turish odati bo‘lgan, azon vaqtida uyg‘onganlar. Albatta, erta turish kun bo‘yi insonga tetiklik hamda ishchanlik qobiliyatlarini beradi. Hamda aqliy faoliyatni yaxshilaydi. Ba’zilar uchun erta turish qiyin tuyulishi yoki iloji yo‘qdek ko‘rinishi mumkin. Lekin bu odatni kichik qadamlar bilan shakllantirish mumkin. Bu esa hayotni sezilarli darajada yaxshilashi isbotlangan.
Me’yorida ovqatlanish. Me’yorida ovqatlanish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning sunnatlaridandir. Yillar davomida bir emas, bir necha tekshiruvlarning natijasi me’yorida ovqatlanish ko‘plab kasalliklarning oldini olishini tasdiqlagan. Inson to‘yib emas, balki 80 foiz to‘yguniga qadar ovqatlangani ma’qul.
Suv iste’mol qilish. Hadisi sharifda suvni katta emas, kichik ho‘plamlar bilan ichishga chorlanadi. Aks holda katta ho‘plab ichishdan jigar shikastlanishi mumkin deyiladi. Bu Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning suv ichishdagi sunnatlaridandir. Bugungi kunda ilmiy tadqiqotlar ham shuni ta’kidlaydiki, qisqa vaqt ichida, birdaniga ko‘p miqdorda suv ichish jigarni zararlashga olib keladi.
Ro‘za. Ilmiy tajribalar shuni ko‘rsatadiki, faqat yeguliklarning o‘zi emas, balki uni tanovvul qilish vaqti ham inson organizmiga ta’sir ko‘rsatadi. Ro‘za tutish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning doimiy odatlari bo‘lgan. Bu ishni faqat Ramazon oyida qilmaganlar. Inson qanchalik kam ovqat yesa, uning organizmi hazm qilishga shunchalik kam kuch sarflaydi.
Xurmo. Xurmo – shunday mevaki, o‘zida bir necha foydali elementlarni jamlaydi. To‘g‘ri ovqatlanish tarzini yo‘lga qo‘ygan insonlar, albatta, bunday foydali mahsulotlar haqida biladilar. Xurmo esa ulardan biridir. Ushbu meva inson organizmida qand darajasini normallashtiradi. Qondagi xolesterin miqdorini kamaytiradi, yurak bilan bog‘liq muammolarning oldini oladi.
Doimiy harakatda bo‘lish (faollik). Islomning 5 arkonlarining 3 tasi jismoniy faollikni talab etadi. Namoz – birinchi navbatdagi jismoniy harakat ko‘rinishidir, hajga borish hamda ro‘za tutish ham ana shular jumlasidandir. Payg‘ambarimiz doimiy harakatda bo‘lganlar hamda salomatligini mustahkamlash maqsadida suzish, chavandozlik, merganlik kabilar bilan shug‘ullanganlar.
Albatta, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari salomatlik borasidagi muhim tavsiyalardir.
Shahzoda ABDUMAJIDOVA,
Toshkent islom universiteti talabasi
“Musulmon banda tahorat olganida tana a’zolari poklanishidan tashqari gunohlari ham kechiriladi”, deb eshitganmiz. Bunga dalil bo‘luvchi hadislar bor-mi?
Usmon ibn Affon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim tahoratni mukammal ado etsa, gunohlari tanasidan, hatto tirnoqlari ostidan chiqib ketadi”, deganlar (Imom Muslim, Imom Nasoiy, Imom Ahmad, Imom Tabaroniy, Imom Bayhaqiy rivoyati).
Odatda, ochiq a’zolardagi kirlar yopiq turgan yoki tirnoq ostida yig‘ilgan kirlarga nisbatan oson poklanadi. Tirnoq ostidagi kirlarni tozalash uchun alohida e’tibor talab etiladi. Bu yerda banda tirnog‘i ostidagi gunohlar ham kechirilishi aytilmoqda. Bu esa tahorat sababidan Alloh va banda o‘rtasidagi kichik gunohlarning birontasi ham qolmay kechirilishiga dalolat qiladi.
Abu Umoma roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar musulmon banda tahorat qilsa, gunohlari qulog‘idan, ko‘zidan, ikki qo‘lidan, ikki oyog‘idan chiqib ketadi. Agar o‘tirsa, gunohlari kechirilgan holda o‘tiradi” (Imom Ahmad, Imom Tabaroniy “Avsat”da va Imom Bayhaqiy rivoyati).
Banda tahoratini risoladagidek bajarsa, qulog‘i, ko‘zi, qo‘li va oyog‘i sodir etgan gunohlari kechiriladi. Agar u tahorat qilib bo‘lsa, bironta ham gunohi qolmaydi.
Abdulloh Sunobihiy roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: “Agar mo‘min banda tahorat qilib, og‘zini chaysa, og‘zidan gunohlari chiqib ketadi. Agar burniga suv olib qoqsa, burnidan gunohlari chiqib ketadi. Agar yuzini yuvsa, yuzidan, hatto ikki ko‘zining chetidan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki qo‘lini yuvsa, qo‘lidan, hatto qo‘lining tirnoqlari tagidan gunohlari chiqib ketadi. Agar boshiga mas'h tortsa, boshidan, hatto ikki qulog‘idan gunohlari chiqib ketadi. Agar ikki oyog‘ini yuvsa, oyog‘idan, hatto oyog‘ining tirnoqlari ostidan gunohlari chiqib ketadi. So‘ngra masjidga borishi, (o‘qigan) namozi unga qo‘shimcha (savob) bo‘ladi” (Imom Nasoiy, Imom Ibn Moja, Imom Molik, Imom Ahmad, Imom Hokim rivoyati).
Ma’lumki, tahorat bilan namoz banda gunohlariga kafforat bo‘ladi. Agar tahoratni mukammal qilib, xushu bilan namoz o‘qilsa, bu namoz orqali banda ko‘p ajrlarga erishadi.